Ta'lim-tarbiyada erishilgan yutuqlar bilan chegaralanib bo‘lmaydi

Jamiyat 15:59 / 19.08.2021 8751

Farg‘ona viloyatida hozirgi kunda jami 971 ta ta'lim muassasalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shundan 948 tasi umumta'lim maktablari (jumladan, 10 ta maxsus maktab, 66 ta ixtisoslashtirilgan maktab va internatlar), ikkita Mehribonlik uyi, 20 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari hamda bitta viloyat axborot resurs markazi hisoblanadi.

Bugun O‘zbekiston har bir sohada jahonga yuz tutmoqda. Rivojlanishda bardavom millatimizning tayanchi bo‘lgan ustozlar faoliyatida ham ko‘zga ko‘rinarli darajada o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Xususan, Farg‘ona viloyati xalq ta'limi boshqarmasi tizimida faoliyat olib borayotgan jami 50595 nafar pedagog tarkibini tahlil qilganimizda so‘nggi bir yilda oliy toifali o‘qituvchilar salmog‘i 6,5 foizga, birinchi malaka toifaga ega o‘qituvchilar 18,2 foizga ko‘tarildi. O‘tgan yilda ikkinchi toifali pedagog xodimlar 30 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 28,6 foizni tashkil qildi. Toifasiz xodimlar 41 foizdan 37,1 foizga tushirildi.

Zamon talabi, har bir kishi uchun yuksalishning bir qadami bo‘lgan ingliz tili fanining C1 bilish darajasiga ega o‘qituvchilar soni 8 nafardan 24 nafarga yetdi. Yuqoridagi ko‘rsatkichlardan ma'lum bo‘ladiki, viloyatimiz ta'lim tizimi ham o‘sish va rivojlanishda davom etmoqda.

2019-2020 o‘quv yilida jami 47553 nafar 11-sinf bitiruvchilarining oliy ta'limga kirish ko‘rsatkichi 16 foizni tashkil etgandi. 2020-2021 o‘quv yilida bitiruvchilarning 20 foizi oliy ta'lim muassasasiga kirishi ko‘zda tutilmoqda. Ulardan 187 nafari muddatidan oldin talabalikka erishdi. Bir nafar o‘quvchi 14 ta xorij davlatlaridagi universitetlarda tahsil olishi mumkin bo‘lgan ballni to‘pladi.

Millatning umidi, ertasi va ishonchi bo‘lgan yosh avlodga e'tibor kelajak poydevorining mustahkamlanishiga imkon yaratadi. Shu munosabat bilan yurtimizda yangi 2021-2022 o‘quv yiliga umumta'lim maktablarini tayyorlash jarayoni izchillik bilan olib borilmoqda. Mustaqilligimizning 30 yillik to‘yini tantanali nishonlash va ta'lim tizimini rivojlantirish maqsadida viloyat miqyosida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. 2021 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida jami 75 ta umumta'lim maktabida qurilish-ta'mirlash ishlari belgilangan bo‘lib, unga 286,4 mlrd so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. Shunday sinovli davrlarda ta'lim uchun berilayotgan bu kabi e'tibor barchamizni quvontiradi.  Bunga qo‘shimcha tarzda umumta'lim maktablarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan viloyatimizdagi 820 ta o‘quv binosini ta'mirlash uchun 96,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Raqamlar berayotgan ochiq ma'lumotlardan ayon bo‘ladiki, bugungi kunda ta'lim tizimining rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlardan foydalanilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yosh avlodga e'tibor – kelajakka e'tibor ekanligi o‘z isbotini topmoqda.

Bugungi texnika asrida raqamli texnologiyalarning o‘rni beqiyos. Bu sohaning ham rivoji uchun alohida e'tibor berilyapti. Hozirgi vaqtda tizimdagi 948 ta ta'lim muassasasining 947 tasi yuqori tezlikda ishlaydigan internet tarmog‘iga ulangan.

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida uzbekcodrs.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tgan 43146 nafar o‘quvchilardan 25685 nafari bitiruv sertifikatini oldi. Joriy yil yakuniga qadar 16546 nafar o‘quvchini IT-texnologiyalariga onlayn o‘qitish rejalashtirilgan.

“One Million Uzbek Coders” loyihasi doirasida uzbekcodrs.uz platformasi orqali umumta'lim maktablari informatika fani o‘qituvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazilgandi. Mazkur tanlov natijalariga ko‘ra TOP-100 nafar o‘qituvchilar ro‘yxati shakllantirildi. TOP-100 ro‘yxatiga kirgan o‘qituvchilar orasida Farg‘ona viloyatidan 13 nafar informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari borligi barchamizni quvontiradi.

Ayni vaqtda “Elektron kundalik” tizimi 780 ta maktabda faol ishlamoqda. Yil yakuniga qadar qolgan 168 ta maktabda ham joriy etilishi rejalashtirilgan.

Yuqoridagi keltirilgan ma'lumotlarni Farg‘ona viloyati xalq ta'limi tasarrufidagi 1-aniq va ijtimoiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati (1959 yilda tashkil topgan) misolida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar tahlilini keltirib o‘tsak. Maktab-internatida 2019 yilgi investitsiya davlat dasturi asosida kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirildi va davlat budjetidan 1 mlrd 8 mln so‘m mablag‘ sarflandi. Maktab-internatining 1 va 2 o‘quv binosi, faollar zali, sport zallari qayta tayyorlanib, yangi zamonaviy qiyofa kashf etdi.

Mazkur muassasada 574 nafar o‘quvchilarga 49 nafar o‘qituvchilar ta'lim-tarbiya bermoqda. So‘nggi 3 yil mobaynida o‘qituvchilarning toifa ko‘rsatkichi 74 foizga ko‘tarildi. Shundan 19 nafari (40,4 foiz) oliy toifali, 16 nafari (34 foiz) birinchi toifali o‘qituvchilarni tashkil etadi.

2017-2018 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarni oliy ta'limga uzluksiz tayyorlab borish maqsadida muassasada “Abituriyent shtabi” tashkil etildi va bu loyiha so‘nggi 5 yil davomida bitiruvchilarning 86 foizini oliy ta'lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bilan o‘z natijasini berdi. Bitiruvchilarimizning 7 nafari jahonning TOP-100 talik ro‘yxatiga kiruvchi, 22 nafari xorijiy davlat oliy ta'lim muassasalarida, 30 nafari yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalarida davlat granti asosida ta'lim olmoqdalar.

So‘nggi 3 yilda maktab-internati 8-sinf o‘quvchisi Javohir Shokirov informatika, 9-sinf o‘quvchisi Ilhomjon Rahimov fizika, 9-sinf o‘quvchisi Humoyun Ma'miraliyev matematika fanlaridan iqtidorli o‘quvchilarning “Innovatsion  olimpiadasi” respublika tanlovida sovrindorlar qatoridan joy oldi.

2020 yilda matematika, fizika va informatika fanlaridan Qozog‘iston Respublikasi Almati shahrida o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada maktab-internati 11-A sinf o‘quvchisi Ilhomjon Rahimov ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Muassasaning pedagog-murabbiylaridan 4 nafari viloyatimizda va soha bo‘yicha respublikada o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi”, “Yilning eng yaxshi psixologi” ko‘rik-tanlovlarida qatnashib, sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Aytish mumkinki, Farg‘ona viloyati xalq ta'limi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar yoki o‘quvchilar boshqa sohalarda ham, xususan, xalqaro fan olimpiadalari, sport, madaniyat sohasida ham yetakchi o‘rinlarda bormoqda. Biroq erishilgan yutuqlar bilan ayniqsa, ta'lim sohasida kifoyalanib qolish noto‘g‘ri. Shu sababli tizimda o‘ziga xos dasturlar ishlab chiqilgan bo‘lib, rejalashtirilgan maqsad va marralarimiz bor.

Ozodaxon RAHMONOVA,
Farg‘ona viloyati 1-IDUMI direktori

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: