O‘limlarga sabab bo‘layotgan «ikkinchi xotin»: bu borada qachon tartibli jamiyatga aylanamiz?

Jamiyat 19:42 / 26.05.2021 90992

Lekin atrofga nazar soling: katta-kichik shaharlarimizning ko‘chalari allaqachon avtomobillarga to‘lib-toshgan. Katta tirbandliklar ro‘y bermoqda. Mahalliy rahbarlarimiz esa bu muammoning yechimini faqat ko‘chalarni yanada kengaytirishda ko‘rishmoqda.

Shahar eng avvalo inson uchun

Ko‘cha kengayar ekan, u o‘z bag‘riga yanada ko‘proq mashina sig‘dira boshlaydi. Chunki avvallari ko‘cha noqulay deb avval boshqa tomondan yo‘l solgan haydovchilar ham rulni shu yoqqa bura boshlashadi. Bu allaqachon bizdan farovonroq davlatlarning boshidan kechgan masala. Ko‘chalarni kengaytirish — aslo muammoning yechimi emas.

Katta shaharlarimiz markaziy qismlarida toki pulli turargohlar qilinmas ekan, bu joylarda avtomobillar harakatini cheklab, qiyinlashtirib, jamoatchilik transportiga keng yo‘l ochilmas ekan, bizni Pokiston, Misr kabi davlatlarda bo‘lganidek, ko‘chalarda xaos kutmoqda.

Hech bir svetofor va YPX xodimi ham bu xaosni tartibga sola olmaydi. Kech bo‘ladi.

Yuqoridagi suratda bir avtobusga joy bo‘ladigan odamlar ko‘chada nechta mashinada harakatlanishi mumkinligi tasvirlangan. Chindan ham do‘ppini bir chekkaga olib, bosh qotirib ko‘rsa bo‘ladigan masala.

Shahar eng avvalo insonlarning emin-erkin harakati, bemalol nafas olishi va hordiq chiqarishi uchun bo‘lishi kerak. Shahardagi ko‘chalar va maydonlar insonlarga xizmat qilishi kerak, temir mashinalarga emas.

Butun jahonda avtomobil, umuman, transport bir nuqtadan ikkinchisiga tezroq yetib olish uchun harakatlanish vositasi hisoblanadi. Faqat «ko‘rmaganning ko‘rgani qursin» qabilida yashay boshlagan possovet davlatlarida avtomobil boylik, hayotda bir narsaga erishganlik belgisi. Kamida tanishlari, qo‘ni-qo‘shnilari ko‘z o‘ngida bir narsani isbotlab qo‘ygisi kelgandek, mashina xarid qilishga qiziqadi.

O‘zbekning «ikkinchi xotini»

O‘zbekistonda avtomobil allaqachon yana bir ro‘zg‘or — «ikkinchi xotin» maqomini olib bo‘lgan. Bu haqda azaldan hazilomuz latifalar bor edi. Lekin asta-sekin bu hazillar yurtimizda hayotiy haqiqatga do‘nib bo‘lgan.

Chunki ko‘pchiligimiz avtomobil xarid qilganimizdan so‘ng undan ish-uy-bozor rejimida foydalanishdan tashqari, avvalo uni go‘yoki kelinchakdek bezatamiz. Auksionga pul sarflab, chiroyli avtoraqam tanlaymiz.

Bunday insonning mashinasiga daxl qilganlik, go‘yoki uning ikkinchi xotiniga daxl qilingandek tushuniladi. Rostdanam-da! Qoidabuzarlik sodir etgan avtomobilni suratga olganlar go‘yoki bir mo‘min-musulmonning ikkinchi xotinini uyat ish ustida suratga olgandek qabul qilinmoqda. O‘sha nafratga duchor bo‘layotgan «terpilalar», «kozyollar» qo‘lga tushib qolgudek bo‘lsa — go‘yoki go‘shangada ushlab olingan xiyonatkordek «samosud» qilinmoqda.

Bitta misol: Jizzax politexnika instituti talabalari Samarqand shahrida amaliyot ishini o‘tash asnosida kameralar o‘rnatib, mashinalar oqimini kuzatishgan va haydovchilarning tepkisi ostida qolib ketishlariga bir baxya qolgan.

Holbuki, qoidani buzmay haydayotgan haydovchi radardan ham, yo‘ldagi kameralardan ham, qizil tayoq ushlagan YPX xodimidan ham — hech narsadan cho‘chimasligi kerak. Bu — oddiy qoida.

Avtomobillarga tegishli xabarlar eng ko‘p o‘qilishi shaxsan men uchun hayratlanarli. Birgina tonirovka masalasini oling. Mashinani «chimmatga o‘rash»ga ishqibozlar shu qadar ko‘pki, har bir xabar yuz minglab marta o‘qiladi va barcha telegram-kanallarda aylanadi, garchi u feyk xabar bo‘lsa ham.

Hozir tonirovka yaxshigina pul turadi. Hamma ham qila olmaydi. Endi insof yuzasidan ayting-chi, mashinasini to‘liq tonirovka qilib olganlar ko‘chalarda mashinalarini qoidalarga rioya qilib haydab yurishibdimi yoki o‘zlaridan bandit yasab olishganmi?

Bir paytlar tonirovka aynan xavfsizlik masalalari ro‘kach qilinib, tamoman taqiqlangan edi. Aslida to‘ppa-to‘g‘ri qilingan ekan, degan xulosaga bormaydimi odam bu turishda?

Parda masalasini olaylik. Haydovchilar bu masalada surishib, YPX xodimlari bilan sudlashishgacha borishdi. Parda osish noqonuniy emasligini isbotlashdi ham.

Yo‘llarda YPX xodimlari bilan bo‘ladigan mojarolarni-ku, asti so‘ramang. Nega bunday bo‘lyapti? Chunki yo‘llarda harakat xavfsizligi uchun mas'ul bo‘lganlar avtomobil egalarining birinchi raqamli dushmani. Chunki avtoinspektorlar mashinani o‘zi istagancha haydashga monelik qilishadi.

Eng xarakterlisi — o‘zbekning bu xislatini avtosanoatdagi korchalonlarimiz ham juda yaxshi ilg‘ashadi. Bizdagi «kelinchak»larning yaxshigina «qalini» bor. Boshqa yurtning kelinchagini olib kelib «uylanish»ga turli boj va to‘siqlar qo‘yilgan.

«Ikkinchi xotin» masalasi amaldorlarimiz va xalq orasida dovrug‘ qozongan estrada va san'at yulduzlarimiz orasida ham shu qadar nufuzga egaki, ular o‘zimizning «o‘zbekona» mashinalarini minishdan «or» qilishadi. Albatta, maxsus avtoraqamli, qop-qora va «chimmat tutilgan» «yaponka xotin»larni haydashadi.

Sabab nimada?

Eng achinarlisi, yo‘l harakati qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi, umuman, qoidalarni va piyodalarni mensimaslik yo‘llarda insonlar halok bo‘lishiga olib kelmoqda. O‘lim bilan tugagan YTHlarning deyarli 95 foizida ruldagi haydovchi aybdor bo‘lib chiqmoqda.

2021 yil may oyining o‘zida qator hududlarimizda birvarakayiga 6-7 nafarlab insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari ro‘y berdi. Bu — dahshat!

Yo‘llarda piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan maktab o‘quvchilarini urib ketib, ularning vafotiga sabab bo‘lgan voqealarga ham guvoh bo‘ldik. Bu o‘limlarni yo‘qotish, hechqursa keskin kamaytirish yo‘llari bormi? Bor, albatta.

O‘zbekiston bo‘ylab serqatnov katta yo‘l yoqalarida joylashgan maktab, bolalar bog‘chasi, musiqa va sport maktablari, kollejlar va oliygohlar oldida butun o‘quv yili mobaynida va ish kunlari — ertalab soat 07:00dan kechqurun soat 19:00gacha tezlik limiti 50 km/soatga tushirilib, maktab yo ta'lim dargohi direksiyasi radar o‘rnatishiga ruxsat berilishi kerak.

Hattoki ota-onalar pul to‘plab, maktabga radar olib berishga ko‘maklashishsa juda yaxshi bo‘lardi. Har qalay, ularning beminnat mablag‘lari o‘z farzandlarining maktabga xavfsiz borib-kelishlarini ta'minlashga sarflangan bo‘lardi.

Eng asosiysi — radarlarga tushgan qoidabuzarlar to‘lagan jarimasidan 75 foizi o‘sha ta'lim dargohi fondiga o‘tkazilishi lozim. Bu borada Xalq ta'limi vazirligi ham tashabbus bildirsa yaxshi bo‘lardi.

Shaharlar ichida esa ta'lim dargohlari oldidagi barcha yo‘llardagi piyodalar o‘tish joyi zebralar yo‘ldan balandroq (yotiq politsiyachi usulida) qilinishi kerak.

Bu usul bilan hech bo‘lmaganda yo‘llarda bolalar o‘limlarini kamaytirgan bo‘lar edik.

Muammoni bartaraf etish yuzasidan takliflar

Albatta, muammoning ildizi chuqur. Eng avvalo, ulov rulidagi insonlarning haydovchilik madaniyatiga amal qilmasligi, belgilangan tezlik me'yoriga rioya etmasligi, avtomobilni mast holda boshqarish kabi illatlar bunga sabab bo‘lmoqda.

Yo‘llarda piyodalar o‘limining oldini olish uchun qo‘llangan xorijiy tajribalardan foydalanish kerak. Sub'yektiv fikrimcha, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bu borada yetarli izlanishlar olib bormayapti. Masalan, Skandinaviya davlatlari va Kanadada bu borada katta tajriba to‘plangan. O‘rganishga, qo‘llashga arzigulik.

Albatta, hozir haydovchilarga qiyinchilik tug‘diruvchi qandaydir yangiliklar joriy qilinishi haydovchilar tomonidan juda og‘ir qabul qilinadi. Lekin allaqachon, qat'iy tartib joriy etish vaqti yetib kelgan. Chunki, fikrimcha, biz ham yo‘llarda yakkam-dukkam mashina haydash mumkin bo‘lgan sovet davri standartlari bilan yashamoqdamiz.

Takliflarim quyidagicha:

1. Yuqorida tilga olinganidek, Toshkent, Samarqand kabi katta shaharlarning markaziy qismlarida transport oqimini keskin kamaytirish, jamoat transporti va taksilardan foydalanishni yaxshiroq yo‘lga qo‘yish kerak.

2. Shahar hokimliklari jamoat transporti tizimini takomillashtirish yo‘lida izlanish qilishlari kerak. Ayniqsa, Toshkent va Samarqandda. Shahar ko‘chalari avtomobillarga emas, odamlarga xizmat qilsin.

3. Qoidabuzar haydovchilarni jazoga tortish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Jarima ochkolari joriy etilishi lozim. Masalan, 1 yil davomida 10ta jarima ochkosiga ega bo‘lgan haydovchi ma'lum bir muddatga (2-3 yil) avtomobil haydash huquqidan mahrum qilinishi kerak. Bundan kam jarima ochkosi to‘plab qo‘ygan haydovchilarga sug‘urta olish summasi kattalashib boraverishi lozim — chunki bunday haydovchilar potensial avariya yaratuvchilar va sug‘urta holati hosil qiluvchilar hisoblanishi kerak.

4. O‘quv dargohlari oldi bolalarning yo‘llarni bexavotir kesib o‘tishini ta'minlash maqsadida svetofor, yotiq politsiyachi, kamera hamda radar bilan ta'minlanishi lozim.

Xullas, qilinadigan ishlar ko‘p. Yo‘llarimizda harakatlanishni tartibga solish uchun izlanish, turli samarali tajribalardan erinmasdan foydalanaverish kerak. Pirovard maqsad — inson xavfsizligi va salomatligi ekan, har qanday vosita maqsadni oqlayveradi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: