Buvaydalik Jumaqo‘zi O‘ktamov uzoq yillardan buyon yer bilan til topishib, qovun ekishning havosini olgan dehqonlardan. U uzoq yillardan buyon qovun ortidan yaxshigina daromad topib kelyapti.
Dehqonga yetishtirgan hosilini paydar-pay yig‘ib olish uchun uch o‘g‘li ham yonida turib yordam bermoqda.
Qovun ekishga qiziqish
«Yoshligimizda otam qovun ekib yurardi. Otam ortidan biz ham qovun parvarish qilib, dehqonchilikni birmuncha o‘rganganmiz. 2010 yili Mansur degan 40 yillik qovunchi dehqon bilan tasodifan tanishib qolganman. Mansur aka o‘shanda uch o‘g‘lingiz bor ekan, birgalashib qovun ekinglar, kam bo‘lmaysiz, deb aytgan edi.
Shu voqea sabab bo‘lib, qovun ekishni boshladim. Birinchi yili Mansur aka yordam berib turdi. Sekin-astalik bilan dehqonchilikning havosini oldim. Ham otam, ham Mansur aka turtki bo‘lib, kasbimni qovun bilan bog‘ladim. Endi esa ko‘plar kelib, mendan dehqonchilikni o‘rganib ketyapti.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani Oqtepa qishlog‘ida yashayman. Qovunni esa Rishton tumani Yangiobod qishlog‘iga ekkanman. Uyimdan paykalgacha masofa 24 km chiqadi. Har kuni qatnayman», – deydi Jumaqo‘zi aka.
«Obi novvotning mazasi ham, hidi ham o‘zgacha»
«1 gektar yerga 6 ming dona qovun ko‘chati sig‘adi. 6 ming dona ko‘chatdan bittadan meva bersa ham ko‘p narsa bo‘lib ketadi.
O‘zi bir tup ko‘chat 3-4 ta qovun tugadi. Har bir tup ko‘chatdan bittadan meva hisoblasak, 6 ming dona qovun o‘rta hisobda 5 ming so‘mdan sotilsa, 30 million so‘m pul bo‘ladi.
Qovun – xalqimiz sevib iste'mol qiladigan eng sara poliz mahsulotlaridan biri. Obi novvot, ko‘kmag‘iz degan qovun navi ekib kelaman. Qovunlarni chet davlatga ham olib ketishyapti. Obi novvot mazasi ham, hidi ham o‘zgacha bo‘lgani uchun xaridorgir», – deydi dehqon.
«Quyosh qancha qizdirsa, qovunlar shuncha serto‘r va shirin bo‘ladi»
Jumaquzi aka qovunga o‘z vaqtida suv ochish kerakligini ta'kidladi. Hosil kutilmaganda nobud va sifatsiz bo‘lmasligining oldini olib, hasharotlarga qarshi o‘z vaqtida dori solish ham kerak bo‘lar ekan.
«Qovunni uzib, mashinaga yuklab olib ketish uchun paykalga maxsus yo‘laklar qilganmiz. Ilgari qovunlar paykal ichidan qoplarga solinib, yelkaga ortilganicha olib chiqilgan.
Qovunlar 5 kunda bir uziladi. Rosa tezlagan paytida har 3 kunda ham yetiladi. Mana hozir harorat juda issiq bo‘lyapti. Havo harorati qanchalik issiq bo‘lsa, qovunlar serto‘r bo‘ladi, ham shirinligi ortadi», – deydi tajribali dehqon.
«Mehr bilan gektaridan 80 mln so‘m daromad topish mumkin»
Paykaldan 10 kmlik uzoqlikda ulgurji qovun bozori bor ekan. Bu bozorchaga asosan vodiylik xaridorlar savdo uchun kelishadi. Jumaqo‘zi akaga ko‘ra, qovunning bir kilosi bozorda 2,5–3 ming so‘mdan pullanadi.
«3 nafar o‘g‘lim va jiyanim – hammasi bo‘lib 5 kishi qovun parvarishi bilan mashg‘ulmiz. 1 gektar yerga qovun ekish va parvarishlash uchun 15 million so‘m sarflayman. Qovunga mehr berib yaxshi qarasangiz, gektaridan 80 million so‘mgacha daromad qilsa bo‘ladi», – deydi qahramonimiz.
«Qovun orasiga ekilgan loviya va makkajo‘xori barcha xarajatni qoplaydi»
Qovunlar orasiga ekiladigan loviya va makkajo‘xoridan olingan daromad bemalol qovun parvarishi uchun qilingan barcha sarf-xarajatni qoplar ekan. Qovunning puli esa to‘liq yonga qoladi.
«Loviya va makka ekish an'anasiga sodiqman. 1 gektar yerga loviya eksangiz, 1,5 tonna hosil olasiz. Bu ikkinchi hosil hisoblanadi. Buning orasiga makkajo‘xori eksa ham bo‘ladi. Makkajo‘xoridan esa gektaridan 1,8 tonna daromad qilsa bo‘ladi», – deya tushuntirdi ishning ko‘zini biladigan Jumaqo‘zi aka.
«Ekkan loviyalarim ham bo‘y cho‘zib qoldi. Kelgusi yili 5 gektar yerga qovun ekmoqchiman. Chetga eksport qilishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Ayni paytda qovunlarimiz Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinyapti», – deydi u.
Ota o‘z farzandlari bilan shu dalada yotib ishlashadi. Qora qumg‘onda choy, qozonda sho‘rva biqirlab qaynayapti. Taomni ham o‘zlari tayyorlashadi.
Jumaqo‘zi aka peshonasidan oqayotgan terni oq dokada artganicha, paykal oralab qovun uzayotganida, uch o‘g‘il obi novvotlarni yuk mashinasiga ortardi.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev