«Ta'kidlanishicha, 2021 yil 19 iyun kuni Urganch tumanida IIB xodimlari va boshqa idoralarning vakillari hokimning topshirig‘iga ko‘ra, fuqaroning omborida saqlanayotgan 30 tonna bug‘doyni majburan tortib olgani, fuqaroning mulkiga tajovuz qilishgani, huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilish o‘rniga uni xo‘rlashgani, soatlab asossiz ushlab turishgani va bosim o‘tkazishgani aytilgan.
Bu borada Urganch tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani ma'lum qilingan. Biroq oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, amalda hech qanday o‘zgarish bo‘lmayotgani, bo‘lgan bosimlardan so‘ng fuqaroning turmush o‘rtog‘i I.R. insult bo‘lib qolgani bildirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan o‘rganish natijalari bo‘yicha ma'lumotlarni keng ommaga e'lon qilishni so‘ragan.
Shuningdek, fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tegishli tartibda murojaat qilindi. O‘z navbatida, qo‘mita qonunbuzilishi holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanligini bildiradi», deyiladi Senat axborot xizmati tomonidan e'lon qilingan munosabatda.
Bosh prokuratura ham fuqaroning murojaatiga munosabat bildirib, Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolada ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan o‘rganish ishlari boshlanganligini ma'lum qilgan.