Toshkent tibbiyot akademiyasida xalqaro olimpiada o‘tkazildi

Jamiyat 18:15 / 29.10.2021 4814

Inson salomatligi uchun yuksak mas'uliyat tuyg‘usi shakllanib borayotgan turli millatga mansub talaba yoshlar ikki kun davomida kasalliklarni to‘g‘ri tashxislash, bemor bilan muloqot madaniyati, muhimi, tezkor malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi amaliy ko‘nikmalarini o‘ziga xos zukkolik bilan namoyon eta olishdi.

Foto: Toshkent tibbiyot akademiyasi

Olimpiadada O‘zbekistondagi 11ta tibbiyot oliy ta'lim muassasalari talabalari bilan bir qatorda MDH davlatlari tibbiyot oliygohlari talabalari jamoalari bellashdi.

«O‘tmishda buyuk ajdodlarimiz o‘zidan munosib avlod meros qoldirib ketdi. Bugun jahon tibbiyot ilmining rivoji qutlug‘ zaminimizdan yetishib chiqqan alloma ota-bobolarimizning teran tafakkur mahsuli bilan ham ravnaq topib bormoqda.

Foto: Toshkent tibbiyot akademiyasi

Bugun tibbiyot oliygohlari zimmasida malakali, raqobatbardosh, erkin fikrlay oladigan, qobiliyatli mutaxassislarni tayyorlashdek muhim vazifa turibdi.

Qolaversa, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida profilaktik, erta tashxislash va davolash vazifalarini tashkillashtira oladigan oilaviy shifokorlar tayyorlash ustuvorlik kasb etmoqda.

Foto: Toshkent tibbiyot akademiyasi

Shu ma'noda Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘tib borayotgan haftaning eng muhim voqeligi sifatida e'tirof etilgan «Tibbiyot mohirlari» 1-Xalqaro olimpiadasi tibbiy ta'lim jarayonini faollashtirish va zamonaviy tibbiyot ilmiga yangi innovatsiyalarni jalb etish talabidan kelib chiqdi.

Shuni alohida e'tirof etish joizki, Toshkent tibbiyot akademiyasida rivojlangan davlatlarning tajribasiga tayangan holda tibbiy ta'limni rivojlantirishda innovatsion yondashuv asosida simulyatsion ta'lim tizimini joriy etish, aholiga yuqori malakali xizmat ko‘rsatadigan mutaxassislarni tayyorlash uchun qulay zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda.

Foto: Toshkent tibbiyot akademiyasi
Foto: Toshkent tibbiyot akademiyasi

Olimpiada jarayoni zamonaviy ta'lim tizimi talablariga ko‘ra innovatsion yondashuv asosida, simulyatsion texnologiyalardan foydalanilgan holda uyushqoqlik bilan o‘tkazilgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Yana shunisi e'tiborliki, tibbiyotning turli yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlar uchun mazkur olimpiada chinakam do‘stlik uchrashuvi tusini ham oldi», deyiladi Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot xizmati xabarida.

Andijon tibbiyot instituti pediatriya fakultetining 5-bosqich talabasi Shahnoza Tojimirzayeva Toshkentda o‘tkazilayotgan ilmlar bellashuvida qatnashayotganidan mamnunligini aytib o‘tdi.

Foto: Toshkent tibbiyot akademiyasi

«Bugun o‘zim qiziqqan soha oftolmologiya bo‘yicha olimpiada ishtirokchisiman. Bugungi sinovning o‘zgachaligi shundaki, biz chet mamlakatlarning nufuzli tibbiyot oliygohlari yoshlari bilan bilimlarimizni bir maydonda, bir xil sharoitda amaliy sinovdan o‘tkazyapmiz.

Men bilim bilan kurashishni yaxshi ko‘raman. Chunki har safar ilmlar bahsiga kirishganimda avvalo o‘sha sohaga oid ko‘plab adabiyotlarni o‘qiyman. Ustozlarim yordamida sohadagi yangi innovatsiyalardan ko‘proq xabardor bo‘laman. Eng quvonarlisi, yangi do‘stlar orttiraman. Bugun ham shunday bo‘ldi. Rossiyalik dugonalarim Kristina va Irinalar bilan yangi davr tibbiyoti uchun muhim bo‘lgan stimulyator robotlardan erkin foydalanishdan o‘zgacha zavq oldik. Haqiqatan ham Toshkent tibbiyot akademiyasidagi Simulyatsiya markazi juda zamonaviy. Mashg‘ulotlar qiziqarli. O‘qiging va o‘rganging kelaveradi», deydi u.

Foto: Toshkent tibbiyot akademiyasi

Talabalar bilimini adolatli baholash uchun tashqi ekspertlar guruhi, sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali mutaxassislar, BJSST va YuNESKO tashkilotlaridan yetuk mutaxassislar jalb etildi.

Gulchehra Mirzayeva
Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot kotibi Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: