Xitoyning BYD konglomerati avtomobil tashishga mo‘ljallangan dunyodagi eng katta kema — Shenzhen’ni suvga tushirdi. Shanxay shimoli-g‘arbidagi portdan harakatini boshlagan kema kompaniya asos solingan shahar sharafiga nomlangan, deb xabar beradi Car News China.
Qayd etilishicha, kemaning uzunligi 219 metrni, eni esa 37,7 metrni tashkil etadi. U bir vaqtning o‘zida 9,2 ming donagacha avtomobilni tashiy oladi.
Shenjenda joylashgan avtomobil ishlab chiqaruvchi o‘zining transport vositalarini tashiydigan BYD Explorer kemasini 2024 yil yanvarda suvga tushirgandi. Uning ortida 2024 yil dekabrda BYD Changzhou foydalanishga topshirildi va u bortida 5 mingta elektromobil bilan Yevropaga yo‘l oldi. 2025 yil boshida BYD 7 ming avtomobil sig‘adigan BYD Hefei tashuvchisini taqdim etgandi.
BYD Shenzhen konsernning avtomobillarni tashishga mo‘ljallangan to‘rtinchi yirik kemasi hisoblanadi. Kompaniya rejalariga ko‘ra, 2026 yilga borib uning ixtiyoridagi bu turdagi kemalar soni sakkiztani tashkil etishi kerak.
BYDʼning ta’kidlashicha, Shenzhen avtomobillarni tashishga mo‘ljallangan dunyodagi eng ekologik toza kema hisoblanadi. U bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi, suyultirilgan gaz va an’anaviy dengiz yonilg‘isida ishlay oladi. Shuningdek, Shenzhen BYDʼning o‘ziga tegishli akkumulyatorlar bilan jihozlangan. Kompaniya uning tafsilotlarini oshkor etmadi, ammo taxminlarga ko‘ra, ushbu akkumulyatorlar yonilg‘i sarfini kamaytirish uchun xizmat qiladi.
BYD 2024 yilda 417 mingdan ziyod avtomobilini eksport qilgan — bu undan oldingi yilga nisbatan 71,9 foizga ko‘p. O‘tgan yili kompaniya butun dunyo bo‘ylab 4,25 million dona yengil avtomobil sotgan. Hozirda kompaniya savdolarining qariyb 10 foizi eksport hisobiga to‘g‘ri keladi.