Uzun nomlar va ularning qisqartmasi aksariyat hollarda odamlar uchun tushunarsiz. Bugun ana shunday abbreviaturalar haqida fikr yuritamiz.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil bo‘ldi. O‘tgan yillarda tilimizga bo‘lgan e'tibor qay darajada bo‘lgani hammamizga ayon. Yangi imloning o‘lda-jo‘lda ekani haqida butun boshli maqolalar bitish mumkin. Ammo bunga doir yana bir muammo — bu tushunarsiz va g‘aliz qisqartmalardir. Ular shunchalik ko‘pki, endi bunga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Ayrim tashkilot va muassasalarning nomlanishini o‘qib, «shunga sal qisqaroq nom tanlashsa bo‘lmasmikin?» deb ham o‘ylab qolasan kishi. Ayniqsa, bir qancha so‘zlardan iborat uzun nomlarning bosh harflar bilan yozilgan qisqartmasi berilganda ularning nimani anglatishini topa olmay xunob bo‘lish hech gapmas.
Uzoqqa bormaylik, bir paytlar OAVda (OAV — ommaviy axborot vositalari — shu yerda ham qisqartma!) SVOJJDLQKD degan qisqartma tez-tez uchrardi. Bu qisqartma Bosh prokuratura huzuridagi qaysidir tashkilotni anglatishini ko‘pchilik bilmasdi. Bilganlar ham uning nomini so‘zma-so‘z aytib bera olmasdi. Qolaversa, qisqartmaning o‘zi yodda qolarli emas.
O‘zim ham yillar o‘tib, bu qisqartma Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti ekanini bildim. Xayriyatki, 2018 yilga kelib bu organ Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (bu nom ham juda uzun) deb qayta nomlandi va abbreviaturadagi harflar ham 5tagacha qisqardi.
Yana bir qisqartma bor — RShTYoIM. Bu qisqartmani ham mos soha vakili tushunmasa ancha-muncha professor ham «mag‘zini chaqib» ololmaydi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi degan muassasa nomi RShTYoIM deb qisqartiriladi. Qizig‘i shundaki, viloyatlarda shunga o‘xshash tibbiy muassasalarni alohida qisqaroq nom bilan atash mumkin bo‘lgan holda, ular RShTYoIM falon viloyat filiali deb ataladi. Shuni ham jo‘ngina qilib falon viloyat tez tibbiy yordam markazi deb atasa bo‘lmaydimi?
Balki men sohani tushunmasman va bu muassasa nomiga «ilmiy markaz» so‘zlarining qo‘shilishi u yerda kimlarningdir ilmiy ish qilishi bilan bog‘liqdir. Nega endi viloyatlardagi bo‘limlarning nomiga respublika filiali degan so‘zlarni qo‘shib aytish kerak? Shunchaki viloyat markazi deyilsa nima o‘zgaradi? Yoki markaz respublika filiali bo‘lsa bemorlarga yaxshiroq e'tibor bilan qaraladi-yu, viloyat tez tibbiy yordam markazi deb nomlansa poytaxtdagi tibbiyot uchun pul ajratadigan tashkilotlar e'tiboridan chetda qoladimi?
Ko‘pchilik uchun tushunarsiz bo‘lgan yana bir qisqartma — IIOFMBning paydo bo‘lganiga uncha ko‘p bo‘lmadi. Bu ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalaridan birining qisqartma nomi. Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi — shuni ham jo‘ngina qilib Ichki ishlar boshqarmasi deb atardik-ku! Unga «organlari faoliyatini muvofiqlashtirish» degan so‘zlarni qo‘shish nega kerak bo‘ldi?
Ichki ishlar vazirligi tizimida birgina IIOFMB emas, balki boshqa qisqartmalar ham bor. Ulardan biri DYHXX (viloyatlarda va tumanlarda YHXB). Bu qisqartma IIV tarkibidagi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (viloyatlarda va tumanlarda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va bo‘limi) nomining qisqartmasi. Bilasizmi, yon qo‘shnimiz Qozog‘istonda shu organ nomi nima deyiladi? Ruschasi «Dorojnaya politsiya», qozoqchasi «Jo‘l polis». Biz nega shunday jo‘n nomlar bilan atay olmaymiz?
Qolaversa, odamlar DYHXXni baribir sovetlar davridan qolgan eski nomi «GAI» deydi. Sababi ma'lum, odamlarga ham aytilishi qulay bo‘lgan nomlar kerak.
Shu o‘rinda bir mulohaza: bir paytlar sobiq ittifoq davrida militsiya atamasidan foydalanilardi. Dunyoning boshqa aksar mamlakatlarida politsiya atamasini ishlatardi. SSSR tarqagach, qariyb barcha sobiq respublikalar militsiyadan voz kechib, ichki ishlar organlarining nomini rasman politsiya deb qayta nomladi.
Biz esa militsiyadan voz kechdik, ammo politsiyani ham rasmiy ravishda qabul qilmay, ichki ishlar organlari deb atab olib, bugun ancha tushunarsiz qisqartmalar bilan yuribmiz. (Hozircha turizm politsiyasi va ekopolitsiya tashkil etildi, balki keyinchalik butun tizim politsiya deb atalar — G‘.Y.)
Ichki ishlar vazirligi tarkibida bo‘lgan tashkilotlardan yana biri bu — MvaFRB. Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining nomi shunday tarzda qisqartiriladi. Viloyatlarda bu nom «falon tuman Ichki ishlar boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi (yoki bo‘limi) deb ataladi. Bu ham ancha uzun nom.
Hozir ushbu maqola yozilishi arafasida ilk marta FJShMQMI degan qisqartmaga ko‘zim tushib qoldi. Bu Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti degan nomning qisqartmasi ekan. Qayerdan topishadi bunaqa ajabtovur nomlarni?! Shuni Fuqarolik jamiyatini shakllantirish instituti deyilsa tashkilotning funksiyalari kamayib qoladimi?
Yosh avlodning savodli va bilimli bo‘lishiga mas'ul bo‘lgan Xalq ta'limi vazirligida ham uzundan uzun nomlar juda ko‘p. Birgina misol, bugun tuman (shahar) Xalq ta'limi bo‘limi deb ataladigan tashkilotlar 2019 yil 30 sentyabrgacha Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi — XTMFMTVTETB deb atalgan. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 822-son qarori bilan uzundan uzun nom jo‘nlashtirilib, tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limi, deb qayta nomlangan.
Ammo xalq ta'limi vazirligi tarkibidagi tashkilotlarda uzun nomlar hanuz saqlanib qolyapti:
- Avloniy nomidagi Xalq ta'limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti — ANXTMO‘VIBITI;
- O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi — O‘KHYVPPRTM;
- Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazlari — XTXQTVMOHM va hokazo.
Nazarimda, nom qo‘yish borasida eng ajabtovur ishni Maktabgacha ta'lim vazirligi qildi. Garchi bor-yo‘g‘i uchta so‘zdan iborat bo‘lsa ham, oddiygina bog‘cha so‘zini maktabgacha ta'lim tashkiloti deb qayta nomlashni nima deb atash mumkin. Odamlar baribir bir necha so‘zdan iborat uzun nomni aytmaydi. Bog‘cha deyaveradi. Deyapti ham! Shunday ekan, nega hammasini murakkablashtirish kerak?
Yuqorida keltirilgan misollar — bu ko‘zimiz tushgani. Duch kelmaganlari qancha ekan?! Ularning uzun nomlarini qisqaroq va tushunarliroq nomlarga almashtirish qiyin ish emas. Bunga SVOJJDLQKD va XTMFMTVTETB yaxshi misol bo‘la oladi.
Shu ikkala tashkilotning nomi o‘zgartirilganda osmon uzilib yerga tushmadi. Aksincha, nomlarning qisqartirilgani barchaga birday qulay bo‘ldi.
Amalda bo‘lgan boshqa uzun nomlanishlarni ham o‘zgartirishsa hech narsa bo‘lmaydi. Shunday ekan, bugun turli tashkilot va muassasalar foydalanib kelayotgan uzun nomlarni qisqartirishni, ularni talaffuzga qulay qilib moslashni o‘ylab ko‘rishimiz kerak emasmi? Siz nima deysiz?
G‘ayrat Yo‘ldosh