O‘zbekiston | 09:08 / 25.06.2021
1214
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda tadbirkorning ustidan ariza yozmaslik evaziga 5000 dollar olgan firibgar ushlandi

IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Jizzax viloyat bo‘limi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan tadbirkordan tovlamachilik bilan pul talab qilgan shaxs 5 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Jizzax shahrida yashovchi shaxs o‘zi rahbarligidagi MChJga oldindan tanish bo‘lgan mahalladoshini yordamchi sifatida ishga olgan. Biroq yordamchi noqonuniy xatti-harakatlari uchun joriy yilning yanvar oyida ishdan bo‘shatilgan.

Ishdan bo‘shatilgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlarga MChJning faoliyatini o‘rganish va qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan. Tadbirkor buning sababini so‘ragan vaqtda sobiq yordamchi unga 118 million so‘m pul va 2 ta qurilish obekti olib berishini, aks holda qo‘lidagi mavjud dalillarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborib, qurilish obektlari bo‘yicha kamchiliklarni ko‘rsatib, ariza bilan murojaat qilish bilan qo‘rqitgan.

Tadbirkorning mazkur holat bo‘yicha murojaati asosida IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Jizzax viloyati bo‘limi hamda viloyat IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda tadbirkordan pul talab qilgan fuqaro arizasini qaytarib olish va keyinchalik ariza yozmaslik evaziga 5 ming AQSh dollari miqdordagi pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olgan vaqtda qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid