Farg‘onada Valiyevlar oilasi 6 nafar yetim bolani farzandlikka oldi

Jamiyat 19:03 / 19.08.2021 26343

Bundan uch yil muqaddam oila yetim bolalarni qaramog‘iga olish uchun mutasaddi idoralarga bir necha marta murojaat qilgan. Lekin o‘sha paytda ayrim sabablarga ko‘ra bu ish amalga oshmagan edi.

Oilaning 4 farzandi qatoriga endilikda 6 bola qo‘shilib xonadonda jami 10 nafar bola tarbiyalanmoqda.

Oila boshlig‘i Nabijon Valiyev tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Turmush o‘rtog‘i Ziyodaxon Valiyeva esa Farg‘ona shahridagi 4-umumta'lim maktabida direktor o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.

“O‘zimizning ikki o‘g‘il va ikki qizimiz bor. Ayolim bilan yana ikki yoki uch nafar bola asrab olish haqida maslahat qilib yurardik. Farzandlarimizga qo‘shib mehribonlik uyi bolalaridan tarbiyalashni niyat qilgandik. Mehribonlik uylaridagi bolalarga vasiylik qilish Milliy gvardiyaga topshirilganini eshitib, bola asrab olish uchun Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasiga murojaat qildik. Shundan so‘ng Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyidan 6 nafar (3 o‘g‘il, 3 qiz) chin yetim bolani farzandlikka oldik.

Ikki gektar yerimiz bor va u yerda bog‘ bunyod etganmiz. Bog‘dagi olma, o‘riklar hosilga kirdi. Bolalar ulg‘aysa, mana shu bog‘ o‘rnida imoratlar solib, ularni uy-joyli qilamiz deb reja tuzdik”, – deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda oila boshlig‘i Nabijon Valiyev. 

Oila bekasi Ziyodaxon Valiyevaning ta'kidlashicha, ta'lim tizimida ishlagani uchun ish yuzasidan Mehribonlik uyiga tez-tez borib turgan. U yerdagi bolalarning ko‘zlaridagi mungni ko‘rib, qurbi yetguncha bir necha bolani asrab olishni maqsad qilgan.

Mehribonlik uyidan kelgan bolalar orasida rus millatiga mansublari ham bor. Oila boshliqlari bolalar farzandlari bilan tez til topishib ketganini ta'kidlaydi.

O‘g‘lining oilasida farzandlari soni ko‘payganini eshitgan Nabijon akaning onasi Karomat opa qishloqdan yetib kelgan. Bolajon Karomat opa o‘zida yo‘q xursand. Bolalarni yuzidan o‘pgancha bag‘riga bosadi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: