Javlon Jovliyevning «Qo‘rqma» asarini ko‘plab yoshlar o‘qib chiqdi, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qildi. Yozuvchi asarlar yozish bilan bir qatorda Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyida tayanch doktorant bo‘lib, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanadi. «Optimist» loyihasi doirasida yosh yozuvchi bilan romanning yozilish tarixi, yangi yozayotgan asari va ijtimoiy muammolar xususida suhbatlashdik. Quyida suhbatni yozuvchi tilidan o‘qiysiz.
«Dadamni kitoblardan qizg‘anardik...»
«Hayot tanlovlardan iborat ekanini erta anglab yetganmiz. Otam uyimizdan 100-200 metr uzoqlikdagi qishloq idorasida ishlardi. Sog‘ingan paytimiz borib otam o‘tiradigan xonaning derazasidan qarab turardik. Uning ish stolida doim kitob ko‘rinardi, uyga kelganda ham kitobi bo‘lardi. Otam nimaga farzandlaridan ham ko‘proq kitobni yaxshi ko‘radi, unda nima yozilgan ekan deb qiziqar, dadamni kitobdan qizg‘anardik. Kitoblar kirill yozuvida bo‘lgani uchun o‘qiy olmasdim, lekin tezroq ularni o‘qishni xohlardim. Keyinroq men ham mol boqishga-da o‘zim bilan kitob olib yuradigan bo‘ldim.
O‘ylab ko‘rsam, kitob o‘qish ham bir mehnat ekan. Xuddi mashina haydash, dutor chalishni o‘rgangan kabi kitobxon bo‘lish uchun ham yillar, zahmatlar kerak ekan. Har kim ham kitobxon bo‘la olmaskan».
«Qishloqda qolib ketmaslikni xohlardik»
«Qishda loy kechib, uzoq masofaga qo‘shimcha darsga qatnardik. Darvozadan uyog‘i qorong‘i dala bo‘lardi. Sahar darsga borish uchun chiqib ketib, qorong‘ida qaytib kelardik. Umuman asfalt ko‘rmagan ko‘chalardan, dashtlardan o‘tardik. Lekin o‘sha kunlarni og‘ir deb eslamayman, sababi kelajakka umid va ishonch bor edi. Qishloqda qolib ketmaslikni, undan ketib shaharga borib o‘qishni xohlardim. Keyinchalik hayotim adabiyot bilan bog‘landi. Anglab yetdimki, adabiyotni tanlasam, boshqa narsaga chalg‘imay asosiy kuchimni, vaqtimni unga bag‘ishlashim kerak ekan».
«Qo‘rqma» g‘oyasining paydo bo‘lishi
«Talabalar yotoqxonasida yashab yurgan paytlarim talabalar ahvolining nochorligi, ularning kelajakka ishonchi past ekanligi, oliy ta'lim tizimidagi kamchiliklarni ko‘rib, bir asar yozish fikriga keldim. O‘sha paytlari 2016 yilda Germaniyada ta'lim olgan o‘zbek talabalari haqida o‘qib qoldim va o‘sha kecha uxlay olmadim. O‘zimni taftish qilib nima uchun o‘qiyotganim haqida savol bera boshladim.
Shunday qilib «Qo‘rqma» romanini yozishga qaror qildim. Uni yozish uchun tarixchi olimlarning maqolalarini, Istanbul, Germaniya arxivlarining ma'lumotlarini o‘rgandim va katta ma'lumotlar bazasi paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng bir necha yil asarni yozish bilan band bo‘ldim.
Asarni yozish jarayonida o‘n sakkiz soatlab ishlagan paytlarim bo‘ldi. Asarni yozayotgan paytimda to‘yim bo‘ldi. To‘ydan bir hafta oldin ham yozish bilan band edim. Uni tugatgach, ijtimoiy tarmoqdagi sahifamga asar yozganim haqida post qo‘ydim. Asaxiy.uz asoschisi Feruz Allayev men bilan bog‘lanib, asar bilan tanishib chiqishni so‘radi. Bu nashriyotga kitobimning yoqishi ham men uchun katta marra edi, sababi ularda kuchli tahrirchilardan iborat alohida jamoa bor. «Qo‘rqma» chop etilgach, menga kutilmagan muvaffaqiyat olib keldi. Shu asar sabab ijtimoiy tarmoqlar orqali minglab xatlar oldim.
«Qishloqlarda otasiz avlod paydo bo‘ldi»
«Yozuvchi erkin bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. U kunbo‘yi biror joyda ishlab kechasi yoki sahar payti adabiyot bilan shug‘ullanishi kerak emas. Bugun O‘zbekistonda juda ko‘p iste'dodli adabiyot vakillari doimiy qayerdadir ishlaydi. Lekin yozuvchi nashriyotlar bilan hamkorlikda ishlashi va kitoblaridan keladigan daromad evaziga yashashi kerak.
Yozuvchining asarlarida xalq o‘zini ko‘rmasa, uni o‘qigisi kelmaydi. Masalan, men tug‘ilib o‘sgan qishloqda hech qanday o‘zgarishni ko‘rmayapman. Biz katta bo‘lgan davrda ham bolalarning tuzukroq kutubxonasi yo‘q edi, hozir ham shunday. Biz uzoq masofaga qo‘shimcha darslarga borardik, hozir ham bolalar uzoqqa qatnaydi.
Biz ularga sharoit qilib bermay turib, ilm-ma'rifat e'zozlanayotganini ko‘rsatmay turib kitob o‘qimaslikda ayblamasligimiz kerak. Ularga to‘g‘ri odamlar, ziyoli odamlar e'zozlanayotganini ko‘rsatishimiz lozim. To‘g‘ri gapni aytishdan qo‘rqmasligimiz, bor fojiamizni ko‘rsata olishimiz lozim. Qishloqlarda bugun otasiz katta bo‘layotgan avlod paydo bo‘ldi: ya'ni otalari uzoq yurtlarda musofirlikda yashayotgan avlod paydo bo‘ldi. Ularning hayotini adabiyotga olib kirishimiz kerak. Go‘shsiz qolayotgan avlod ham bor.
Bir epizodni misol qilib keltiraman. Bizda piyoz va suv solib qilinadigan “piyova” degan ovqat bor. 4 yoshli bolakayning otasi Rossiyadan qaytganda onasi piyovaga go‘sht solib pishiradi. Tili allaqachon chiqqan bolakay onasidan «Bu go‘shtmi?» deb so‘raydi. Aslida, bolakay bu paytgacha go‘shtni allaqachon tanib olgan bo‘lishi kerak edi. Mana bu – xalqning manzarasi. Adabiyot xalq dardini olib chiqadigan soha va u to‘la erkin yashashi kerak».
Keyingi asar
«Hozir bugungi kun haqida asar yozyapman. Lekin mavzusini hozircha ochiqlamay turaman. Oilaviy yotoqxonada yashaymiz. Qiyinchiliklar bo‘ladi, lekin o‘zimni qiynalaman deb aytmayman. Sababi bunday gaplar hammada yetarlicha. Lekin biz ishonamiz: mehnat qilyapman va shunga yarasha yaxshi kunlar kelishiga ishonaman.
O‘zim ta'lim haqida yozib, nega oilamni o‘qitmasligim kerak deb o‘ylayman. Hozir turmush o‘rtog‘im ingliz tili bo‘yicha qayta o‘qiyapti. Men esa doimiy mehnatdaman.
Bundan 100 yil oldin umid yoshlardan bo‘lgan. Keyingi 100 yilda ham umid yoshlardan bo‘lib qolmasligi uchun bugun mehnat qilish kerak. O‘ylaymanki, men ham mehnat qilib shu prinsipni saqlay olsam, nimadir qila olaman deb o‘ylayman».
Orzudagi O‘zbekiston
«Toshkentga birinchi marta kelganimda poytaxt menga umuman yoqmagan. Sababi poytaxtga kelgunimcha uni faqat televizor orqali ko‘rganman. Unda chiroyli, kesilgan kadrlardan iborat manzaralarni ko‘rsatishgan ekan. Shuning uchun bu shahar ko‘chalarida birorta chuqur joy, biror qiynalgan odam bo‘lmasa kerak deb o‘ylaganman. Aslida, bu – juda katta xato. Bolalarimizga haqiqatlarni aytib katta qilishimiz kerak. Men O‘zbekistonning kelajagini haqiqatdan qo‘rqmaydigan, hamma o‘z ishini qiladigan jamiyatdan iborat bo‘lishini istayman.
Qonun chiqaruvchi, ijro, sud tizimi to‘la mustaqil bo‘lgan, insonlar xavfsiz bo‘ladigan jamiyatda yashashni xohlayman. Siz jurnalist, duradgor, supuruvchi bo‘lsangiz ham, o‘z yo‘lingizda hayotingizni toza qiling, korrupsioner bo‘lishdan, mahsulotingizni soxta, qo‘l uchida qilishdan or qiling, degan bo‘lardim yoshlarga.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.