Germaniya vizasi uchun arizalar elektron formatga o‘tkazildi

Jahon 09:57 / 02.01.2025 1896

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi (TIV) uzoq muddatli nemis milliy vizalarini olish uchun arizalarni elektron onlayn ko‘rib chiqish portalini ishga tushirdi. Bu haqda 1 yanvar, chorshanba kuni boshqarma saytida ma’lum qilindi.

Press-relizda ta’kidlanganidek, ushbu loyiha ikki yil avval test formatida ishga tushirilgan. «Bu endi dunyo bo‘ylab 167 ta viza idoralarida raqamli haqiqatga aylanmoqda. Milliy viza 28 toifada raqamli shaklda qo‘llanishi mumkin», deyiladi xabarda.

GFR TIV rahbari Berbok: Yangi vizalar - «ma’muriy inqilob»

Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning aytishicha, innovatsiyadan asosiy maqsad Germaniyaga butun dunyodan malakali mutaxassislarni jalb etishdir. «Bunday paytlarda biz uzoq vaqt me’yoriy hujjatlarni rasmiylashtirish va undan ham uzoqroq kutish tufayli eng yaxshi odamlarning mamlakatimizda ishlashiga to‘sqinlik qila olmaymiz», dedi vazir.

«Oxirgi 2,5 yil ichida biz mavjud viza jarayonini keng ko‘lamli, uzoq vaqtdan beri kechiktirilgan tarkibiy islohot bilan o‘zgartirdik. Va endi biz nihoyat Yevropaning eng zamonaviy immigratsiya qonunini raqamli asrga olib chiqmoqdamiz. Elektron viza jarayoni - haqiqiy ma’muriy inqilob, bu Germaniyani biznes qilish joyi sifatida mustahkamlaydi, buni biznes va yirik korporatsiyalar uzoq vaqtdan beri talab qilmoqda», - dedi Berbok.

Onlayn ariza berish imkoni Rossiya, Ukraina, Qozog‘istonda mavjud emas

DW muxbiri 1 yanvar, chorshanba kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligining yangi portalida tekshirganidek, elektron ariza berish imkoni barcha mamlakatlarda ham mavjud emas.

Avvaliga foydalanuvchidan kerakli viza turini tanlash so‘raladi. Ro‘yxatda qisqa muddatli Shengen turistik vizalari yo‘q, faqat uzoq muddatli milliy vizalar bor. Masalan, ish yoki uni qidirish, o‘qish, oila birlashuvi uchun.

Keyin istiqomat qiladigan mamlakatni va ma’lum bir shahardagi elchixona yoki konsullikni tanlash so‘raladi. Ba’zi mamlakatlarni tanlashda «onlayn ariza mavjud emas» degan xabar paydo bo‘ladi. Bu, masalan, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Gurjiston va Tojikistonga tegishli.

Shu bilan birga, onlayn ariza berish imkoni Belarus, Armaniston, Ozarboyjon, Moldova, Litva, Latviya, Estoniya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, shuningdek, Isroil va AQShda mavjud.

DW tahririyati Germaniya tashqi ishlar vazirligiga tegishli so‘rov yubordi.

Ko‘proq yangiliklar: