Bank kartalaridan pullar o‘g‘irlanishi davom etmoqda. Kun.uz xayriya aksiyalarini vaqtincha to‘xtatadi

Jamiyat 17:50 / 27.08.2021 13543

Kun.uz sayti ko‘plab bemorlar murojaati asosida xayriya aksiyalari tashkil etib keladi. Murojaat qiluvchi insonlar asosan xasta bolalarning ota-onalari yoki kasallik sabab og‘ir vaziyatga tushib qolgan, o‘ta ehtiyojmand insonlardir.

Afsuski, moddiy va ma'naviy yordamga muhtoj, davolanishi uchun so‘nggi umidi mana shu xayriyadan bo‘lgan bu fuqarolarning plastik kartalariga tushgan pullarni ayrim vijdon-u insofni unutgan kimsalar aldov yo‘li bilan yechib olishyapti.

Har safar xayriya aksiyasi e'lon qilinishidan oldin bemorlarga plastik kartalariga oid kodlar yoki boshqa ma'lumotlarni har qanday vaziyatda ham hech kimga oshkor qilmaslik haqida qayta-qayta va yana qayta tushuntiriladi.

Afsuski, shunga qaramay, bemorlar yoki ularning yaqinlari firibgarlar aldoviga ishonib qolishmoqda.

Shu tariqa, kimningdir jigarbandi tuzalishi, qaysidir bolaning yetim qolmasligi uchun ehson qilinayotgan pullar nafsiga qul kimsalar tomonidan o‘g‘irlanmoqda.

Bunday jirkanch va qabih harakatlarni qilayotganlar xasta farzand ko‘zlaridagi iltijoni, ota-ona yuragidagi iztirobni tushunarmikan?

Bunday holatlar ko‘payib borayotgani sababli Kun.uz xayriya aksiyalarini o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib turadi.

Markaziy bank va bank kartalarining xavfsizligini ta'minlashga mas'ul tijorat banklari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan mukammal himoya tizimi ishlab chiqilmaguncha xayriya aksiyalari yuzasidan murojaatlar qabul qilinmaydi.

O‘ylaymizki, tez orada mas'ul tashkilotlar tomonidan bunday firibgarliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy harakatlar olib borilib, plastik kartalardagi pullar xavfsizligi kafolatlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: