Xitoyda qurilayotgan dunyodagi eng baland ko‘prikning po‘lat fermalari o‘rnatib bo‘lindi. ITHome nashriga ko‘ra, barcha 93 ta po‘lat fermalari muvaffaqiyatli o‘rnatilib, endi ko‘prikni tutashtirish ishlari boshlangan.
Ko‘prik Guychjou provinsiyasining Lyuchji-Anlun tezyurar avtomomagistralidagi Xuatszyan katta kanyoni ustidan o‘tadi. Ko‘prikning qurilishi 2022-yilda boshlangan va uning ochilishi 2025-yilning iyuniga rejalashtirilmoqda.
Po‘lat osma ko‘prikning umumiy uzunligi 2890 metr bo‘lib, ko‘prikning dengiz sathidan balandligi rekord darajadagi 625 metrni tashkil etadi (dara tubidan ko‘prik to‘shamigacha bo‘lgan balandlik). Xitoy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, ko‘prik darani kesib o‘tish vaqtini 70 daqiqadan bir daqiqagacha qisqartiradi.
Tog‘lar va daralar orasida joylashgan Guychjou provinsiyasida dunyodagi eng baland ko‘priklarning deyarli yarmi joylashgan. Hozirgi kunda rekordni Guychjou va Yunnan provinsiyalari chegarasidagi Beypanszyan ko‘prigi ushlab turibdi. U vodiydan 565 metr balandlikda qurilgan, bu 200 qavatli binoga teng. Ushbu loyiha 2016 yildan beri jahon rekordini egallab kelmoqda, biroq 2025 yilda o‘z o‘rnini yangi ko‘prikka topshiradi.
Xitoy yangi ko‘prikdan nafaqat asosiy vazifasi uchun, balki sayyohlik obekti sifatida ham foydalanishni rejalashtirmoqda. Ko‘prik ochilgandan so‘ng hududda sport oromgohi va sayyohlar shahrchasi qurilishi mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, ko‘prikka sayyohlik avtobuslarining qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.