“O‘zbekneftgaz”: Kooperatsiya aloqalarini kengaytirish maqsadida virtual ko‘rgazma va uning Telegram-kanali tashkil etildi

Jamiyat 18:00 / 13.07.2021 5768

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston–2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6079-sonli farmoni ijrosi doirasida, “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari ehtiyojlari uchun zarur mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahalliylashtirish va ular bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish maqsadida alohida elektron platforma ko‘rinishida virtual ko‘rgazma (ung.cooperation.uz) tashkil etildi.

Platformada tashqi va ichki bozorlarda sotib olinishi rejalashtirilgan 25 xil tovar guruhiga mansub 8500 dan ortiq mahsulot turlari haqida ma'lumotlar mavjud.

Bundan tashqari, onlayn platformada “O‘zbekneftgaz” AJ tizim korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan 50dan ortiq turdagi mahsulotlar bo‘yicha ma'lumotlar keltirilgan.

Mahsulotni o‘zlashtirish istagini bildirgan tadbirkor uchun portal orqali tegishli tartibda tasdiqlangan texnik topshiriqnomani yuklab olish, mahsulot bo‘yicha talab etiladigan standartlar, uning tashqi ko‘rinishi, texnik xususiyatlari, talab etiladigan hajmi bilan tanishish, qiziqtirgan savollar bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar olish imkoniyati yaratilgan.

Hozirda ko‘rgazmani virtual tashrif funksiyasi bilan jihozlash ishlari yakunlandi, bunda “O‘zbekneftgaz” AJda ishlab chiqarilgan va importdan keltirilgan mahsulotlar haqidagi ma'lumotlarni vizual VR-360 texnologiyasi yordamida ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Ayni paytda “O‘zbekneftgaz” AJ virtual ko‘rgazmasi faoliyatini samarali tashkil etish hamda yanada kengroq ishlashini targ‘ib etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, portalni respublikada mavjud xarid portallari bilan integratsiyalash, unda foydalanuvchi uchun qulayliklarni kengaytirish va hokazo.

Virtual ko‘rgazma portaliga tashrif buyuruvchilar tahlili shuni ko‘rsatadiki, joriy yil 10 iyul holatiga portalga dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 2000 ga yaqin tashriflar qayd etilgan, jumladan: O‘zbekiston – 938 ta tashrif, Rossiya Federatsiyasi-433 ta tashrif, Xitoy-124 ta tashrif, Qozog‘iston-118 ta tashrif va boshqa mamlakatlar (Ukraina, Yaponiya, Turkiya, BAA, Germaniya, Polsha, Ruminiya, Belgiya, Kanada, Belarus, Gretsiya, Eron, Irlandiya, Italiya, Litva, Portugaliya, Ispaniya, Tojikiston, Angliya, AQSh va boshqalar).

Kuzatilgan davrda portalda foydalanuvchilar tomonidan jami 15 mingdan ortiq harakatlar (fayllarni ochib ko‘rish, yuklab olish, ko‘chirib olish va hokazo) amalga oshirilgan.

Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘i asosida, ishlab chiqaruvchilar va hamkorlar bilan operativ muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida virtual ko‘rgazmaning Telegram-guruhi yaratildi. Telegram-guruhida sanoat kooperatsiyasini tashkil etish, mahalliylashtirish, yangi mahsulotlarni hamkorlikda ishlab chiqish, sanoat tajriba sinovlarini o‘tkazish, importni kamaytirish va mahsulotlarni rag‘batlantirish bo‘yicha tashrif buyuruvchilar bilan tezkor fikr almashish ko‘zda tutilgan.

Telegram guruhida tovar guruhlari va korxonalar kesimida rejalashtirilgan xaridlar, zarur mahsulotlarning texnik va jismoniy xususiyatlari to‘g‘risida onlayn tarzda ma'lumot olish, ekspertlardan maslahat olish imkoniyati yaratiladi.

Guruhda ikki tomonlama mazmunli muloqotni tashkil etish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati, tijorat, biznesni istiqbolli rivojlantirish, innovatsiyalar, gazni qayta ishlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, axborot texnologiyalari, xaridlar, sanoat va ekologiya xavfsizligi, sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi departamentlaridan salohiyatli mutaxassislar doimiy asosda guruhga biriktirildi.

Barcha ma'lumotlar bilan @ungcooperation Telegram-guruhi va ung.cooperation.uz portalida tanishishingiz mumkin.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: