«O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, adib Dadaxon Nuriyning vafoti munosabati bilan uning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya bildiradi.
Janoza namozi bugun soat 19:00da Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Tamaraxonim ko‘chasi 2-uy hovlisida o‘qiladi. Marhum «Minor» qabristoniga qo‘yiladi», deyiladi ta'ziyanomada.
Dadaxon Nuriy 1943 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining Sharq fakultetini tamomlagan.
Hamza nomidagi akademik drama teatrida rassom, maxsus maktablarda hind tili o‘qituvchisi, «Guliston», «Gulxan» jurnallari va O‘zbekiston televideniyesida adabiy xodim va muharrir bo‘lib ishlagan.
Dastlabki lirik qissasi – «Oqshom qo‘shiqlari» (1963). Shundan so‘ng yozuvchining «Begona» (1968), «Bog‘larda bahor», «Mashina Kashmirga boradi» (1970–71), «Osmon ustuni» (1976), «Shahar tegirmoni» (1990), «Begona» (1991) kabi kitoblari nashr etilgan.
Esse, sayohatnoma janrida ham asarlar yozgan («Daricham ro‘parasidagi Pokiston» – 1996 yil; «Oltin devor tirqishidan»–1998; «Azim chinorlar panohida» – 2005; «Ram sohibdan hammaga salom» – 2007). Ayniqsa, yozuvchining «Boysun junglilaridan Kandi o‘rmonlarigacha», «To‘qilmagan sarguzashtlar» kitobi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgan.
Dadaxon Nuriy so‘nggi yillarda «Niqobsiz Amerika va boshqa manzilgohlar» (2010), «Olisdagi dala bog‘», «Iztirob» (2017), «Vijdon hayqiriqlari» (2018) kabi kitoblarni yozdi.
Asarlari hind, urdu, ingliz, qozoq, koreys, turk va rus tillariga tarjima qilingan.