Samarqand viloyatida o‘tkazilgan «Jinoyatchilikka qarshi kurashish oyligi» tezkor-profilaktik tadbirlarining dastlabki 10 kunida 2 380 ta huquqbuzarlik qayd etilgan. 399 nafar mast haydovchi aniqlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, ayni kunlarda viloyat IIB boshlig‘ining farmoyishiga asosan, viloyat hududida «Jinoyatchilikka qarshi kurashish oyligi» tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda. Tadbirning 10 kuni davomida, jami 696 ta turli obektlar (tungi klub, karaoke bar va boshqa obektlar) ko‘zdan kechirilgan va ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan 2 380 nafar shaxsga chora ko‘rilgan.
Jumladan, 339 nafar mast holatda avtomobil boshqarish holati aniqlangan. 167 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, 14 nafar giyohvandlikka chalingan, 172 nafar ruhiy kasal bo‘lgan shaxslar tegishli davolanish muassasalariga yotqizilgan.
Bundan tashqari, 9 nafar yashash va ish joyi aniq bo‘lmagan shaxslar Reabilitatsiya markaziga va 79 nafar nazoratsiz qolgan bolalar Voyaga yetmaganlar ijtimoiy himoya qilish va yordam ko‘rsatish markaziga (VeIHYoKM) joylashtirilgan.
Shuningdek, 4 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan, 2 nafar bedarak yo‘qolgan shaxs topilgan.