Buyuk Britaniyada 16 yoshdan kichik bo‘lganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga taqiq o‘rnatilishi mumkin. Bu haqda mamlakat texnologiya vaziri Piter Kaylga tayanib, BBC xabar berdi.
Today dasturi davomida vazir internet foydalanuvchilari, xususan, bolalarning xavfsizligini ta’minlash uchun «barcha ishni qilishini» bildirdi. Shuningdek, u smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga ta’sirini o‘rganadigan tadqiqotlar davom ettirilishini ma’lum qildi. Kaylning ta’kidlashicha, ayni vaqtda bu borada «ishonchli va ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilgan dalillar yo‘q».
Kayl o‘zining ustuvor maqsadlarini Internet xavfsizlik to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, qo‘shimcha vakolatlarni o‘z zimmasiga olgan Ofcom regulyatoriga yo‘llagan «strategik niyat maktubi»da bayon qilgan. Molli Rouz fondi mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, «Ofcom yanada jasoratli bo‘lishi kerakligi»ni ta’kidladi.
«Bizning tadqiqotimiz aniq. Jamoatchilik va ota-onalar texnologik kompaniyalarga g‘amxo‘rlik burchini yuklaydigan qonunning yangilanishini qo‘llab-quvvatlaydi va bosh vazir yakuniga yetmagan mazkur ishni oxirigacha olib borish uchun tez hamda keskin harakat qilishi kerak», — deyiladi xabarda.
Freeths yuridik firmasi vakili Ion Silverman ijtimoiy tarmoqlarning taqiqlanishini «muammolar dengizidan tomchi» deb atab, o‘smirlar internet materiallariga kirishning boshqa usullarini topishini ma’lum qildi. «Hukumat keng ko‘lamda fikrlashi kerak: bu madaniy turtki talab qiladigan muammo, shuningdek, qonunchiligimiz ham texnologiyalardan ortda qolmay, ulardan bir qadam oldinda yurishi kerak», — deydi u.
Avvalroq Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore mamlakat hukumati 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Hukumat rahbarining aytishicha, bu «oson kurash» bo‘lmaydi, ammo «bolalar ijtimoiy tarmoqlardagi zararli kontentlardan himoyalanishi kerak».
O‘z navbatida Asvtraliyada ham 16 yoshgacha bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Hukumat qonun loyihasini ishlab chiqishda nafaqat ota-onalar, pedagoglar, bola tarbiyasi bo‘yicha mutaxassislar bilan, balki platformalar bilan ham maslahat qilgan.