Termizda ta'mirlash 2019 yilda boshlangan shohko‘chada ishlar hanuzgacha chala yotgani aytilmoqda

Jamiyat 10:55 / 31.10.2021 805

Ijtimoiy tarmoqlarda Termiz shahar Alisher Navoiy shohko‘chasini ta'mirlash ishlari 2019 yilda boshlangani, biroq hanuzgacha tugatilmagani aytilgan xabarlar tarqaldi. Termiz shahar hokimligi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, prezidentning 2021 yil 2 apreldagi «Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi» PQ-5048-sonli qaroriga asosan Termiz shahrining A.Navoiy ko‘chasini rekonstruksiya ta'mirlash ishlariga 2021 yilda 7,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilib tender o‘tkazilgan.

Tender savdolarida g‘olib deb topilgan «Termiz Tezkor Qurilish» korxonasi tomonidan ta'mirlash ishlari belgilangan. Ammo bitum mahsuloti bo‘lmagani uchun ishlar to‘xtab qolgan.

«Bugungi kungacha asfalt-beton yotqizish ishlari vaqtincha to‘xtab qolganining sababi ushbu ko‘chaga ajratilgan bitum mahsuloti yo‘qligi bois boshlanmagan edi. 30 oktyabr kuni Alisher Navoiy ko‘chasini rekonstruksiya qilish ishlari boshlanganini ma'lum qilamiz», deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining 20-21 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev yaqin 3 yil ichida O‘zbekistondagi barcha tuproq yo‘llar asfaltlanishi, 4 yildan so‘ng esa ta'mirtalab yo‘llar qolmasligini ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: