Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi ishchi guruh Milliy gvardiya xodimlari tomonidan Urgut tumanidagi bolalar yozgi dam olish oromgohiga kiritilmagan. Bu haqda Xalq deputatlari viloyat Kengashining ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Mirzo Ixtiyorov ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil 1-3 iyul kunlari Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi ishchi guruh tomonidan viloyat hududida joylashgan bolalar yozgi oromgohlarida o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish jarayonida aksariyat oromgohlarda turli kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, ularda obodonlashtirish ishlari talab darajasida bajarilmagani, bolalarga ovqat tayyorlash va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashda sanitariya talablariga rioya etilmayotgani qayd qilingan.
Ta'kidlanishicha, joriy yil 6 iyul kuni viloyat hokimligida sanitar soati o‘tkazilgan va unda bolalar yozgi oromgohlaridagi holatlar muhokama qilingan. Muhokamada mas'ullarga kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir hafta muddat berilgan hamda oromgohlardagi holat yana qayta o‘rganilishi belgilangan.
Bugun 11 iyul kuni Mirzo Ixtiyorov boshchiligidagi viloyat hokimligi ishchi guruhi Urgut tumanida joylashgan «Bahora» bolalar yozgi dam olish lageriga borgan. Ammo Milliy gvardiya xodimlari ularning oromgohga kirishiga ruxsat bermagan. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu oromgoh «Samarqand Don Mahsulotlari» AJ tomonidan yangi qurilayotgan bo‘lgan.
«Mamlakat ichidagi mamlakat! Urgut tumanidagi «Bahora» bolalar yozgi dam olish oromgohiga viloyat hokimligining ishchi guruhi xodimlari kiritilmadi. Milliy Gvardiya Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari koinotga oid hujjatlarni talab qilishdi. Urgutdagi oromgohlarda ega yo‘q. Ular viloyat Kengashi deputatlarini ham, viloyat tashkilotlarini ham bir tiyinga olmaydi. Ayniqsa, Milliy Gvardiya Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari hech kimni va hech narsani tan olmaydi. L. Yaxshilikov tugul Respublika qo‘mondoniga murojaat qilsangiz ham bir tiyin. Oromgoh viloyat don mahsulotlari tashkilotiga qarashli», deb yozadi Mirzo Ixtiyorov o‘zining telegram-kanalida.