O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qirg‘izistonning yangi tayinlangan elchisi Duyshonkul Chotonovdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib oldi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanaliga yozib qoldirdi.
«Shubhasiz, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari har sohada jadal rivojlanib bormoqda. Biz misli ko‘rilmagan yutuqlarga guvoh bo‘lmoqdamiz va ikki tomonlama munosabatlarning to‘liq salohiyatiga erishish uchun yanada katta marralarni reja qilmoqdamiz. Janob elchiga mamlakatimizdagi faoliyati davomida omad tilaymiz», — deb yozadi TIV rahbari.
Duyshonkul Chotonov 1967 yilda O‘shda tug‘ilgan. U ilgari Qirg‘izistonning Janubiy Koreya (2011−2015) va Vetnamdagi (o‘rindoshlik asosida, 2012−2015) favqulodda va muxtor elchisi bo‘lgan.
U «Ata Meken» partiyasidan Jogorku Kenesh Qonunchilik assambleyasi deputati bo‘lgan. 2010 yilda muvaqqat hukumatda favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajargan.
Noyabr oyida Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi sifatida 2022 yil apreldan beri ishlab kelgan Musa Jamanbayev mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgani xabar qilingandi.