Marokash vizasini olishda talablar qanday?

Jamiyat 14:41 / 29.06.2021 7687

 UzbekLife uchun tayyorlangan ushbu maqolada Marokash vizasiga ariza berish jarayoni, viza to‘lovlari, turlari, talablari va boshqa ko‘p uchraydigan savollarga javob topishingiz mumkin.

Siz Marokashga safar qilish uchun viza olishingiz kerakmi?

Bu sizning fuqaroligingizga bog‘liq. Bir necha mamlakat fuqarolari Marokashga viza talablaridan ozod qilingan, ya'ni ular oldindan viza olmasdan Marokashga borishlari mumkin. Bunga AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Avstraliya va boshqalar kiradi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan esa viza olish talab qilinadi.

Vizasiz rejim amal qiluvchi davlatlar fuqarolariga Marokashda 90 kungacha muddatga bo‘lish uchun viza kerak emas (Gongkong va Singapur davlatlari uchun bu muddat 30 kunni tashkil etadi).

Diplomatik, rasmiy yoki xizmat pasportiga ega bo‘lgan davlatlarning fuqarolari Marokashga 90 kungacha vizasiz borishlari mumkin.

Marokash vizasi turlari

1. Sayyohlik vizasi;

2. Tranzit vizasi;

3. Uzoq muddatli viza.

Sayyohlik vizasi

Qisqa muddatli Marokash vizasi, shuningdek, turistik viza sifatida tanilgan, Marokashga sayyoh sifatida yoki boshqa qisqa muddatli maqsadlarda kirishni istagan viza talab qilinadigan davlatlar fuqarolariga beriladi. Aynan qaysi maqsadlarda mamlakatga tashrif buyuruvchilar ushbu viza turini olishi kerakligini quyida keltirib o‘tamiz:

§ Biznes;

§ Shaxsiy tashrif;

§ Konferensiyalar, madaniy yoki akademik tadbirlarda qatnashish;

§ Sport tadbirlari uchun;

§ Jurnalistiklik faoliyati uchun;

§ Tibbiy davolanish uchun;

Marokashga sayyohlik vizalari bir martalik yoki ko‘p martalik kirish uchun berilishi mumkin va Marokashda 90 kungacha maksimal yashash imkoniyatini beradi.

Tranzit vizasi

Sizga Marokash tranzit vizasi uchinchi davlatga borishda Marokash hududidan o‘tishingizga to‘g‘ri keladigan hollarda kerak bo‘ladi. Marokash tranzit vizasi bir yoki ikkita tranzit uchun berilishi mumkin, bu sizga Marokashda 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga qolishga imkon beradi.

Uzoq muddatli viza

Ushbu viza Marokashga uzoq muddatli maqsadlarda, masalan, ishlash yoki oila a'zolari bilan birga yashash maqsadida kirishni istagan chet elliklarga beriladi. Xuddi sayyohlik vizasi singari, u ham texnik jihatdan atigi uch oy davomida amal qiladi. Shu bilan birga, ushbu turdagi viza egasiga Marokash Milliy Xavfsizlik Bosh boshqarmasining vakolatli xizmatlaridan yashash kartasini (Sarte de séjour) olish uchun murojaat qilish imkoniyatini beradi. Agar siz Marokashga turistik viza orqali kirsangiz, ushbu yashash kartasi uchun ariza berolmaysiz.

Marokash uzoq muddatli vizasi quyidagi bir nechta kichik turlarga bo‘linadi:

- Ishchi vizasi. Marokashda ish topadigan chet elliklarga beriladigan (ishlash uchun ruxsatnoma ham zarur).

- Talaba vizasi. Marokashdagi ta'lim muassasasida o‘qishni davom ettirishni istagan chet elliklarga beriladi.

- Shuningdek, Marokashda yashovchi oila a'zolariga qo‘shilishni istagan chet elliklarga Marokash oila birlashuvi vizasi.

Marokashga viza olish uchun talab qilinadigan hujjatlar quyidagilar:

1) Ariza;

2) Pasportingiz va uning nusxalari;

3) Pasport o‘lchamidagi rasmlar;

4) Qaytish reysi chiptasi;

5) Turar joyni tasdiqlovchi hujjat;

6) Yetarli moliyaviy vositalarni tasdiqlovchi hujjat;

7) Sayohat sug‘urtasi;

8) Viza uchun to‘lovni tasdiqlovchi hujjat.

Marokashga viza uchun ariza

Marokashga sayohat qilishda viza olish uchun sizga kerak bo‘ladigan birinchi ish – viza olish uchun ariza berish. Ariza shaklini o‘zingiz murojaat qilayotgan Marokash elchixonasi yoki konsulligi veb-saytidan onlayn ravishda yuklab olishingiz yoki elchixona / konsullikka shaxsan borib olishingiz mumkin.

Ushbu arizada 30 ga yaqin savol mavjud bo‘ladi. Ulardan eng asosiylari quyidagilardir:

a)    Ismingiz, jinsingiz va yoshingiz;

b)   Millatingiz va yashash joyingiz;

c)    Pasport ma'lumotlari;

d)   Kasbingiz;

e)    Sayohatingiz tafsilotlari;

f)     Marokash vizasini avval olgan olmaganligingiz to‘g‘risida;

g)   Bog‘lanish uchun ma'lumot;

Pasport

Marokash vizasi talablari ichida eng muhimlaridan biri – bu amaldagi (yaroqli) pasportdir. Pasportingizning asl nusxasini boshqa hujjatlar bilan birga topshirishingiz kerak. Chunki aynan pasportda Marokash hukumati sizning vizangizni rasmiylashtiradi. Sizning pasportingiz kamida olti oy davomida amal qilishi va 1-2 bo‘sh viza sahifasiga ega bo‘lishi lozim.

Pasport o‘lchamidagi rasmlar

Ko‘plab mamlakatlar viza talablarida bo‘lgani singari Marokash vizasini olishda sizning fotosuratingiz uchun ham alohida talablar mavjud. Vizaga hujjat topshirish jarayonida so‘nggi paytlarda olingan to‘rtta suratingiz kerak. Ushbu suratning bir qancha quyidagicha talablari bor:

Hajmi: 35mm x 45mm;

Fon: och kulrang yoki och ko‘k;

Rasm rangi: Rangli;

Obekt: Oldinga qaralgan, betaraf yuz ifodasi;

Shuningdek, ushbu suratda siz ko‘zoynak taqmasligingiz, bosh kiyim kiymasligingiz (diniy maqsadga kiyilgan bosh kiyim bundan mustasno, u sizning yuz xususiyatlaringizga ta'sir qilmasligi zarur). Rasmlar yuqori sifatli bo‘lishi hamda sifatli foto qog‘ozda chop etilishi shart.

Qaytish reysi chiptasi

Marokashga viza berishning yana bir sharti – bu qayta uchib ketish uchun chiptadir. Sizda 90 kun ichida (viza qancha muddatga rasmiylashtirilsa) rejalashtirilgan yoki pullik qaytish uchun aviachiptalar bo‘lishi kerak. Bu viza rasmiylariga keyinchalik o‘z mamlakatingizga qaytish niyatingiz borligini isbotlash uchun lozim bo‘ladi.

Turar joyni tasdiqlovchi hujjat

Viza olish uchun siz Marokashda turar joyingizni tasdiqlovchi hujjatni ham kiritishingiz lozim. Bu mehmonxona buyurtmasi yoki, agar siz uy egasi bilan qolmoqchi bo‘lsangiz, ulardan notarial tasdiqlangan taklifnoma ko‘rinishida bo‘ladi.

Yetarli moliyaviy vositalarni tasdiqlovchi hujjat

Sizdan qolish muddatini qoplash uchun yetarli moliyaviy imkoniyatlarga ega ekanligingizni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishingiz talab qilinishi mumkin, masalan, bank deklaratsiyalari shaklida.

Sayohat tibbiy sug‘urtasi

Marokashga sayohat qilgan har bir kishiga sayohat sug‘urtasini olish tavsiya etiladi. Aytish joizki, Marokash vakolatxonalarining barchasi ham sizdan viza uchun ariza bilan birga Marokash uchun sog‘liqni saqlash sug‘urtasini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishingizni talab qilmasligi mumkin, ammo ushbu sug‘urtaning bo‘lishi yanada yaxshiroq.

Marokash vizasi uchun to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat

Murojaat joyingizga qarab, Marokash vizasi uchun to‘lov usuli ham o‘zgaradi. Sizdan elchixona yoki konsullikda naqd pulda yoki oldindan bank o‘tkazmasi orqali to‘lash talab qilinishi mumkin, bu holda sizga to‘lov kvitansiyasi kerak bo‘ladi.

Marokash uchun viza to‘lovlari quyidagicha:

  •  Bir martalik kirish uchun (90 kungacha): 220 Marokash dirhami (taxminan 23 dollar)
  •  Ikki martalik kirish uchun (90 kungacha): 330 Marokash dirhami (taxminan 34 dollar)
  •  Tranzit viza: 170 Marokash dirhami (taxminan 18 dollar)

O‘zbekiston fuqarolari qanday qilib Marokash vizasini olishlari mumkin?

O‘zbekiston Respublikasida Marokashning elchixonasi yoki konsulligi yo‘q.

Lekin shunday bo‘lsa-da, siz bemalol Marokashga borish uchun viza olishingiz mumkin. Bunday hollarda, Marokash hukumati vizangizni mamlakatingizdagi boshqa diplomatik vakolatxonaga yoki viza agentligiga topshiradi. Sizdan talab qilinadigan narsa buni tekshirib turishdir.

Agar bu yordam bermasa, unda siz to‘g‘ridan to‘g‘ri poytaxt Rabotdagi Marokash Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligiga murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi. Bunday holda siz pochta orqali murojaat qilishingiz, agar vizangiz tasdiqlangan bo‘lsa, uni aeroportda qabul qilib olishingiz mumkin.

Marokash vizasini mamlakatga kelgach olish mumkinmi?

Yo‘q, mumkin emas. Marokash uchun barcha vizalar sayohat qilishdan oldin olinishi kerak. Faqatgina vizasiz rejim amal qiluvchi mamlakatlar fuqarolari Marokash vizasini olmasdan sayohat qilish huquqiga ega.

Davlatbek Asadov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: