Janubiy Koreyada O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 16:52 / 02.06.2021 4427

31 may kuni Janubiy Koreyaning Inchon shahri hududidagi yangi innovatsion, smart shaharcha hisoblangan Songdoda birinchi marotaba O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi (WAYU)ning rasmiy vakolatxona sifatida ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan Uzbeklife muxbiri Feruza Avazova xabar berdi.

Endilikda ushbu uyushma Koreya hududida yangi nodavlat notijorat tashkilot sifatida faoliyat olib boradi. Ushbu tashkilotning ochilishida O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi (Toshkent shahri), Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi, Inchon shahar hokimiyati yaqindan ko‘mak berdi. Tadbirning ochilish marosimida ham ushbu vakolatxonaning ochilishida ko‘maklashgan barcha rasmiy idoralar vakillari, shuningdek, Koreyada yashab, mehnat qilayotgan faol yoshlar ham ishtirok etishdi.

Hozirda WAYU’ga a'zo bo‘lgan yoshlar soni 20 nafarni tashkil qiladi. Tashkilot Koreya Respublikasida yashab, tahsil olayotgan yoshlar ma'lumotlar bazasini shakllantirish, ikki davlat OTMlari bilan mustahkam aloqalarini o‘rnatish, Koreya Respublikasidagi yoshlar faoliyatiga oid tegishli idoralar bilan hamkorlik qilishda davom etadi. Shu bilan birga, «Koreya tajribasi» loyihasi orqali Koreyada katta muvaffaqiyatga erishib kelayotgan ibratli yoshlarimiz bilan tanishtirib boradi.

Jan Jye Xak, Inchon shahri hokimiyatining xalqaro aloqalar bo‘limi elchisi:

– «Men Inchon shahrining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Jan Jye Xak bo‘laman. WAYU, ya'ni O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining vakolatxonasi ochilgani bilan tabriklayman. Hammamizga ma'lumki, davlatlarimiz uzoq yillardan beri hamkorlik qilib keladi va O‘zbekiston Respublikasida ko‘p sonli etnik koreyslar yashab kelayotgani ham buning asosiy dalillaridan biri hisoblanadi. Umid qilamanki, kelgusida ushbu uyushma ikki davlat o‘rtasida yoshlarni birlashtiruvchi kuch bo‘lib, yanada yuqori marralarga erishadi».

Shahzod Turg‘unboyev, Xanguk Chet tillari universitetining bitiruvchisi, WAYU’ning Koreyadagi vakili:

– «Bugun assotsiatsiyamiz rasmiy NNT sifatida rasman ochilmoqda va men bundan juda ham mamnunman. Vakolatxonamizda asosan Koreyadagi yoshlar bilan yelkama-yelka ishlash, akademik va ijtimoiy tomondan qo‘llab-quvvatlashga harakat qilamiz. Maqsadimiz – O‘zbekiston uchun barcha jabhalarda yetuk kadrlarni tayyorlashda o‘z hissamizni qo‘shishdir».

Ma'lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasiga ko‘ra, yoshlar siyosati sohasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash yuzasidan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan va xorijiy mamlakatlarda o‘qiyotgan hamda mehnat qilayotgan yoshlar bilan tizimli ish olib borish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida «O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi» nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etilgan.

Keyinchalik ushbu assotsiatsiyaning turli davlatlardagi vakilliklari tashkil etila boshladi. 2021 yilda esa Koreya Respublikasida birinchi rasmiy vakolatxona nodavlat notijorat tashkilot sifatida Inchon shahrida ro‘yxatdan o‘tdi.

Feruza Avazova,
Uzbeklife’ning Janubiy Koreyadagi muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: