Kun.uz'ning UzbekLife loyihasi xorijdagi vatandosh shifokorlar bilan turkum suhbatlarini davom ettiradi. Navbatdagi qahramonimiz – Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi klinikada oilaviy shifokor sifatida faoliyat yuritayotgan Bobomurod Keldiyorov.
“BAAda yashash qimmat, lekin agar yaxshi mutaxassis bo‘lsangiz, bu muammo tug‘dirmaydi”
— BAA shifoxonalardagi yuqori standartlar bo‘yicha nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyoda eng oldi o‘rinlarda turadi. Qolaversa, islomiy muhit va kasbiy karerani rivojlantirishning ulkan imkoniyatlariga egaligi mamlakatga migrantlar oqimini oshirgan. Men ham ulkan orzular og‘ushida 2016 yilda bir hamkasbim bilan BAAga kelishga qaror qilgandim. O‘shandan beri shu yerdaman.
Turmush tarzi haqida gapiradigan bo‘lsam, bu mamlakat yashash va ishlash uchun qulay. Bu yerda dunyo erishgan barcha yutuqlar mujassam desam xato bo‘lmaydi. Shu bilan birga, islom madaniyati ham borki, hech bir jihat bir-birining rivojiga salbiy ta'sir etmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, Sharq-u G‘arb uyg‘unlashgan.
Bu yerda istalgan sohada kuchli, lekin sog‘lom raqobatga duch kelasiz. Ishlash uchun sharoitlar ancha yaxshi. To‘g‘ri, BAA – yashash eng qimmat mamlakatlar qatorida turadi. Yakka yoki oila bilan yashash katta sarf-xarajatlarni talab qiladi. Nafaqat yashash, balki bolalarni o‘qitish, ta'lim sohasida dunyoda qimmatligi bilan mashhur. Shunday bo‘lsa-da, agar siz sohangizning yetuk mutaxassisi bo‘lsangiz, yaxshi maosh va yaxshi sharoitda hayot kechira olasiz.
“Shifokorlik litsenziyasini olish ancha qiyin”
— Har bir sohada bo‘lgani kabi, tibbiyot sohasida ham sizdan katta mas'uliyat va tajriba talab qilinadi. Ko‘plab hamkasblarimiz Dubayda qanday ishlash mumkin, deb so‘rab qolishadi. Ularga aytadigan birinchi javobim – ingliz tilini puxta bilish.
Tibbiyot xodimlari bu yerda faoliyat yuritish uchun BAA Sog‘liqni saqlash vazirligidan litsenziya olish kerak. Rosti, o‘ta qiyin ish. Chunki soha bo‘yicha ingliz tilida imtihon topshirish lozim. Bu esa oson emas.
Boshqa mamlakatlar, xususan MDH mamlakatlariga solishtirsak, bu yerda ish topish birmuncha qiyin. Istalgan sohada yuqori, maksimum – AQSh, Kanada yoki Yevropada qanday standartlar bo‘lsa, o‘shanday standartlarga javob beradigan mutaxassisgina qabul qilinadi. Bizdagi bakalavr diplomining o‘zi kifoya qilmaydi. Bu yerda diplomdan keyingi talab bu – tajriba, ayniqsa, xalqaro tajribaga juda katta e'tibor qaratishadi.
Masalan, tibbiyotning tor sohalarida (xirurg, terapevt, travmatolog va h.k.) Britaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlarda ishlagan mutaxassislar faoliyat yuritishadi.
Dubay sog‘liqni saqlash tizimida vrachlar uch kategoriyaga bo‘linadi:
1. Umumiy amaliyot shifokorlari;
2. Tor sohadagi mutaxassislar;
3. Konsultantlar.
Bular faqat yuqori reytingga ega mamlakatda ishlagan va o‘qigan bo‘lishiga e'tibor qaratiladi. Kamida Britaniya SSV tan olgan diplom va AQSh, Kanada va Yevropa diplomlariga ega bo‘lganlar ishlashadi. Aynan mening ham shu yerda ishlashimga asosiy sabab – Angliyadan olgan magistr diplomim bo‘lgan.
Bu yerda aksar vrachlar – migrantlar. Umuman, Dubay asosan migrantlar mamlakati ekanini bilsangiz kerak. Shaharning tub aholisi 13-15 foiznigina tashkil etadi xolos.
“Klinikalar darajasi va mavqeyini nufuzli akkreditatsiyalar tasdiqlaydi”
— Bu mamlakatga kelishni maqsad qilar ekanman, albatta, birinchi o‘rinda xalqaro tajribaga ega bo‘lishim lozim edi, chunki so‘nggi yillarda tibbiyot sohasida yangiliklar juda ko‘p, bularni o‘zlashtirish va farzandlarim uchun ham ularni xalqaro standartlardagi maktablarda o‘qitishni niyat qilgandim.
Tibbiyot sohasida BAA qisqa vaqt ichida juda katta yutuqlarga erishdi. Bu yerda yuqori nufuzga va tajribaga ega shifoxonalar ochildi, faoliyat yurityapti. Men ishlaydigan Kanadian Special Hospital xalqaro sertifikatga ega. Joint Commision International (JCI) akkreditatsiyasiga ega klinikalar qatorida joylashgan.
Bu akkreditatsiya nima? Bu – AQShda joylashgan markazning akkreditatsiyasi. Bu dunyodagi eng yuqori standartlarga ega markaz hisoblanadi. Bu akkreditatsiyani olish har bir klinika uchun o‘ta mashaqqat bo‘lib, uni o‘zlari uchun obro‘ sanashadi. Buni olish uchun AQShdagi mutaxassislar klinikani tekshiruvdan o‘tkazadi. Har 3 yilda tekshirib turishadi. Ya'ni siz doimo yuqori standartga javob berishingiz, ishingizda pasayish bo‘lmasligi lozim.
Bu akkreditatsiyani olish uchun mingdan ziyod elementlar tekshiriladi. Faqat vrachning malakasinigina tekshirishmaydi, balki bosh-oyoq, tirnoqqacha tekshiriladi. Vrachlar, hamshiralar, administratsiya, sharoit, dorilar, qo‘llanmalar, operatsiyalar va hokazo.
Hozirgi kunda Hindistonda tibbiyot va tibbiyot turizmining rivojlanishiga sabab – JCI nufuzli akkreditatsiyaga ega hospitallarning ko‘payishi. Tasavvur qiling, aynan shunday markazlar BAAda 200 dan ziyod. Klinikalar, diagnostik markazlar va hokazo.
O‘zbekistonda, bilishimcha, birgina shifoxona shu akkreditatsiyani qo‘lga kiritgan. Bunday shifoxonalar katta obro‘ga ega bo‘ladi. Mijoz va bemor tanlov vaqtida aynan shu jihatga etibor qaratadi. Bemorlar o‘z sog‘ligi va hayotini aynan shu kabi klinikalarga ishonadi.
Bizga dunyoning turli nuqtalaridan bemorlar kelishadi. Yevropalik yetakchi vrachlar aynan shunday akkreditatsiyasi bor klinikalarda ishlashga qiziqishadi.
“Qandli diabet – BAAda ancha dolzarb muammo”
— BAA – katta iqtisodiy resurslarga ega, geografik qulay joyda joylashgan mamlakat. Bu yerga istalgan yangiliklar kelishi juda ham tez, ularni hayotga tatbiq qilish esa juda oson va shunday tizimlashtirilgan. Shuningdek, tinimsiz konferensiya, seminar, tajriba almashishlar o‘tkazib turiladi. Bunda har bir sohaning yetuk mutaxassislari tajribalari bilan o‘rtoqlashishadi, ayniqsa, sog‘liqni saqlash sohasida tom ma'noda juda katta quvvatlovni sezib turasiz.
Shu bilan birga, bir qancha muammolar ham yuzaga chiqqan, masalan, aholining boyishi va g‘arbning ta'siri, g‘arb taomlari kirib kelishi oqibatida semizlik va qand kasalligi avjiga chiqdi. Hozirda aholining qariyb 20 foizi qand kasalligiga chalingan. SSV buni o‘z vaqtida bartaraf etish va kamaytirish uchun ishlar olib bormoqda. Qandli diabetni davolash borasida mutaxassislar tayyorlash boshlandi. Men ham shu yo‘nalishda o‘qiyapman. Dunyoning yetuk o‘nligiga kiradigan Varvik universiteti yordamida 1 yillik o‘qish tashkil qilingan.
“Bemorni xususiy tartibda uyda davolash – noqonuniy, litsenziyadan mahrum qilishlari mumkin”
— Koronavirus pandemiyasi butun dunyoda yomon asoratlarga olib keldi, shu jumladan, Dubayda ham. Kasallik kirib kelgan qish-bahor mavsumlari turizmning cho‘qqiga chiqqan vaqtlari edi. Bu mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy ta'sir qildi.
Yuqorida aytganimdek, BAAda tibbiyot juda qimmat. Turistlarda tibbiy sug‘urta bo‘lmasa, yanada qimmat. Pandemiya vaqtida ko‘p turistlar qiyin ahvolda qolishdi.
Dubayda O‘zbekiston konsulligi vatandoshlarimizga katta yordam berdi. Ko‘plab o‘zbekistonliklar qiyin ahvolda edi. Bu yerda oddiyroq kasal bo‘lsangiz ham, oddiygina dorini ham retsepsiz ololmaysiz. Karantin davrida surunkali kasalliklari bor bemorlar dorisiz, pulsiz, vrach ko‘rigisiz qolishdi. Konsullik tomonidan o‘z vaqtida kovid shtabi tashkil qilindi. Men ham imkon qadar vatandoshlarga yordam berdim.
O‘zbekistonda hamshiralarni chaqirib, uyda ukol olishingiz mumkin, dori olishingiz oson. Lekin bunday protseduralar BAAda noqonuniy hisoblanadi. Kasal bo‘lsangiz, shifoxonaga borib muolaja olishingiz shart. Bizga ham, tabiiyki, bemorlarning uyiga borib ularni davolash mumkin emas. Qonunni chetlab o‘tib, kimnidir davolaydigan bo‘lsam, tezda litsenziyamdan ayrilaman.
Misol uchun, Farg‘onadan kelgan yurtdoshimiz bel churrasi og‘rig‘i bilan imkonsiz qolib ketdi, shunda biz imkon qadar unga yordam berdik. Tibbiy konsultatsiyalar, muolajalar qilishimizga to‘g‘ri keldi baribir.
“Shifokorlarga 10 yillik viza beriladi”
— BAAda rezident viza olish uchun ishingiz bo‘lishi lozim. Ish joyingiz bilan berilgan shartnoma asosida sizga viza beriladi va u viza 2 yil muddatga amal qiladi. Shifokorlarga esa alohida qonun chiqarilgan: yaqindan boshlab sohamiz vakillariga 10 yillik golden viza beriladigan bo‘ldi. Bu viza juda yaxshi qaror, barcha shifokorlar juda xursand bo‘ldi. Endi 10 yil davomida shifokor oilasi viza borasida muammosiz yashay oladi.
Kovid davrida vrachlarning o‘rni nihoyatda sezildi va hukumat ularga minnatdorlik sifatida shu ishga qo‘l urdi.
“Hamshiraga qo‘l ko‘targan bemor 6 yilga qamaldi”
— Shu o‘rinda bir gap. O‘zbekistonda vrachlarni tahqirlash, kamsitish, hatto jismoniy tazyiqlar o‘tkazish uchrab turadi. BAAda bu masalaga juda jiddiy qarashadi. O‘tgan hafta bir voqea sodir bo‘ldi va butun amirliklarga shov-shuv bo‘lib ketdi. Bir bemor achchiq ustida hamshiraga shapaloq urib yuborgan. Ishonasizmi, o‘sha odam 6 yilga qamaldi.
Afsuski, O‘zbekistonda hamkasblarimizga nisbatan bo‘layotgan muomala va munosabatdan xafa bo‘lib ketaman. Istardimki, shifokorlarga munosabat o‘zgarsa. BAA bu soha vakillarini juda qadrlaydi: nafaqat so‘zda, balki qonunda ham buni aks ettirib qo‘ygan.
Xorijliklarga munosabat
— Mamlakatda rezident va norezidentlar orasida uncha farq sezilmaydi, siz o‘zingizni kamsitilgandek his qilmaysiz. Chunki 200 dan ziyod millat yashaydi va ishlaydi. Qonunni barcha hurmat qiladi, amal qiladi. Hamma bir-biriga yaxshi munosabatda bo‘ladi.
BAA bu masalada juda qattiq nazorat o‘rnatgan. Tolerantlik juda yuqori darajada. Chunki bu yerning iqtisodiyoti va mamlakatning boshqa jihatlari bo‘yicha rivoji aynan chetdan kelganlar hisobiga o‘sib boradi. Ayniqsa, mutaxassislar bu yerda juda e'zozda.
Shifokorlar oilasi
— Oilam bilan birga yashaymiz. Ayolim – umumiy amaliyot shifokori. 3 nafar farzandim bor, katta o‘g‘lim 19 yoshda. Tibbiyot institutida o‘qiyapti. 2-kurs. Ikki qizim shu yerdagi maktablarda o‘qishyapti.
Kelajagim borasida biror aniq narsa deyolmayman, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Kun kelib vatanga qaytib, shu sohada ishlash niyatim ham bor.
Bobur Akmalov suhbatlashdi.
***
Ushbu rukndagi boshqa suhbatlar: