Prokuratura Qoraqalpog‘istonda profilaktika inspektori fuqaroni kaltaklab o‘ldirgani aytilgan xabar yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot berdi

O‘zbekiston 18:49 / 04.08.2021 4329

Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Aniqlanishicha, 23 may kuni Taxiatosh tumanida yashovchi fuqaro B.Dauletmuratovning ko‘chada mast holatda yotgani yuzasidan xabar bergan shaxslarning chaqiruviga binoan voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar xodimlari uni Taxiatosh tuman IIBga olib ketadi. Bu yerda uning sog‘ligi yomonlashgani sababli, Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasida esa B.Dauletmuratovga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilib, shu kuni qarindoshlari orqali uyiga ruxsat berib yuborilgan.

B.Dauletmuratov uyida ahvoli yomonlashgani sababli 29.05.2021 yilda yana Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan va davolash muolajalaridan keyin 05.07.2021 yilda uyida vafot etgan.

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, B.Dauletmuratovning o‘limi o‘pka pnevmoniyasi natijasida kelib chiqqani, lekin uning badanida o‘limidan oldin yetkazilgan tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan JKning 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirgi kunda uning tanasidagi jarohati qachon va kim tomonidan yetkazilganini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.

Oldinroq Qoraqalpog‘istonda profilaktika inspektori fuqaroni kaltaklab o‘ldirgani aytilgan xabar yuzasidan IIV rasmiy izoh bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: