Elbek Rahimov o‘ldirilishi: Kattalar Qarshiga kelishdi. Jinoyatning yangi tafsilotlari aytildi

Jamiyat 14:59 / 19.08.2021 177624

Sportchining vahshiylarcha o‘ldirilishi ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi. Qarshida ushbu mavzuda matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Oliy sud raisi Kozim Komilov ishtirok etdi. Respublikaning uch yirik mulozimi matbuot anjumanida qatnashgani Qarshi shahri markazida sodir etilgan ushbu «oshkora qotillik» qanchalik diqqat markazida ekanidan dalolat berardi.

Dastlab bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev so‘zga chiqdi va jinoyat qanday sodir etilgani, unga oid yangi ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

«Qarshida sodir etilgan bu jinoyat barchamizni larzaga soldi. Marhumning oila a'zolariga yana bir bor ta'ziya izhor qilaman. Eslatib o‘tishim kerakki, O‘zbekiston qonunchiligida qonun ustuvorligi ta'minlangan. Ularda inson huquqlarini ta'minlash muhim omil hisoblanadi. Mamlakatga kirib kelayotgan investitsiyalar ham O‘zbekiston tinch bo‘lgani sabab.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev

Qarshilik Elbek Rahimovning o‘ldirilgani juda achinarli holat. Ushu sporti bilan shug‘ullangan Rahimov 2011 yildan buyon Boymirzayev bilan adovatda bo‘lgan. Rahimov joriy yil iyul oyida Boymirzayev bilan janjallashgan. Qasos olish maqsadida Boymirzayev jinoiy sheriklari bilan tanishi Babayevaning xonadonidan chiqqan Rahimovni pichoq va temir bilan kaltaklashgan. Keyin Toshli qishlog‘iga olib borib, yana kaltaklab, Chiroqchi tibbiyot birlashmasiga tashlab ketishgan.

Babayeva orqali hodisadan xabar topgan Elbek Rahimovning ukasi Akmal Rahimov GPS orqali akasining geolokatsiyasini aniqlagan va mashinada Chiroqchi tumaniga yo‘l olgan. Yo‘lda akasini urganlarni ko‘rib qolgan Akmal Rahimov va sheriklari ular bilan janjallashgan.

Elbek Rahimov ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, 17 avgust kuni soat 14:00 da vafot etgan. Uning o‘limiga bosh miyaning jarohatlangani, bosh suyagining sinishi, ko‘krak qafasi va tanasining boshqa qismlaridagi jarohatlar sabab bo‘lgan.

Shu kunning o‘zida jinoyat ishtirokchilari barchasining shaxsi aniqlandi. Ushlanganlar himoyachisi ishtirokida so‘roq qilindi. Voqea joyidan temir bo‘laklari va pnevmatik to‘pponcha o‘qi topilgan. Gumonlanuvchilarning mashinasidan esa to‘pponcha topilgan. Tergov ishlari olib borilmoqda, tergov ustidan qat'iy prokurorlik nazorati o‘rnatilgan», dedi bosh prokuror Yo‘ldoshev.

Ma'lum bo‘lishicha, surishtiruv davomida ikkita pnevmatik to‘pponcha topilgan. Ya'ni, marhumda ham, jinoyat sodir etganlarda ham pnevmatik to‘pponcha bo‘lgan.

Keyinchalik ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov so‘zga chiqdi va jinoyat ishi haqida, xususan, uni amalga oshirganlar haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Po‘lat Bobojonov

Ichki ishlar vazirining aytishicha, jinoyatni sodir qilganlar orasida 2005 va 2004 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqarolar ham bo‘lgan.

«Jinoyat sodir etganlarning aksari yosh bolalar. Hozir zamon rivojlandi, texnika rivojlandi, sodir etilgan hech bir jinoyat ochilmay qolmaydi, hamma darrov xabar topadi. Bunday holatda tezkor rasmiy ma'lumot berilmasa, boshqacha talqin qilinishi mumkin. Biz bu yerga jinoyatlar jazosiz qolmasligini odamlarga yetkazish uchun keldik.

Hozir chekka qishloqlarda ham 102 ga qo‘ng‘iroq qilish orqali viloyat IIBga xabar berish mumkin. Bu borada viloyat IIBda maxsus guruh tashkil etilgan.

Bu yerda samosud bo‘lgan. Ularning ko‘pi sport bilan shug‘ullanadi. Hozir davlat yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga undamoqda, lekin ba'zi yoshlar sport bilan shug‘ullanib ham xato yo‘lga kirib qolyapti», dedi Bobojonov.

Ichki ishlar vaziri voqea joyidan topilgan to‘pponcha kimga tegishli ekaniga ham oydinlik kiritdi: «Voqea joyidan topilgan to‘pponcha marhumga tegishli bo‘lgan. Bu pnevmatik to‘pponcha bo‘lgan. Bunday qurollar ochiq sotiladi. Qarshida ham, Toshkentda ham. Bu qurol bilan jinoyat qilish holati ko‘paymoqda. Ammo bu taqiqlangan qurol emas, uning saqlanishi bo‘yicha hisob yuritilmaydi. Pnevmatik qurollar nazorati bo‘yicha ham ishlayapmiz. Uni 25 yoshdan kichiklarga ham bermaslik kerak, chunki ular qurolni ishlatish maqsadini bilmaydi. Vazirlar Mahkamasiga pnevmatik qurolni ham ruxsatnoma bilan berish kerakligi haqida so‘rov kiritganmiz».

Po‘lat Bobojonov ushbu jinoyat tashkilotchisi kim bo‘lganini aytdi va u qo‘lga olinganini ma'lum qildi: «Zuhriddin Boymirzayev ushbu jinoyat tashkilotchisi bo‘lgan va u 18 avgust kuni soat 17:05 da Chiroqchi tumanida yashiringan joyidan topilgan. Yo‘llarda kamera ko‘pligi ularni topishda yordam bergan. Bu ikki guruh o‘rtasidagi janjal musobaqadagi kelishmovchilikdan boshlangan. Birining ukasi, yana birining shogirdi bahslashgan. Biri yutgan, biri yutqazgan. Shundan kelishmovchilik boshlangan, lekin hech kimga xabar berilmagan. Ichki ishlar vakili bu borada surishtiruv o‘tkazganda, yarashib olganmiz, deb javob berishgan», deydi ichki ishlar vaziri.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning ma'lum qilishicha, ichki ishlar xodimlariga 102 orqali jinoyat haqida xabar soat 9:49 da kelib tushgan. Xodimlar voqea yuz bergan joyga xabar tushgandan so‘ng, 21 daqiqa o‘tib, soat 10:10 da yetib borgan va ish boshlagan. Shuningdek, tergov guruhi ham yetib borgan.

Po‘lat Bobojonovning aytishicha, jinoyat ishtirokchilarining deyarli barchasi notinch oila farzandlari hisoblanadi. Xususan, Boymirzayevning otasi o‘z ukasining xotinini o‘ldirib, qamoqda o‘tirgani aytildi. Shuningdek, Boymirzayev qotillik ishtirokchisi bo‘lgan boshqa bir yigit bilan bir uyda yashagan.

Qarshida o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga savol bilan murojaat qildi.

– Mayda bezoriliklar aksar hollarda yarashuv orqali hal qilinyapti va ular katta jinoyatga olib bormoqda. Balki mayda bezoriliklarga ham jiddiy jazo qo‘llash kerakdir?

– Mayda huquqbuzarliklar keyinchalik katta jinoyatga aylanib ketmoqda. Kimdir ichadi, keyin meni turtib ketding, deydi, shundan urush boshlanadi. Yoki uydagi mayda janjaldan katta janjal kelib chiqyapti. Kimdir ichib urush qiladi, pichoq uradi, kimdir o‘ladi. Shu tariqa ikki oila butun umr dushmanga aylanib qoladi. To‘g‘ri mavzuni ko‘tardingiz, biz ham mayda jinoyatlarga jazoni kuchaytirish tarafdorimiz», dedi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov.

Kozim Komilov

Matbuot anjumanida Oliy sud raisi Kozim Komilov ham qatnashdi va o‘z fikrlarini bildirdi: «Bunday jinoyatlar sodir bo‘layotgani odamni xafa qiladi. Lekin bir narsani unutmaslik kerak – jinoyat jazosiz qolmaydi. Hozir 90-yillar emas, davlatning egasi bor, sud bor, samosud qilishga asos yo‘q. Bu ish jiddiy nazoratga olinadi. Ochiq sud bo‘ladi, OAV vakillari ham ishtirok etishi mumkin. Bu ish ahamiyatining baland ekanini inobatga olsak, birinchi suddanoq Oliy sudning o‘zi ish bilan shug‘ullanishi mumkin», dedi Komilov.

Ko‘proq yangiliklar: