“Intizomiy chora qo‘llash muddati o‘tib ketgan” - murdadan “ko‘rsatma olgan” sudya masalasida izoh berildi

Jamiyat 20:18 / 18.08.2021 12832

Sudyalar oliy kengashi may oyida o‘tkazgan matbuot anjumanida murdadan “ko‘rsatma olgan” xorazmlik sudyaning harakatlari o‘rganilib, ma'lumot berilishi aytilgandi. Biroq ikki oydan ko‘proq vaqt o‘tdiki, bu haqda ma'lumot berilmadi.

Kun.uz muxbiri kengashning navbatdagi matbuot anjumanida shu masalada izoh so‘radi.

Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov bu holat kengashda o‘rganib chiqilgani va o‘z tasdig‘ini topganini bildirdi. Biroq, sudyaga nisbatan chora qo‘llash muddati o‘tib ketgani tufayli ushbu masala yopilganini ta'kidladi.

“Voqelik 2016 yilda sodir bo‘lgan. 2018 yilda Kun.uz'da shu haqda yozib chiqilganidan so‘ng jamoatchilikka oshkor bo‘lgan. Hozir 2021 yildamiz. Demak, voqelik sodir bo‘lganidan so‘ng oradan qariyb 5 yil o‘tyapti. Bu o‘z-o‘zidan sudyaga nisbatan intizomiy chora qo‘llash muddati o‘tib ketganini bildiradi. Muddat o‘tib ketgani uchun sudyaga nisbatan chora qo‘llashga asos yo‘q deb hisobladik”, – deydi kengash matbuot kotibi.

Ma'lumot uchun, 2018 yilda Kun.uz saytida berilgan maqolada fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining raisi bir muddat oldin o‘lgan shaxs go‘yoki tirik bo‘lgani va sudda u bergan guvohlik ko‘rsatmasini ishonchli deb hisoblagani, shunga asosan noxolis qaror chiqargani haqida so‘z yuritilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: