“Xizmatdan kelib Toshkent Farmatsevtika institutiga o‘qishga kirdim. Hozirda Buvayda tumani Xonobod qishlog‘ida yashayman. Bundan 3-4 yil avval o‘g‘il nabira ko‘rdim. Unga Muhammadqodir deb ism qo‘ydik.
Yosh bolalar emaklab yura boshlagandan keyin qumlarga belanib yurishini tasavvur qildim. Ko‘pchilik Xitoyda ishlab chiqarilgan “xodunok” sotib olishib foydalanishadi. Bu moslamani o‘zim yasashni dilimga tugdim.
Dastavval armaturadan ana shunday moslama yasashga kirishdim. Armaturadan kutilgan natija chiqmadi. Keyin plastik trubadan xayolan yasab ko‘rdim. Armaturadan ko‘ra plastikda yasash har tomonlama qulay ekan.
Nogiron bolalar uchun O‘zbekistonda maxsus aravachalar yasalmaydi. Bu ishni oddiy plastik quvurlarda yasashni nihoyat yo‘lga qo‘ydim. Yasagan aravachalarimni Qirg‘izistonning O‘sh shahridan kelib olib ketishdi. Eng quvonarlisi, aravadan foydalangan nogiron bolalarning ko‘pi yurib ketdi.
Hozirda mashina ichidagi o‘rindiqqa osib qo‘yadigan maxsus moslama ham yasab kelyapman”, — deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Abubakr O‘ktamov.
Sarvar Ziyayev tayyorladi.