Jizzaxda qarzdor qarzi evaziga uyidagi jihozlarni olib ketgan MIB xodimlarini kaltakladi

Jamiyat 16:51 / 03.06.2021 10002

«Asaka bank» foydasiga solidar tartibda 288 mln 122 ming so‘m qarz va davlat foydasiga 11 mln 523 ming so‘m davlat boji undirish haqidagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarz to‘lanmagach, MIB Zomin tumani bo‘limi davlat ijrochilari Yo.Ummatov, M.Mirzayev va boshqalar 2021 yilning 24 aprel kuni qarzdorning xonadonidan 1 dona «Roison» televizori, 1 dona «Samsung» mikroto‘lqinli pechi va 1 dona «Samsung» changyutgichini qarz evaziga xatlab olib ketishgan.

MIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, voqeaning ertasiga, ya'ni 25 aprel kuni qarzdor shaxs davlat ijrochisi M.Mirzayevga qo‘ng‘iroq qilib, qarzini to‘lab berishni va'da qilgan. U Yo.Ummatov va M.Mirzayevni «Cobalt» rusumli avtomashinasida ovloq joydagi pishiq g‘isht ishlab chiqarish sexiga olib borib, davlat ijrochilariga o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazgan.

«Xodimlarga tuman tibbiyot birlashmasida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, davlat ijrochisi Yo.Ummatovga pastki lab ichki yuzasi yorilishi, burun yopiq jarohati, davlat ijrochisi M.Mirzayevga yuqori va pastki lab jarohati, bo‘yin o‘rta o‘lchamli yopiq jarohati, o‘ng bel qismi yopiq jarohati tashxisi qo‘yilgan.

Sodir etilgan holat bo‘yicha 19 may kuni Zarbdor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda», deya ma'lum qildi MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamashida ish faoliyatini bajarayotgan MIB xodimiga nisbatan keskin qarshilik ko‘rsatgan qarzdor fuqaro va uning qarindoshlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: