Bayram tuhfasi: Qashqadaryoda bugun 200 ta bog‘cha ochildi

Jamiyat 14:41 / 01.06.2021 6998

Qashqadaryoda tadbirkorlar va hokimliklar tashabbusi bilan 200 ta MTM rasman ish boshladi. Ularning 169 tasi oilaviy, 30 tasi DMTT va 1 tasi DXSh bog‘chalardir.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, viloyatda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni jami 294 751 nafarni tashkil etadi. 2016 yilda viloyatda bor yo‘g‘i 326 ta maktabgacha ta'lim muassasalari bo‘lib, bolalarni qamrab olish darajasi 13,3 foiz bo‘lgan. 1 iyundan ish boshlagan 200 ta MTMni qo‘shib hisoblaganda 1897 taga yetdi.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati

Natijada umumiy bolalar qamrovi 136 293 nafarga yetadi. (31 may holatida 128 ming 756 nafar (43,7 foiz).

«1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» munosabati bilan ish boshlaydigan bog‘chalar ochilishi ortidan 673 kishi ishli bo‘ldi, 7572 (7537) nafar bolalar uchun qo‘shimcha o‘rin tashkil etiladi va viloyatning bu sohadagi ko‘rsatkichi 46,3 foizga oshadi.

Jumladan, Qarshi shahrida 11 ta, Shahrisabz shahrida 25 ta, G‘uzorda 6 ta, Dehqonobodda 14 ta, Kasbida 18 ta, Kitobda 37 ta, Kosonda 3 ta, Qamashida 2 ta, Qarshi tumanida 4 ta, Mirishkorda 15 ta, Muborakda 5 ta, Nishonda 4 ta, Chiroqchida 23 ta, Shahrisabz tumanida 22 ta va Yakkabog‘da 11 ta bog‘chalar ochildi. Ochilish marosimlarida deputatlar, nuroniylar, mahalla ahli, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati

Eng quvonarlisi, ushbu bog‘chalarning 42 tasi oldin bog‘cha mavjud bo‘lmagan olis mahalla hududlarida qad rostladi.

- Nevaralarim taqdiridan xavotirda edim, - deydi qamashilik Xumora momo. - O‘zim 36 yil o‘qituvchilik qilganman. Nevara-chevaralarim ham ziyoli, Vataniga xizmat qiladigan insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini ko‘radigan kunlarga yetkazganiga shukr.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati

Ma'lumot o‘rnida, 24 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatda maktabgacha ta'lim qamrovi va sifatini oshirish masalalari tanqidiy muhokama qilinib, viloyatimizda ham bu borada olib borilayotgan ishlar tanqid ostiga olingandi. Chiroqchi, Qamashi va Kitob tumanlarida qamrov darajasi juda pastligi aytilgan edi. Bugun ushbu tumanlarda ham 62 ta maktabgacha ta'lim maskanlari tantanali ochilib, chinakamiga qishloq ahli va bolajonlar uchun bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Shuningdek, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ham bildirilgan kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida 31 may kuni yig‘ilish o‘tkazib, maktabgacha ta'lim mas'ullarini vijdonan ishlashga, tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etishga chaqirgan.

Muhokamalar yakuni bo‘yicha joriy yil oxiriga qadar yana 578 maktabgacha ta'lim tashkilotlarini ochish va bolalar qamrovini 58 foizga yetkazish masalasi deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

Ko‘proq yangiliklar: