Ekoqo‘mita raisi o‘rinbosari: Denovdagi voqea bo‘yicha jarima ham, 329 million so‘m zarar ham undiriladi

Jamiyat 18:36 / 13.07.2021 5298

«Daraxt kesganlik uchun aniq belgilangan jarima bor. Denovdagi holatda kesgan shaxsga nisbatan jarima qo‘llangan. «Denov tuman yo‘llardan foydalanish» UKning uchastka bo‘limi boshlig‘i J.F. ana shu jarimani to‘laydi. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori – 329 million so‘m. Bu yerda jarima va zarar summalari alohida ekanligini qayd etish joiz. O‘sha zararni esa J.F. ishlaydigan korxona to‘laydi. 329 million so‘m zarar yetkazilganlik holati bo‘yicha ish prokuraturaga oshirilgan.

Ana endi bu protsedura qanday bo‘lishiga kelsak. Tashkilot zararni to‘lash uchun biz bilan aloqaga chiqib, muddat so‘rasa, deylik, 5 oyda bo‘lib-bo‘lib to‘lab beramiz, desa biz unga o‘sha muhlatni beramiz va o‘zaro kelishuv asosida zararni undiramiz. Agar bu kontakt sodir bo‘lmasa, odatda, Majburiy ijro orqali undiramiz. Bu holda tashkilot hisob raqami kartotekaga olinadi va zarar to‘liq undirilmagunicha ochilmaydi», deydi Boqijonov.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov daraxtlar kesilishi holatida qo‘llanayotgan jarimalar miqdori taqsimoti haqida ham ma'lumot berdi.

«Daraxtlar kesilgani oqibatida qo‘llanadigan jarimalar miqdorining 60 foizi mahalliy hokimliklarda qoldiriladi, 40 foizi esa Ekoqo‘mita hisob raqamiga tushadi. So‘nggi 3 yillik ma'lumot shunday: aynan tabiatga yetkazilgan zarar tufayli qo‘llangan jarimalar va sanksiyalar tufayli undirilgan miqdordan 63 milliard so‘m mahalliy hokimliklar budjetiga tushgan. Yiliga 20 milliard so‘m atrofida. Bu pullar o‘sha hududlarda ekologiyani yaxshilash uchun sarflanishi kerak», dedi Ekoqo‘mita mas'uli.

U mahalliy hokimliklarda ekologiyaga, daraxtlarni nobud qilishga munosabat yaxshi emasligini afsus bilan qayd etdi.

«Hamma ham tabiatga mehrli emas. Shu o‘rinda biz yana jamoatchilikka tayanishimizni aytib o‘taman. Fuqarolarimiz faol bo‘lib, bizga vaqtida xabar yetkazib turishsa nur ustiga nur bo‘lar edi. Albatta, biz o‘zimiz ulgurmayotgan paytda bu bizga katta yordam bo‘ladi», deydi u.

Daraxtkesarlarga qarshi kurash doirasida jarima maydonlari tashkil qilinadi

Islombek Boqijonov

So‘nggi vaqtlarda, moratoriyga qaramay, daraxtlarni ayovsiz kesish holatlari ko‘payib bormoqda. Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari yangi qaror loyihasi haqida ma'lumot berdi.

«Biz yangi qaror loyihasini tayyorladik. Unga ko‘ra, har bir viloyatda jarima maydonchalari tashkil qilamiz. Bu maydonchalarning hududi 50 gektardan bo‘ladi.

Soddaroq tushuntirsam, bu avtoulovlarni jarima maydoniga qo‘yish amaliyotiga o‘xshash. Deylik, Denovda 109 tup daraxtni kesgan tashkilot o‘sha jarima maydoniga ekish mavsumi vaqtida qonunda belgilanganidek 1090 tup daraxt ekadi va parvarishini zimmasiga oladi. O‘sha uchastkada biz peshlavha osamiz: falon tashkilot faloncha daraxt kesgani uchun faloncha daraxt ekdi. Bu daraxtlarga va ularni 3 yil davomida parvarish qilishga shu tashkilot javobgar. Agar shu davr mobaynida biror daraxt qurib qolsa, o‘rniga yana ekadi», deydi Boqijonov.

Ko‘proq yangiliklar: