Suhbatdosh 1984 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2009 yilda Turkiyaga kelgan. Istanbulda hozir tarjimonlik va biznes bilan shug‘ullanadi.
Men ham uy ishlaridan boshlaganman
Turkiyada o‘zbek ayollari asosan uy ishlarida ishlashadi. Bola boqish, qariyaga qarash kabi. Pandemiya sabab bu kabi ishlar va chet elliklarni ishga olish kamaydi. Chunki hamma o‘zidan qo‘rqyapti. O‘zbek ayollari asosan uy ishlarida ishlaydi. Bunga ham juda katta sabr kerak. Buni ishlaganlar biladi. Ko‘pchilik Rossiyada ishlab kelib, bu yerda ham ishlab keta olaman deb o‘ylaydi. Lekin bu noto‘g‘ri. U yerda mustaqil ishlash mumkin, ya'ni ishga borib qaytib keladi. Istanbulda unday emas. 24 soat bir oilada qolish va yashash kerak. Har bir oila a'zosiga moslashish talab qilinadi. Yangi kelinlikdek gap. Lekin undan ham qiyinroq.
Chunki biz tanimagan muhit, madaniyat, til. Ko‘pchilik bu yerga til bilib kelmaydi. Ya'ni ayollarning ko‘pchiligi til bilmay keladi va qiynaladi. 3 oy moslashishga va til o‘rganishga ketadi. 6 oyda moslashib ketasizlar deyman. Lekin mablag‘i bor inson bu yerga kelib ancha-muncha biznes qilsa bo‘ladi. Ko‘pchilik tijorat – kiyim-kechak sotish bilan bilan shug‘ullanadi. Men uy ishlaridan boshlaganman. 24 soat ishlardim. Haftada bir kun dam olish bo‘lardi. Lekin hozirgacha o‘sha oilalar bilan bordi-keldi qilib turaman.
Hech kim o‘z-o‘zidan chet elga chiqib ketmaydi
Illat izlaganga illatdir dunyo, hikmat izlaganga hikmatdir dunyo deydilar. Niyatni boshidan yaxshi qilib, halol pul topaman deb harakat qilsa hammasi yaxshi bo‘ladi. Hech kim o‘z-o‘zidan chet elga chiqib ketmaydi, asosan qiyinchilik sabab chetga chiqib ishlaydi. Bundan keyin kamaysin, hamma oilasining yonida bo‘lsin. Ayniqsa, ayollar. Farzandlarini tashlab ketmasin. Bu juda qiyin. Yo‘lidan adashganlar ham uchrab turadi.
Lekin ular sabab halol ishlab pul topayotganlarni ham yomon otliq qilish kerak emas. Hammani bir insonga qiyoslash xato. Men ham Turkiyaga ketyapman deganimda, nima qilasan u yerda deb boshqacha qarashgan. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarim bor, kuzatishadi. Havas qiladiganlar ham, qoralaydiganlar ham bor.
Sifat insonning qandayligini ham ko‘rsatadi
Biznes qilish qiyin. Aldanib qolish mumkin. Mening tanishlarim ham kelib arzon, ya'ni sifatsiz mollar olib ketganlari bo‘lgan. Bunday muammolar bo‘ladi. Tanlayotganda auditoriyaga bog‘liq. Atrofimizdagi insonlarga ishonaman. Hamma narsaning hisobini qilish kerak va hech qachon arzon molga intilish kerak emas.
Chunki sifat insonning ham qandayligini ko‘rsatadi. Auditoriya juda muhim. Men bu ishni 8 yil oldin ham boshlab ko‘rganman. Lekin yig‘ishtirgandim. Nega? Chunki sotadigan odamim bo‘lmagan. U yoqda pul yig‘ib beradigan odam aniq bo‘lishi kerak. Tovarlar sifatli bo‘lish zarur. Sifatsiz narsa pul tikilib baribir qolib ketadi.
Turkiyaga keluvchilar nimalarga tayyor bo‘lishi kerakligi haqida
Turkiyaga keladigan inson sog‘ bo‘lishi kerak, tabobat xizmati qimmat bu yerda. Sabrli bo‘lishi kerak. Erkaklar ham, ayollar ham sabrli bo‘lishi lozim. Hammaga ham ishonish yaramaydi. Kelsang senga ish beraman deganlarga, ayniqsa. Kelgandan keyin kim bunday qiladi? Ishonuvchan bo‘lishmasin, qonuniy ishga kirishga harakat qilishsin.
Norasmiy ishlatish ularga oson. Ishchilar o‘zi hujjat bilan ishlashni talab qilishi lozim. O‘zim bola boqishda ham, qariya qarashda ham ishlaganman. Bu yerda hamma narsa rejali. Soat 12da ko‘k choy, kechasi 12 yarimda kofe, tungi birlarda meva. Keyin kirib yotib, ertalab 5 da uyg‘onish kerak. Robot kabi xizmat qilasiz. Hamma oilalar ham bunday emas, menda shunday bo‘lgan. Bola boqishda bolalar tarbiyasi og‘ir kelishi mumkin. O‘zbeklarda boshqacharoq tarbiya beriladi. Birinchi ahamiyat berilgan narsa ularni turtkilamaslik, urushmaslik, chimchilamaslik. Chimchilab sudlashib ketganlarni ham eshitganman.
Hamma narsa harakatda
Instagramni ochsam, moliyaviy tomondan ko‘p yordam so‘rashadi. Pul so‘rash o‘zi qiyin. So‘raganning bir yuzi, bermaganning ming yuzi qora deyishadi. Eng ko‘p murojaatlar – kelinlar xatlar yozishadi oilamga yordam bersam, nima ish qilsam bo‘ladi deb. Shuncha ishni qanday eplaysiz, motivatsiya bering deyishadi. Aytamanki, hamma narsa harakatda. Harakatda barakat. Bu mening shiorim. Hozirgi davr qiyin, lekin harakat qilgan odam barakasini ko‘radi. Men o‘zim necha marta noldan ko‘tarilganman.
Akam g‘oya bergan
2017 yilda kanal ochganman YouTube’da. 1-videolarim qo‘lda narsa tayyorlash va ovqat pishirish haqida bo‘lgan. Hamma gapirib qilganimga qiziqib obuna bo‘lgan. Bittada ko‘tarilib ketgan video mastava videosi bo‘lgan. Bir kechada bir yarim mingta bo‘lgan. 30 ta bo‘lardi u paytlar. O‘shandan keyin odamlar ham tez ko‘paydi. Fevralda boshlaganman. Bir oy YouTube’ni o‘rganganman. Hech kim menga yordam bermagan. Akam g‘oya bergan, shu bilan davom etdim. Shunaqa qilib ko‘tarilgan. 270 mingta obunasi bilan 2019 yilda yopilib ketgan.
Hozirgi kanalim boshqa. Haligacha ovqat videosini kutishadi. Lekin bola bilan qiyin. Blogga urg‘u berdim hozir. Sal tanaffus qildim va yana davom etishga harakat qilaman. Yopilgan kanalimdan eng ko‘p oylik 1700 dollar bo‘lgandi bir oyda. Hozirgi kanalimda 500-600 dollar bo‘ladi. Hozir asosiy ishga kirdim. Bu hobbi men uchun.
Cho‘qqiga chiqib olguncha harakat qilish kerak
Men turk fuqarosiman hozir. Lekin ishxonamizda chet elliklarni ham ishlatishyapti, bir nafar o‘zbek shifokori bor. Mening ma'lumotim, diplomim yo‘q. Attestatim ham yo‘q. Birinchi menga ish bergan narsa auditoriyam bo‘ldi. Ular menga Instagram’dan “podpiska” yuborishdi. Kuzatuvchilarim oddiy insonlar bo‘lgani uchun ularni ham oddiy kuzatuvchi deb o‘ylaganman. Bu markaz menga taklif yuborganda, kirib qaradim. Sun'iy urug‘lantirish haqida sahifa ekan, kasalxona sahifasi. Menga bu bo‘yicha ham murojaat qilib, qaysi markazga boraylik deb so‘rovchilar bor edi. Men ularga yozdim, mendan ko‘p so‘rashadi, sizlarni reklama qilib berishim mumkin, pul evaziga deb. Keyin javob yozishmadi, ikkinchi marta yozganda javob berishdi. Men ularga o‘zim haqimda, obunachilarim, imkoniyatlarim haqida yozdim. Raqamlar so‘rashdi. Berdim. Bir haftadan keyin yana eslatdim. Ertasiga markazga taklif qilishdi. Taklifning o‘zidayoq men shifokorni juda yaxshi ko‘rdim. Chunki O‘zbekistonga juda ko‘p borgan ekanlar, u yerdagi markazlar ochilishida ishtiroklari bor ekan. O‘zbek tilini ham uncha-muncha bilib, o‘zbekcha ovqatlarni yaxshi ko‘rarkanlar, eng qizig‘i. O‘zbeklar qardosh bizga dedi. Ishlashga kelishdik va auditoriyaga tanit bizni deb aytishdi. Hamma jihozlar bor. Hattoki bir jihoz bor, undan butun dunyoda o‘n dona. Bittasi bizning markazda va 250 mln yevro turadi. Shifokorlar hammasi tajribali. Avval o‘zim o‘rgandim, yoqdi. Shunday ishlashni boshladik. Aprelda O‘zbekistonga borib keldik. Shundan keyin seni rasmiy ishga olamiz deb aytishdi. Hujjatlar to‘g‘rilandi. Diplom yo‘q ekanini aytdim. Boshqa hujjatlar yetarli bo‘lishini aytishdi. Shu oyning birinchi sanasidan rasmiy ishga olindim. Bugun inson hayotida ijtimoiy tarmoqlar katta rol o‘ynayapti. Men hech qachon tashlab qo‘ymadim. Tashlab qo‘ysangiz, ortga surilib ketaveradi. Shunday bo‘lmasligi uchun o‘zingiz harakat qilishingiz kerak to cho‘qqiga chiqib olguncha. Hamma narsa boshida qiyin bo‘ladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda odam ko‘paytirish qiyin bo‘ladi boshida.
Auditoriya bormi, ortingda katta kuch bor degani, rizq eshigi bor degani. Keladiganlar o‘ylab-o‘ylab, tarozining ikki pallasiga qo‘yib kelishsinki, bu yerda oson bo‘lmaydi va hech qayerda oson emas.
To‘liq videoni UzbekLife'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.
Isfandiyor Burgutboyev suhbatlashdi.