Investitsiya va tashqi savdo vazirligida Texnik jihatdan tartibga solish agentligining tuzilishi va sohada amalga oshirilishi kutilayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Ta'kidlanishicha, «E-Akkreditatsiya», «E-Standart», «E-Metrologiya» va «Elektron fond» interaktiv dasturlari ishga tushiriladi. Bu sertifikatlash va akkreditatsiya tartiblarini sezilarli darajada soddalashtiradi hamda inson omilining mavjudligini bartaraf etadi. Arizani elektron ko‘rinishda istalgan payt topshirish mumkin bo‘ladi va tegishli mutaxassislar o‘zlari korxonaga kelib, namunalarni tanlab oladilar.
Sanitariya-epidemiologik xulosasi majburiy tartibda olinishi lozim bo‘lgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan muvofiqlik sertifikatini olish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.
Shuningdek, mahsulotning xorijiy davlatlar standartlariga muvofiqligini baholash uchun xorijiy davlatlar standartlarining O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi talab qilinmaydi.
Bundan tashqari, joriy yilda 26ta texnik reglamentni ishlab chiqish va 11ta texnik reglamentni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.