SSV: Is gazidan zaharlangan bemorga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish asoratlar va o‘lim xavfini kamaytiradi

Jamiyat 19:40 / 28.10.2021 3985

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati is gazi xavfini oldini olishda nimalarga e'tibor qaratish lozimligi va ushbu gazdan zaharlanganda birinchi tibbiy yordam qanday ko‘rsatilishiga doir savollar bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimovga murojaat qildi.

Doniyor Alimov / Sog‘liqni saqlash vazirligi

— Is gazidan zaharlangan insonga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish lozim. Boisi ozgina e'tiborsizlik bemorda ortga qaytmas salbiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Qolaversa, jabrlanuvchini imkon qadar tezroq toza havoga olib chiqish, nafas olishni yengillashtirish – nafas yo‘llarini tozalash, kiyimlarini yechish, til orqaga ketib qolishining oldini olish uchun bemorni yonboshlab yotqizish zarur.

Shuningdek, nafasni stimullash, ko‘krak qafasini artish, oyoq va qo‘llarni isitish, eng asosiysi, tez tibbiy yordam chaqirish lozim. Hatto, bemor ko‘rinishidan qoniqarli ahvolda bo‘lsa ham shifokor ko‘rigidan o‘tishi shart.

Sababi har doim ham kasallik belgilariga asoslanib haqiqiy zaharlanish darajasini aniqlab bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, zaharlanishda o‘z vaqtida boshlangan davolash muolajalari asoratlar va o‘lim xavfi kamayishiga ijobiy yordam beradi. 

Og‘ir daraja zaharlanish holatlarida jabrlanuvchiga reanimatsion chora-tadbirlar o‘tkaziladi – tibbiyot xodimlari kelguniga qadar og‘izdan og‘izga nafas, yurak yopiq massaji olib boriladi.

— Is gazidan zaharlanishning oldini olishda nimalarga e'tibor qaratish lozim?

— Aholi xonadonlarida ishlatiladigan isitish pechlarining dudburon qopqoqlari, yorilgan joylari, o‘tkazuvchanligi va shamollatish tizimi sozligini o‘z vaqtida tekshirib turish lozim. 

Shu bilan birga, isitish uchun qo‘lbola, sertifikatlanmagan moslamalardan foydalanmaslik, gaz plitalari, nosoz gaz kolonkalari bilan yashash uylarini isitmaslik zarur. 

Agar bino ichida gaz hidi paydo bo‘lsa, darhol tuman gaz idorasi xodimlariga murojaat qilish lozim.

Ko‘proq yangiliklar: