Hujjatga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi binolariga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul joylashtiriladi.
2021 yil 1 sentyabrga qadar yangi binolarni zamonaviy talablar asosida, xususan, ularda kattalar va bolalar uchun alohida jarrohlik, jonlantirish, intensiv terapiya, transfuziologiya va transplantologiya bo‘limlari, shuningdek, radio diagnostika va radio davolash bo‘limlari, bakteriologik laboratoriya, maxsus ovqat tayyorlash bo‘linmasini, bolalarga ta'lim olish imkoniyatini yaratishni nazarda tutgan holda qurish ishlari olib borilishi va tibbiy texnikalar bilan jihozlanishi ta'minlanadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etiladi.
Qarorda belgilanishicha:
- 2022 yil 1 yanvardan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil markaz sifatida faoliyat yuritadi;
- Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi binolaridan biriga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul joylashtiriladi;
- 2021–2022 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi bo‘limi negizida umumiy shtatlar va statsionar o‘rinlar doirasida Bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo‘limlari tashkil etiladi.
Toshkent shahar hokimligi, Sog‘liqni saqlash, Moliya va Qurilish vazirliklari 2021 yil 1 sentyabrga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududida zamonaviy yangi bino-inshootlar kompleksini qurish va jihozlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi.