Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.
Loyihada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli javobgarlik moddalarini kiritish taklif qilinmoqda.
Loyihaga ko‘ra, MJtK quyidagi mazmundagi 215-7-modda bilan to‘ldirilishi mumkin:
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish jumladan, ochiq e'lon qilinishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarni e'lon qilmaslik yoki to‘liq e'lon qilmaslik, e'lon qilish muddati va tartibini buzish yoki ma'lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatish:
- mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi;
- xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Kodeksga davlat organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganda Aksilkorrupsiyaga agentligi tomonidan mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish to‘g‘risidagi 245-9-modda ham kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Jamoatchilik muhokamasi 2021 yil 9 sentyabrga qadar davom etadi.
Agentlikning ma'lum qilishicha, hujjat loyihasi 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta'minlash, shuningdek jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.