«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ: yuksak e'tibor va e'tirofga sazovor bo‘lgan xodimlar taqdirlandi

Jamiyat 18:45 / 30.08.2021 17017

30 avgust kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ majlislar zalida Prezidentimizning farmoniga muvofiq Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida davlatimizning yuksak orden va medallari, shuningdek, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, davlatimiz iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna bo‘lib kelayotgan, xususan, elektr energetikasi tizimini yanada yuksaltirishda alohida fidoyilik ko‘rsatayotgan Jamiyat xodimlarini «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev tantanali tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, o‘ttiz yillik mehnatimiz, sa'y-harakatlarimiz, intilishlarimiz, maqsadlarimiz sari ishonchli odimlarimiz, eng asosiysi, energetika sohasida jadal olib borilayotgan islohotlar, pirovardida aholi farovonligini oshirish, xalqimizga munosib turmush sharoitlari yaratishga xizmat qilayotganini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Bayram oldidan, Sizlarning iste'molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlashdagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni fidoyilik bilan ado etishdagi xizmatlaringiz alohida e'tirof etilgani davlatimiz rahbari tomonidan Jamiyatimizning barcha xodimlariga berilgan yuksak mukofot deb bilaman, – dedi U. Mustafoyev. – Istiqlol yillarida erishgan yutuqlarimizga tayanib, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari dadil qadam qo‘ydik. Shunday ekan, mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuksak bosqichlarga ko‘tarishda sobitlik bilan yo‘limizni davom ettiramiz.

Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan 500 nafarga yaqin Jamiyat ishchi-xodimlari davlatimizning yuksak orden va medallari, esdalik nishonlari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlanganlarini e'tirof etib o‘tish joizdir.

Tadbirda «Do‘stlik» ordeni sohibi “Toshkent HETK” AJ bosh direktori Nilufar Botirovaga Jamiyat boshqaruv raisi tomonidan ushbu yuksak mukofot tantanali ravishda topshirildi.

Shundan so‘ng, qolgan mukofotlar ham o‘z egalariga topshirildi. 

Xususan, sarhisob yilida respublikamiz aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta'minlash, qolaversa energetikadagi integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgani uchun bir guruh Jamiyat xodimlari Mustaqil davlatlar hamkorligi Elektr energetika kengashining “Mustaqil davlatlar hamdo‘stligida xizmat ko‘rsatgan energetik” faxriy unvoni va yorliqlari bilan taqdirlanganlari bugungi tadbirda yana bir bor tilga olinib, kelgusi ishlarida kattadan-katta yutuqlarga erishishlariga tilak bildirildi.

Bilamizki, bayram oldidan elektr energetikasi tizimi rivojiga katta hissa qo‘shayotgan, fidoyiligi bilan barchaga namuna bo‘layotgan soha xodimlariga faxriy yorliqlar topshirilishi yaxshi an'anaga aylangan. Barchaga xush kayfiyat ulashgan bayram tadbirida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ faoliyatiga fidokorona mehnati bilan o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan qator xodimlar ana shunday yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Tadbir doirasida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida elektr ta'minoti korxonalari o‘rtasida “Shu aziz Vatanga fidodir jonim” shiori ostida o‘tkazilgan “Eng yaxshi elektr ta'minoti korxonasi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Xususan, “Iste'molchilarga xizmat ko‘rsatishda yuqori sifat ko‘rsatkichiga erishgan va ishchi-xodimlarga qulay mehnat sharoitlari yaratilgan eng namunali elektr ta'minoti korxonasi” nominatsiyasida “Andijon HETK” AJ tarkibidagi Andijon tuman hamda “Buxoro HETK” AJ tarkibidagi Buxoro shahar ETKlar g‘olib deb topildi.

“Eng namunali elektr ta'minoti korxonasi binosi” nominatsiyasida “Xorazm HETK” AJ tarkibidagi Bog‘ot tumani va “Farg‘ona HETK” AJ tarkibidagi Dang‘ara ETKlar peshqadam bo‘lishdi.

“Rivojlanish sari dadil odimlayotgan elektr ta'minoti korxonasi” nominatsiyasi bo‘yicha “Namangan HETK” AJ tarkibidagi “Markaz” va “Qoraqalpoq HETK” AJ tarkibidagi Mo‘ynoq tuman ETKlar g‘olib sifatida e'tirof etildi.

Sovrindorlarga tegishli pul mukofotlari qayd etilgan sertifikatlar va faxriy yorliqlari topshirildi.

Tadbir so‘ngida Ulug‘bek Mustafoyev yig‘ilganlarni eng ulug‘, eng qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklab, jonajon O‘zbekistonimizda, barcha shahar va qishloqlarimizda soha xodimlari kabi fidoyi kishilar safi kengayib, olijanob mehnatlari samarasidan avvalo o‘zlari va oilasi, el-yurtimiz bahramand bo‘lishini tilab qoldi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: