Kun.uz 6 iyul kuni Namangan shahri Hamroh ko‘chasida yashovchi ikki fuqaroning uyi kompensatsiya to‘lanmasdan buzilgani haqida maqola e'lon qilgandi.
Maqoladan so‘ng, Namangan shahar hokimligi vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Kun.uz surishtiruvi va hokimlik bayonotida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lgani bois masalani takroran o‘rganishga qaror qildik.
“Snos”lar o‘chog‘iga aylangan Hamroh ko‘chasiga bu galgi tashrifimizda bizga Namangan shahar hokimligi vakillari hamrohlik qildi.
Ko‘chada qayta qurish va obodonlashtirish ishlari shahar hokimining 2017 yil avgust oyidagi 994-sonli qaroriga asosan boshlangan. Hududda zamonaviy obektlar va ko‘p qavatli uylar qurilishi bois ko‘chadagi 200ga yaqin uy “snos”ga tushgan.
Aholi bilan suhbat davomida aniqlandiki, Hamroh ko‘chasida yashovchi qator xonadon egalarida “snos” bilan bog‘liq muammolar bor.
Uy peshtoqiga prezident suratini ilish – himoya chorasi
Dastlab, uyining peshtoqiga prezident Shavkat Mirziyoyevning surati va uning shaxsiy mulkni egasining roziligisiz buzish jinoyat ekanini eslatuvchi so‘zlari yozilgan plakat osilgan xonadon boshlig‘i bilan suhbatlashdik.
Husanboy va Hasanboy Qosimovlar o‘z oilalari bilan Hamroh ko‘chasidagi 51-uy 4-xonadonda istiqomat qilishadi. Ularni uylari “snos”ga tushgani haqida 2017 yilda ogohlantirishgan.
“Bizni bundan 4 yil oldin uyimiz buzilishi haqida ogohlantirishgan. Ko‘rib turibsizlar, yonimizdagi uylarni buzishib tashlashdi. Men Rossiyaga borib, nonvoychilik qilib ishlab kelaman. “Rossiyaga ketsam uyimizni buzishmasin”, deb ishlagani ham bora olmayapman. Yaqinda shahar hokimi qo‘shnilar bilan bizni kelishuvga chaqirtirdi. Qo‘shnilar bilan kelishishdi. Men kelisha olmadim.
Bu uyda ikkita oila – 10 kishi yashaymiz. 4 xona uy va oldida hovlichamiz bor. Men 130 ming dollar kompensatsiya so‘radim. Taklif qilishsa, undan oziga ham ko‘nardim. Bizga xuddi o‘zimiznikidek hovli olish uchun yetarli mablag‘ kerak. Quruvchilar boshida mana shu joyga tushadigan kvartiralardan bermoqchi bo‘lishdi. So‘ng: “Bu uylar qimmat, sizlarga to‘g‘ri kelmaydi”, deyishgan.
Uyimiz peshtoqiga prezidentimizning so‘zlari yozilgan suratni ildim. O‘zimizni va bizga o‘xshaganlarni himoya qilish uchun shu yo‘lni tutdim. Hech kim prezident so‘zlariga xiyonat qilmasligi kerak”, – deydi Husanboy Qosimov.
51-uy 5- va 6-xonadonlar egasi Ilhomjon Yunusov uyining narxi bo‘yicha shahar hokimligi bilan kelishuvga erishishi arafasida ekanini aytdi.
“Hokimiyatdan vakillar kelib, turli takliflarni bildirishdi. O‘tgan hafta shahar hokimi qabulida bo‘ldik. “Rozi qilamiz, takliflarni beringlar”, deyishdi. Nasib qilsa, shu kunlarda kelishuvga erishamiz”, – deydi u.
Ravzaxon ona Abdullayeva ko‘chadagi 58-uyda o‘g‘li, kelini va nabiralari bilan yashashini aytadi.
“Uch yil oldin uyimiz “snos”ga tushgan. Atrofimizdagi uylar buzilib ketdi. Hammayoq kavlab tashlangan. Nabiralarimiz chuqurlar yonida o‘ynaydi.
Bizga uyimiz o‘rniga beriladigan joyni ko‘rsatishdi. Shaharning juda chekkasida ekan. Yana bir kelib, o‘sha chekka joylardan ko‘rsatishdi. Rozi bo‘lmadim.
Biz shahar markazida yashab o‘rganganmiz. O‘zim qandli diabet kasalim bor. Ikki xonali uyimiz, kichik bo‘lsa-da, hovlimiz o‘rniga shu atrofdan hovli so‘radik. Narxi 33 ming dollarga atrofdan hovli topdim. Shahar hokimligi qimmat deb, olib berishga rozi bo‘lmadi. Axir xuddi o‘zimiznikidek markazda, gaz, “svet” o‘chmaydigan, maktab, bog‘cha, poliklinika yaqin yerdan uy so‘rashga haqqimiz bor-ku?” – deydi R.Abdullayeva.
“Biz qonuniy haqqimizni so‘radik”
Kun.uz maqolasi e'lon qilinganidan so‘ng, Namangan shahar hokimligi matbuot xizmati murojaatchilardan biri bo‘lgan Fozil Ustaboyevning so‘zlari yolg‘on ekani, unga hokimlik tomonidan 4,4 million so‘m pul mablag‘i va qurilish materiallari berilgani haqida videomaqola e'lon qildi.
Biz Fozil Ustaboyevdan shu haqda so‘radik.
“Haqiqatda menda uyimning egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat yo‘q. “Snos” jarayoni boshlanganida men hujjatlarimni tiklash uchun turli idoralarga murojaat qilganman. Shahar hokimi menga: “Agar shu yerda uzoq yillardan beri yashaganingizni mahalla fuqarolar yig‘ini va qo‘shnilar tasdiqlasa, sizga ham barcha qatori kompensatsiya beriladi”, degandi. Lekin unday bo‘lmadi.
Shahar hokimi o‘rinbosari siz bilan suhbatda mening uyim yashab bo‘lmas darajadagi abgor holatdagi bir bino bo‘lganini aytdi. Aslida unday emas, qo‘shnilar shuni tasdiqlashi mumkin. Uyim qasr bo‘lmasa ham, yashash uchun sharoit bor edi. Qayta qurish ishlari boshlangach, uylarimizni elektrdan, gazdan uzishgach, yashash uchun onamning uyiga ketganman.
Shahar hokimligi menga qurilish tashkiloti tomonidan 4,5 million so‘mdan ziyod pul berilgani haqida xabar tarqatganini ko‘rdim. Men hech kimdan uyim evaziga bir tiyin ham pul olmaganman. Inkor etmayman, 3 tonna sement berishgan. Bu qanaqasi? Butun boshli uy evaziga uch tonna sement berib, noqonuniy buzib tashlayverishadimi?” – deydi Fozil Ustaboyev.
Jamol Papalodzeda esa uyga tegishli hujjat bor. Shunday bo‘lsa-da, uning uyi ham roziligisiz buzib tashlangan.
“Ayni paytda ijarada yashayapmiz. Barcha hujjatlarimiz bo‘lsa-da, uyimizni kompensatsiya to‘lamasdan, ogohlantirishsiz buzib tashlashdi.
Shahar hokimligiga borsam: “Uyingizni yo‘l qurilishdagilar buzgan” deyishdi. Yo‘l qurilishidagilar esa: “Biz qanday buzamiz, hokimiyat buzdi-ku!” deb bir-biriga to‘nkashmoqda.
Adliyaga murojaat qildik. Natijasini kutyapmiz. Uyimizning buzilishi bo‘yicha yozma ravishda yoki og‘zaki ogohlantirish berishmadi. Uysiz, joysiz, mulksiz ko‘chada qoldik. Hokimiyat uchun qonunlar ishlamaydimi?” – deydi J.Papalodze.
Hokim o‘rinbosari fuqaroning uy noqonuniy buzilganini tan oldi
Hamroh ko‘chasida Namangan shahar hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulbosit Ismoilov bilan ham suhbatlashdik.
U bilan kamera oldida qilgan suhbatimiz davomida mutasaddi mazkur lavozimga yaqinda tayinlanganligini ro‘kach qilib, ko‘p savollarimizga javob bera olmasligini aytdi.
“Fozil Ustaboyev buzilgan uyga nisbatan egalik huquqini beruvchi hech qanday hujjat taqdim qila olmadi. Shuning uchun binolar buzib tashlandi.
Jamol Papalodzening barcha hujjatlari bor. Uning uyini buzish ishlarida hokimlik qatnashmagan. Bu uy haqiqatan ham noto‘g‘ri buzilgan. Jamol Papalodze sudga murojaat qilishi mumkin”, – deydi A. Ismoilov.
Hokim nima deydi?
Namangan shahar hokimi G‘ofir Jamolov biz bilan suhbatda, buzilishga tushgan turar va noturar joylarning kompensatsiyasi investorning zimmasiga yuklatilgani, fuqaroni rozi qilgan holda buzish ishlarini olib borib, qurilish jarayonini amalga oshirishi kerakligini ta'kidladi.
“Yashab turgan fuqarolar bir necha bor ogohlantirilgan. Bir necha bor og‘zaki va yozma muzokaralar olib borildi. 2018 yilda amalga oshiriladigan qurilishlar, ularga beriladigan ogohlantirishlar, har qanday hujjatlarimiz bo‘lsa, sizlarga ochiqlashga tayyormiz.
Jamol Papalodze uyining buzilishi masalasiga kelsak, qurilish tashkilotining rahbari u bilan kelishuv bo‘lganini, o‘sha kelishuv asosida uyni buzganini ta'kidladi. Bu holatni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, alohida nazoratga olganman. Chunki mulk egasining huquqi poymol bo‘lmasligi kerak. Buni biz o‘zimiz nazoratga olamiz. Bu – bizning to‘g‘ridan to‘g‘ri vazifamiz, oxiriga yetkazamiz”, – deydi shahar hokimi.
Xulosa shuki, Hamroh ko‘chasida qayta qurish ishlari boshlanganidan beri “snos” bilan bog‘liq ishlar tizimli va tartibli ravishda yo‘lga qo‘yilmagan.
Hokimlik vakillari bizga “snos”ga tushgan ko‘cha aholisi bilan o‘tkazilgan umumiy yig‘ilish, “snos”ga tushgan xonadonlar ro‘yxati, xonadon egalariga berilgan ogohlantirish xatlari, uylarni baholatish bilan bog‘liq biror hujjatni uch kun davomida taqdim qila olmadi.
Eng qizig‘i, ayrim fuqarolarning uyi hech qanday kompensatsiya berilmay buzib yuborilgan. Hokimiyat esa ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib olgan. Mutasaddilar o‘zlarini go‘yoki uyni kim buzganidan bexabardek tutmoqda.
Bunday pala-partishliklar davom etaverishi fuqarolarda davlat idoralariga nisbatan ishonchsizlikni oshirib boraveradi.
Fuqarolarning buzilgan huquqlarini ta'minlashda prokuratura va adliya organlaridan tashabbus kutib qolamiz.
Elmurod Ermatov,
Kun.uz maxsus muxbiri
Operator va montaj ustalari –
Jahongir Mahmudov, Boymirza Xalilov