Quyi Chirchiqda tadbirkor G‘ofur Rahimov homiyligi ostida STEM fanlariga ixtisoslashgan maktab ochildi

Jamiyat 14:42 / 30.08.2021 12193

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik taniqli tadbirkor G‘ofur Rahimov mablag‘i hisobidan qurilgan muassasa respublikadagi ilk STEM fanlariga ixtisoslashgan maktab hisoblanadi.

«Maktabning ochilish marosimida hukumat, Xalq ta'limi vazirligi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimdan oldin maktabni to‘liq qurib va jihozlab bergan homiy G‘ofur Rahimov hamda xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan muassasa hovlisiga ramziy ma'noda ko‘chatlar ekildi.

Quvonarli jihati hududlarda maktablarning shaklini o‘zgartirish uchun saxovatli tadbirkorlar ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bugun mana shunday tadbirkorlardan biri G‘ofur Rahimov mablag‘lari evaziga 45-maktabning eski binosi o‘rnida zamonaviy ta'lim maskani qad rostladi.

Maktabda o‘quvchilarning zamonaviy ta'lim olishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. 600 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan ta'lim muassasasida 634 nafar o‘quvchiga 43 nafar pedagog ta'lim beradi. Maktab eng zamonaviy jihozlar va so‘nggi axborot texnologiyalari bilan jihozlangan. STEM fanlariga ixtisoslashgan tayanch maktabida matematika, chet tili, axborot texnologiya va kimyo-biologiya fanlari chuqurlashtirgan holda o‘qitiladi.

Homiylik asosida to‘liq jihozlanib, qurib berilgan maktab Quyi Chirchiq aholisi, shu bilan birga yoshlar uchun Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, Toshkent viloyatida so‘nggi 3 yil davomida 268 ta maktab investitsiya va boshqa dasturlar asosida ta'mirlanib, buning uchun 380 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan. 

Ko‘proq yangiliklar: