Qayd etilishicha, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini isloh qilish bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda:
Birinchidan, prezident tashabbusi bilan "Xalq va armiya bir tan-u - bir jon" tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish maqsadida harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur sektorlar armiya bilan mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlovchi, hududiy mudofaa masalalarida hal etuvchi organ bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan, rivojlangan mamlakatlar ilg‘or tajribasi asosida harbiy kadrlar tayyorlash tizimi qayta tashkil etildi va optimallashtirildi.
Xususan, yangi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari harbiy instituti va Oliy harbiy aviatsiya maktabi tashkil etildi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasi va Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Qurolli Kuchlarning tibbiyot Akademiyasi tashkil etilib, qisqa vaqt ichida innovatsion qurilmalar va jahon darajasidagi texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy o‘quv-moddiy baza bilan jihozlandi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tizimida harbiy ilm-fanni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, so‘nggi yillarda ilmiy salohiyat 4 foizdan 56,7 foizga yetkazildi.
Uchinchidan, mudofaa sanoati majmuasi faol rivojlantirilmoqda.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi tashkil etildi va ayrim turdagi qurol-yarog‘ va texnika turlarini ishlab chiqarish modernizatsiya qilindi va mahalliylashtirildi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda "Arslon" transportyorlari, "Tarlon-M" va "Qalqon" yengil zirhli avtomashinalari, shuningdek "Lochin" uchuvchisiz uchish apparatlari harbiy texnikalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
"Arslon" zirhli transporteri NATO standartlariga muvofiq mamlakat Qurolli Kuchlari uchun maxsus ishlab chiqarilgan. Ushbu zirhli transportyor zamonaviy jangovar modulga ega bo‘lib, kunduzi ham, kechasi ham har qanday iqlim sharoitida jangovar vazifalarni bajara oladi.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda qo‘shinlarning zamonaviy qurollar bilan ta’minlanganlik darajasi 45 foizni tashkil etdi. O‘z navbatida, sohadagi izchil islohotlar O‘zbekiston armiyasining jangovar qudratini 2 barobar oshirdi.
To‘rtinchidan, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi. "Inson qadri uchun" tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida so‘nggi besh yilda 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi imtiyozli kreditlar asosida uy-joy bilan ta’minlandi. Harbiy xizmatchilarni ish bilan ta’minlash va tibbiy yordam ko‘rsatish masalalari ham e’tibor markazida qolmoqda.
Shuningdek, 2018-2024 yillarda 6 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarning farzandlariga respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga davlat granti asosida tanlovsiz o‘qishga kirish uchun vazirlikning tegishli tavsiyanomasi berildi.
2021-2024 yillar davomida harbiy xizmatchilarning oila a’zolaridan 4000 dan ortig‘i monomarkaz, kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda o‘quv maskanlarida kasbga yo‘naltirildi.
Beshinchidan, Qurolli Kuchlar mamlakat aholisini, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash sohasida muhim institut va samarali kuchga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan "Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va g‘ururimiz" tamoyili asosida harbiy qismlarning eshiklari jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar uchun keng ochib berildi.
Harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokida muntazam ravishda "Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik", "Qo‘mondon va yoshlar", "Harbiy qismda bir kunim!" loyihasi bo‘yicha "Ochiq eshiklar kuni" tadbirlari, shuningdek yoshlar, Qurolli Kuchlar faxriylari va harbiy xizmatchilar ishtirokida "Uch avlod uchrashuvi" kabi harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doimiy ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Oltinchidan, xorijiy davlatlar bilan harbiy hamkorlik mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashning muhim elementidir.
Xorijiy hamkorlar bilan aloqalar har yili imzolanadigan harbiy hamkorlik Rejalari asosida amalga oshiriladi. Xususan, AQSh, GFR, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Koreya, XXR, Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya davlatlari, shuningdek MDH, ShHT va TDT doirasida harbiy sohaning turli yo‘nalishlarida hamkorlik o‘rnatilgan.
O‘zbekiston hududida muhim xalqaro harbiy tadbirlar faol o‘tkazilmoqda, bu ham mamlakat va Milliy Qurolli Kuchlarning jahon sahnasidagi obro‘sini oshirishga xizmat qilmoqda.