Yaponiyadan oltin bilan qaytganlar. Xalqaro kimyo olimpiadasi g‘olibi va uning ustozi bilan suhbat

Jamiyat 22:10 / 18.08.2021 19937

17 avgust kuni Toshkent shahrida olimpiada g‘oliblari va ularning o‘qituvchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri tadbir yakunida Yaponiyada o‘tgan 53-Xalqaro kimyo olimpiadasi g‘olibi, Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Sobirjon Amanov va uning ustozi Laziz Zaylobov bilan intervyu uyushtirdi.

Sobirjon Amanov (markazda)

— Sobirjon, avvalo, oltin medal bilan tabriklayman. Sizning Xalqaro fan olimpiadasi g‘olibligigacha qanday jarayonlardan o‘tganingiz ko‘pchilikka qiziq.

— Umuman olganda men ishtirok etgan Xalqaro kimyo olimpiadasi shu yo‘nalishdagi eng nufuzli musobaqa hisoblanadi. Shuning uchun ham bu olimpiadaga eng kamida 2 yillik tayyorgarlik kerak bo‘ladi.

Meni ham litseyimiz o‘qituvchilari aynan shuncha vaqt tayyorlashdi. Shu o‘rinda kimyo fanidan menga ustozlik qilayotgan Laziz Zaylobovning xizmatlarini alohida e'tirof etishim, berayotgan bilimlari uchun unga minnatdorlik bildirishim kerak. Laziz aka juda yaxshi o‘qituvchi, o‘z fanidan kuchli bilimga ega inson. U har bitta masalaga juda chuqur va batafsil kirib boradi, erinmaydi.

Bizning kunlik o‘rtacha mashg‘ulotlarimiz kech soat 17-18:00 gacha, olimpiada yaqin qolganda esa tungi 1-2 gacha ham davom etadi.

Bundan tashqari Xalq ta'limi vazirligi ham olimpiada oldidan Moskva davlat universitetining kimyo fani doktorantini biz uchun 2 haftalik mahorat darslariga olib keldi. Shu darslar ham o‘z samarasini berdi.

— Eshitishim bo‘yicha, bu musobaqada siz avval ham ishtirok etgansiz, lekin ilk bor oltin medalni qo‘lga kiritdingiz.

— Ha, bu xalqaro olimpiadalardagi uchinchi ishtirokim. Bungacha xalqaro Mendeleyev olimpiadasida bronza va kumush medal olganman. Bu safargi natijam eng yaxshisi bo‘ldi.

— Sizning yo‘nalishingizdagi olimpiadalarda qaysi davlat o‘quvchilari bizga asosiy raqiblar hisoblanadi?

— Olimpiada Yaponiyada bo‘lib o‘tdi. Unda 79 davlatdan 300 nafardan ortiq o‘quvchilar ishtirok etdi. Umuman, bu kabi fan musobaqalarida asosiy raqiblarimiz AQSh, Xitoy, Rossiya, Singapur va Vetnam kabi davlat yoshlari bo‘lib kelgan.

Quvonarlisi, bu yilgi olimpiadada O‘zbekiston Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.

— Siz eng nufuzli fan olimpiadasida g‘olib bo‘ldingiz. Xo‘sh, endi oldingizga qanday maqsadlar qo‘yyapsiz?

— Asosiy maqsadim – O‘zbekistonda kimyo fani rivojiga hissamni qo‘shish. Kelgusida Nobel mukofotiga nomzod bo‘ladigan ishlar qilishni rejalashtiryapman.

-dp2LjYs-UMT-P0KctJJt8PgFK5GcJO_.jpg (1204×677)

— Endilikda kimyoning qaysi yo‘nalishini tadqiq qilmoqchisiz?

— Tadqiqot yo‘nalishim biokimyoga oid, aktiv moddalar sintezi. Bu turli kasalliklarni tadqiq qilish, ularni davolashga xizmat qiladi.

AQSh va Buyuk Britaniyadagi universitetlarda bu yo‘nalishda tadqiqotlar uchun imkoniyatlar katta.

Balki, kelgusida shu universitetlarda ham malaka oshirib qaytarman. O‘ylashimcha, shu kabi universitetlarda o‘qish va malaka oshirish o‘zbekistonlik o‘quvchilarning fandagi imkoniyatlari va tadqiqotlari yangi bosqichga chiqishiga imkoniyat yaratadi.

— Ko‘rib turibman, oldingizga katta maqsadlar qo‘ygansiz. Sizga bu maqsadlar yo‘lida omad va g‘ayrat tilayman.

— Rahmat.

— Laziz aka, navbatdagi savolim sizga. Shogirdingiz bu tanlovda uchinchi bor qatnashyapti va aynan mana shu ishtirokida g‘olib chiqdi. Nima deb o‘ylaysiz, bu safar nimaning hisobiga oltin medalga erisha oldilaringiz?

Laziz Zaylobov

— G‘alabagacha bu yigit (Sobirjon Amonov – tahr) ancha mehnat qildi, qobiliyatini rivojlantirib bordi. To‘g‘risi, bu kabi olimpiadalarda yaponlardan oltinni olib qo‘yish oson emas.

Albatta, har bir insonda qaysidir sohada qobiliyat bo‘ladi. O‘qituvchining vazifasi shogirdidagi mana shu qobiliyatni to‘g‘ri topib, uni yuzaga chiqarish. U bu qobiliyatni yuzaga chiqarishda bolaga kerakli motivatsiyani ham bera olishi kerak. Bizda mana shu motivatsiya bor edi. U qanday motivatsiya deysizmi? Biz bu olimpiadada ilk bor qatnashib bronza oldik, keyingisida kumush bo‘ldi. Biz xursand bo‘ldikmi? Yo‘q, bu bizga juda og‘ir botar, alam qilardi. Shu sabab g‘olib bo‘lguncha to‘xtamadik.

Bizda yana bir motivatsiya bor edi – prezidentga so‘z bergandik.

— Oltin olish haqidami?

— Ha. O‘tgan yili prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘qituvchi va murabbiylar bayramida uchrashdik. Men unga bu safar aniq oltin olamiz, bizga ishonsangiz bo‘ldi, degandim. Shukr, va'damizning ustidan chiqa oldik.

Men yana shogirdim Sobirjonga ham rahmat aytaman. U juda mehnatkash yigit. Ayrim paytlarda mashg‘ulotlarga shunchalik kirishib ketadiki, hatto ovqat yemay qo‘yadi. Masalan, olimpiadaga ham ovqat yemay kirgandi.

Fan shunday narsa, e'tibor berish kerak. Bo‘lmasa natija bo‘lmaydi.

Ma'lumot uchun, 53-Xalqaro kimyo olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Sobirjon Amanov Toshkent tibbiyot akademiyasiga imtiyozli tarzda talabalikka ham qabul qilindi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: