Anjumanda dastlab “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan sohada amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, mamlakatimiz qurilish materiallari salohiyati haqida to‘liq ma'lumot berildi. Shu bilan birga mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurilishlar materiallarining jahon talablariga javob berishi, yirik zavodlar faoliyati, eksport ko‘rsatkichlari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ta'kidlanishicha, prezidentimiz tomonidan 2019 yil 23 maydagi PQ-4335-sonli “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaror qabul qilinib, sohaga Ilm-fan yutuqlarini va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi va uyushma qoshida Qurilish materiallari sanoati Ilmiy-texnikaviy kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 9 iyunda qabul qilingan PQ-6244-sonli “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi huzurida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil qilindi. Bu esa mamlakatimiz sanoat salohiyatini mustahkamlash va hududlarni kompleks rivojlantirish, shahar va viloyatlarda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish hisobiga aholini ish bilan band qilishni kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Raqamlarga e'tibor beradigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi PQ-4937-sonli qaroriga asosan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bo‘yicha xorijiy investitsiyalar va kreditlar ishtirokida 872 mln dollarlik 39 ta loyiha belgilangan bo‘lib, joriy yilning o‘zida 327,6 mln dollar o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalarni moliyalashtirishga 101,0 mln dollar tashabbuskorlar mablag‘i, 11,6 mln dollar tijorat banklarining kreditlari va 215,0 mln dollar xorijiy investitsiyalar va xorijiy kreditlar yo‘naltiriladi.
Jumladan, joriy yilda jami 306,0 mln dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish va 1 625 ta yangi ish o‘rinlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan:
Joriy yilning I yarim yilligida 39 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha jami 115,3 mln dollar (rejaga nisbatan 110,9 %), shundan 84,3 mln dollar (114,6 foiz) miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirildi.
Xususan, “Ohangaronsement” AJda 160 mln dollar investitsiya hisobiga yiliga 2.4 mln tonna sement va “Kvars” AJda 70.2 mln dollar hisobiga 22.2 mln kv metr float oyna ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirildi, mos ravishda 400 ta va 280 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Bundan tashqari Toshkent shahrida umumiy qiymati 5 mln dollar bo‘lgan "Monolith Asia" MChJ QKda 20 ming tonna payvandlash elektrodlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirildi va 200 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Shuningdek, Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rivojlantirish dasturlari doirasida hududiy investitsiya dasturlari bo‘yicha 2021 yilda qurilish materiallari sohasida jami 806 ta loyiha bo‘yicha 7 trln 580 mlrd so‘m, shu jumladan I yarim yillikda 3 trln 148 mlrd so‘m o‘zlashtirish belgilangan.
E'tiborlisi, hisobot ushbu hisobot davrida 988 ta loyiha bo‘yicha 4 trln 79 mlrd so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirilib, qiymati 1 trln 824 mlrd so‘mlik 338 ta loyiha ishga tushirildi va 3722 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Germaniya, Fransiya, Belarus va Janubiy Koreya davlatlariga davlat tashrifi doirasida 2017-2020 yillarda zamonaviy import o‘rnini bosuvchi qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan umumiy qiymati 2 mlrd 295,3 mln dollarlik 44 ta Memorandum va Kelishuvlar imzolandi. Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining Bayonlari bilan amalga oshirilgan loyihalar nazoratdan chiqarilib yagona “Yo‘l xaritalari” tasdiqlangan.
Unga ko‘ra “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 1 mlrd 191,8 mln dollarlik 25 ta loyiha bo‘yicha monitoring olib borilmoqda. Shulardan bugungi kunga kelib 289,7 mln dollarlik 10 ta loyiha amalga oshirildi, 2 tasi – 2021 yil yakuniga qadar va qolgan 13 tasi 2022-2023-yillarda ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan to‘liq javob olishdi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi
Matbuot xizmati Ⓣ