Norvegiyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash taklif etildi

Jahon 19:31 / 24.10.2024 1231

Norvegiya bosh vazir Yonas Gar Styore mamlakat hukumati 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Verdens Gang (VG) nashri xabar berdi.

Hukumat hozirda 13 yoshdan boshlab ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga ruxsat beradigan qonunni o‘zgartirmoqchi. Shuningdek, rasmiylar ijtimoiy tarmoqlarga shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlashga rozi bo‘lgan foydalanuvchilarning yoshini tekshirish majburiyatini yuklash bo‘yicha tuzatishni qabul qilish niyatida.

Norvegiya hukumati rahbarining ma’lum qilishicha, bu «oson kurash» bo‘lmaydi, ammo uning so‘zlariga ko‘ra, «bolalar ijtimoiy tarmoqlardagi zararli kontentlardan himoyalanishi kerak». Styorening qo‘shimcha qilishicha, yirik texnologik kompaniyalar «yosh bolalarning miyasi rivojlanishiga qarshi».

Norvegiya bosh vaziri bu haqida ijtimoiy tarmoqlarda yosh chegarasini joriy etish tarafdorlari bo‘lgan Stavangerdagi ota-onalar guruhi bilan muloqotda ma’lum qilgan. VG’ning yozishicha, 2023 yilning bahorida guruh vakili 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi petitsiyani ishga tushirgan — unga 11 mingdan ortiq odam imzo chekkan.

Bolalar va oila ishlari bo‘yicha vazir Kersti Toppening ta’kidlashicha, ota-onalar o‘z farzandlari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi mumkinligiga ruxsat berishlari mumkin.

Norvegiya OAV boshqarmasi tadqiqotlariga ko‘ra, mamlakatdagi aksariyat bolalar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha amalda mavjud 13 yoshgacha bo‘lgan cheklovga rioya qilmaydi. 122 ta maktabda o‘qiydigan 3 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalarida keltirilishicha, 9 yoshli bolalarning 53 foizi, 10 yoshlilarning 58 foizi, 11 yoshli bolalarning esa 72 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi.

The Guardian’ning yozishicha, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha yosh chegarasini Avstraliya hukumati ham joriy etish niyatida. Cheklovlar 14-16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga taalluqli bo‘ladi. Fransiya esa 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning maktabda telefondan foydalanishini taqiqlovchi tajribani sinovdan o‘tkazmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: