Ular taqdim etayotgan yumorning o‘ziga xos tagma'nosi bo‘lib, o‘zida jamiyatning og‘riqli muammolarini aks ettiradi. Ular «Odamlar nima deydi?» stereotipini «sindirgan» qizlar sifatida ham boshqalardan farqlidirlar. Suhbatni to‘liq ko‘rgach, bunga amin bo‘lasiz.
«Asl kasbim dirijyor»
Nigora Abdullaxonova, aktrisa, vayner, teleboshlovchi, «Afandining qizlari» rezidenti:
«San'at institutida dirijyorlik bo‘yicha tahsil olganman. O‘qish davomida fortepiano chalish, vokal, sahna nutqi, aktyorlik mahoratini ham o‘rgatishadi. Ma'lum muddat xonandalik ham qilganman. Boshlovchi sifatida ham faoliyat yuritdim. Instagram'da meni ko‘rib qolishib, MilliyTV telekanaliga taklif qilishgan. Bolaligimdan ma'lum mavzuda maqola yozishga qiziqish va qobiliyatim bo‘lgan. O‘sha paytda bu jurnalistika sohasi ekanligini tushunmaganman. Bu yo‘nalishda o‘zim o‘rganishga harakat qilganman.
Uspenskiy nomidagi musiqa maktabida o‘qiganman. Dirijyorlik yo‘nalishini tanlashimga o‘sha yerdagi o‘qituvchim sababchi bo‘lgan. Ustozim oyog‘ida nuqsoni bo‘lgani uchun dirijyorlik kasbini egallay olmaganini aytib bergandilar. Ularni juda yaxshi ko‘rganim, hurmat qilganim uchun shu kasbni egallaganman va bu meni ustozimga hadya qilgan sovg‘amdir.
Biz guruh bo‘lib vaynlar chiqarganimizda ko‘pchilik tanishlarim, hamkasblarim buni qabul qilisholmadi. Ayniqsa, boshlovchi hamkacblarim qoshimizni qalin bo‘yab vaynlar chiqarganimizda, «Nima qilyapsan, senga bu nima uchun kerak, o‘zingning yetarli auditoriyang bor, nima xohlayotganingni tushunmayapmiz», deb gapirishdi. Bir necha oy qabul qilisholmadi. O‘zi aslida kimningdir fikriga quloq solib ish qilish kerakmas. Sizga nimadir yoqmayaptimi qilaverish kerak.
Kollejda vokal bo‘yicha tahsil olganman. Mashhur bastakor Dilorom Omonullayevaning qo‘lida tahsil olganman. Xonandalik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganman. Bitta qo‘shiqni kuylab chiqardim. Shu bilan faoliyatimni to‘xtatdim. Bir necha yil davomida shou-biznesdan uzoqlashdim. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Taqdir taqozosi bilan baribir san'atga qaytib keldim.
«Ona rolini o‘ynaganim uchun yoshimni ancha katta deb o‘ylashadi»
Muborak Abdullayeva, aktrisa, vayner, «Afandining qizlari» rezidenti:
«Instagram'dagi kuzatuvchilarim yoshimni katta deb o‘ylashadi. Obunachilarimga yoshimni har doim aytganman. Chunki yoshim katta emas, 23 yoshda. O‘ynayotgan obrazlarimda yoshi katta ayollarni gavdalantirganim uchun shunday deb o‘ylashadi.
Hozir O‘zbekiston Davlat Xoreografiya Akademiyasi «San'at nazariyasi va tarixi» yo‘nalishida o‘qiyman. Bundan oldin Toshkent madaniyat kollejida drama teatri aktyorligi yo‘nalishida tahsil olganman. San'at institutiga aktyorlik yo‘nalishiga o‘qishga kirolmaganman. San'at tarixi va nazariyasi yo‘nalishida dugonalarim o‘qishardi. Ularning darslarida qatnashganman. U yerda san'atning barcha turlari umumiy tarzda o‘qitiladi. Bu joyga o‘qishga kirganimda ozroq afsuslanganday bo‘ldim. Chunki drama teatri aktyorligi muhitini juda sog‘inaman. Masalan, Madaniyat institutida bu muhit bor. Men o‘qiydigan oliygohda esa faqat nazariya bor».
«San'atga kirib kelishimga afsonaviy Maykl Jyekson sababchi bo‘lgan»
Nigina Jabborova, teatr aktrisasi, vayner, «Afandining qizlari» rezidenti:
«San'at oliygohida tahsil olmaganman. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlaganman. Oilamizda san'atkorlar yo‘q. Bolaligimizdan ota-onam gumanitar, aniq fanlarga tayyorlab kelishgan. San'atga bolaligimdan qiziqqanman. Afsonaviy Maykl Jyekson meni ilhomlantirgan. Uning aktyorlik mahoratini ko‘rib qiziqishim kuchaygan. Pianino chalish va san'atning boshqa turlari bilan shug‘ullanishni xohlardim. Lekin meni har doim aniq fanlarga yo‘naltirishardi.
Maktabni tugatganimdan keyin san'atga bo‘lgan intilishim yanada kuchaygan. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qoshidagi litseyda o‘qirdim. O‘sha paytda «Ilhom» teatri haqida bilib qolganman. Litseyni tugatganimdan keyin san'at oliygohiga hujjat topshiraman, deb qaror qilganman. Ammo qattiq adashibman. Litsey diplomimni olib, san'at institutiga hujjat topshirdim, to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinganman. Bu haqda rahmatli dadam bilib qolib, hujjatlarimni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga olib borganlar. U yerda 1 yil o‘qidim. Shu davrda 6 oy «Diydor» teatr studiyasiga drama maktabida rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev qo‘lida tahsil oldim.
2-kursda esa «Ilhom» teatrining drama maktabida tahsil oldim. U yerda 3 yil davomida o‘qib, amaliyot o‘tab, keyin teatr aktrisaligi faoliyatimni boshladim. Iqtisodiyot universitetida o‘qishimni tamomladim. Bu o‘qish ota-onam uchun, san'at esa o‘zim uchun».
«San'atkor bo‘lish uchun ta'lim, albatta, kerak»
Muborak Abdullayeva, aktrisa, vayner, «Afandining qizlari» rezidenti:
«San'atkor bo‘lish uchun o‘qish kerak. «Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alaydi». Ustoz ko‘rgan san'atkor bilan ko‘rmagani o‘rtasida o‘zini tutishida farq katta bo‘ladi. San'atda mening ham ustozim bor. O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilovni ustozim deb bilaman. 5-sinfda o‘qib yurgan vaqtlarimda onam meni «O‘zbekfilm»ga olib borgan.
Birinchi o‘zim borganman, keyingi safar meni olib borishlarini xohlaganman. Onam va boshqalarni bunga majburlaganman. Qiz bola bo‘lganim uchun san'at yo‘lidan ketishimni xohlashmagan. Mayli, borsin, keyin qiziqishi qolib ketadi, deb o‘ylashgan va keyin Erkin Komilov qo‘lida tahsil oldim. 2 yil davomida san'at saboqlarini o‘rgandim. Maktabdan zerikib, «O‘zbekfilm»ga borgim kelaverardi. Chunki u yerda o‘zgacha ilohiy his bo‘lgan. Ustoz Erkin Komilovning har bir aytgan gapiga angrayib qarab turardim. O‘sha payti aytgan gaplariga tushunmagan bo‘lsam, hozirga kelib tushunib yetyapman».
«San'atni tanlashimga onam qattiq qarshi bo‘lgan»
Nigina Jabborova, teatr aktrisasi, vayner, «Afandining qizlari» rezidenti:
«Kinoga qiziqish menda unchalik ham kuchlimas. Suratga olish jarayoni qanday bo‘larkin, deb qiziqib ko‘rganman. Asosiy e'tiborim teatrga qaratilgan. O‘ylaymanki, teatrda aktrisa bo‘lib tug‘ilganman va aktrisa bo‘lib o‘lsam kerak. Teatrda siz dublsiz o‘ynaysiz. U yerda aytadigan gapingiz esdan chiqsa, improvizatsiya qilishingizga to‘g‘ri keladi. Teatrda yashaysiz, his qilayotgan har bir tuyg‘ungizni eslab qolishga harakat qilasiz.
San'atni tanlashimga onam 5 yil davomida qattiq qarshi bo‘lgan. Iqtisodiyot universitetida akademik ta'til olganimdan keyin meni o‘qishdan chetlatishgan. Chunki 2 yil ketma-ket akademik ta'til berilmaydi. O‘ylamasdan hujjatlarimni olib chiqib ketganman. Shundan keyin onam qarshilik qildi bunga. «Ilhom» teatrida «Belyy belyy chernyy aist» spektaklida rol ijro etganman. Onamning shu spektaklga kirishini 1,5 yil yalinib so‘raganman.
Shu spektakldan keyin onam badiiy rahbarimiz Boris G‘ofurovni ko‘rib qolgan. U inson onamni ko‘rib shunday qiz tarbiyalaganingiz uchun rahmat, deb minnatdorchilik bildirgan. Shundan keyin onam san'at yo‘lidan ketishimga ruxsat bergan».
«Ilgarilari san'atga san'at deb qaralgan, shou-biznes emas»
Nigora Abdullaxonova, aktrisa, vayner, teleboshlovchi, «Afandining qizlari» rezidenti:
«San'at ichida unga aloqador bo‘lmaganlar ham borligi juda achinarli holat. Oldin san'atga san'at deb qaralgan, shou-biznes emas. Ijodkorlar seriallarni tezroq olib tezroq foyda ko‘rishni o‘ylayapti. Haqiqiy ijodkorlarga sharoit yaratish kerak. Kino yoki serialni suratga olayotganda guruh bo‘lib ishlanadi. Har bir odamning o‘z vazifasi bo‘lishi kerak. Ssenariy qani desangiz, yo‘q.
Hozir xalq bor mablag‘iga yarasha olinayotgan videomahsulotlarni ko‘rishyapti. Ssenariyni bir kishi yozishi xato, deb o‘ylayman. Butun bir serialni asosan bitta ssenarist yozadi. Bu xato, bir kishiga og‘irlik qiladi. Masalan, turk seriallarida bitta serial ustida bir nechta odam ishlaydi. Har 2-3 nafar ssenarist bittadan voqealar rivojini olib boradi. Bir nechta guruhlar shunday faoliyat olib borishadi. Ular ma'lum vaqtda voqealar rivoji o‘zaro kesishganda, umumiy kelishib, yana o‘z yo‘nalishida davom etishadi.
«Professional ijodkorlar ham o‘z qolipiga tushib olishadi va oxirigacha shunday qolishadi»
Nigina Jabborova, teatr aktrisasi, vayner, «Afandining qizlari» rezidenti:
«Bizda o‘z ustida ishlash, degan tushuncha yo‘q, o‘z sohasining cho‘qqisiga yetib borganda, o‘shanda to‘xtaydi. Undan ortiqrog‘iga kuchi yetmaydi yoki dangasalik qiladi. Bu nafaqat kino olamida, balki teatrda ham bor. Professional aktyorlarda ham shu kayfiyat hukmron. Bitta qolipga tushib olishadi va faoliyatining oxirigacha shu qolipda qolib ketadi.
Afsuski, ijod olamiga aktyorlik mahorati nimaligini, uning tagida qanday mazmun yotganini bilmaydiganlar kirib qolgan. Bizda san'at institutida bizni bunga o‘rgatishmaydi. Birinchi kursdan borganingizdan referatlar yozdirishadi. «Ilhom» teatri drama maktabini tugatganimdan keyin San'at va madaniyat institutiga qo‘shimcha kontrakt-to‘lov asosida kirganman. Birinchi kursdan boshlab auditoriyada o‘tirib, aktyorlik mahorati haqida referat to‘ldirib o‘tirishimni talab qilishdi.
Bu holatni hech qanday sog‘lom aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Men aktrisa bo‘lmoqchiman va amaliy darslar orqaligina bu sohani o‘rganishim mumkinligini nahotki ular tushunmasa?»
Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchilar: Abduqodir To‘lqinov, Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi: Mirvohid Mirrahimov.