Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati shahar «Tez yordam» xizmati tizimida ish samaradorligini oshirish, bemorlarga sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatish borasida qanday ishlar qilinayotgani haqida Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘riboyevga murojaat qildi.
— Sir emas, shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida koronavirus bilan bog‘liq epidemik vaziyat murakkab bo‘lib turibdi. Afsuski, mamlakatimiz, xususan, Toshkent shahri aholisi orasida COVID-19 infeksiyasiga gumon qilingan, pnevmoniya va koronavirus kasalligi tasdiqlangan hamda boshqa yuqumli xastaliklar bilan kasallangan fuqarolar tomonidan «103» xizmatiga bo‘layotgan chaqiriqlar soni ham ortmoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, ayni paytda shahar «Tez yordam» xizmati CALL-markaziga bir kunda o‘rtacha 5000-5100 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Jumladan, so‘nggi besh kun ichida (8 iyuldan 12 iyulgacha) 26 ming 421ta chaqiriq kelib tushgan bo‘lsa, shundan pnevmoniya belgilari kuzatilgan, koronavirusga gumon qilingan yoki tashxisi qo‘yilgan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 2340 nafarga yaqin bemorga sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.
— Bugungi pandemiya davrida aholining «Tez yordam»ga bo‘lgan yuqori ehtiyojini qondirish maqsadida tizimda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
— Aholining «103» xizmatiga murojaatlari soni oshib borayotgani sababli shu kunlarda shahar «Tez yordam» xizmati avtoparkiga 65ta yangi avtotransport vositasi olib kelindi hamda tibbiyot xodimlaridan iborat qo‘shimcha brigadalar tashkil etildi.
Shuningdek, chaqiriqlarga o‘z vaqtida javob berish, ularni tez tibbiy yordam brigadalariga tezkor ravishda uzatish hamda tarmoqda biror bandlik holatlari kuzatilmasligi uchun Toshkent shahar «103» xizmati CALL-markazi operatorlari soni qo‘shimcha 40 nafarga oshirilib, jami 80 nafarga yetkazildi. Bu esa o‘z navbatida tizimda ish sifatini yanada yaxshilash imkonini bermoqda.
— Ba'zida aholi tomonidan birgina bemor uchun «Tez yordam» xizmatiga qayta-qayta murojaat qilishi kuzatiladi. Bu holat tizim faoliyatiga qanchalik ta'sir etadi?
— Darhaqiqat, keyingi vaqtlarda bir manzilga bir necha joydan qayta-qayta chaqiriqlar kelib tushmoqda. Ya'ni bir bemorga oila a'zolari, do‘stlari, shuningdek, qo‘shnilari tomonidan ham murojaatlar qabul qilinmoqda. Aytish lozimki, bu kabi holatlar pandemiya davrida shundoq ham tig‘iz tartibda faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam xizmati ishini yanada qiyinlashtirib, «103» brigadalariga yuklama ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Qolaversa, qayta chaqiriqlar tufayli bitta manzilga bir vaqtning o‘zida ikkita, uchta, hatto, to‘rttagacha «Tez yordam» avtomashinasi borib qolish holatlari kuzatilmoqda.
Aytish lozimki, bugungi kunda «103» xizmati to‘liq avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega bo‘lib, aholidan kelib tushayotgan har bir chaqiriq tizim bazasiga kiritiladi. Ya'ni «Tez yordam» chaqirish uchun bir marta murojaat qilishning o‘zi kifoya. Qayta chaqiriqlarga esa hojat yo‘q.
Shu bois, fuqarolarimiz biroz sabrli bo‘lishini, shoshqaloqlik bilan qilingan noto‘g‘ri harakat boshqa bir bemor hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini yodda tutishlarini istar edim.