Oramizdagi odamlar: Keyingi oylikkacha qarz bo‘lib qoladigan o‘t yoquvchi

Jamiyat 16:37 / 28.01.2023 42708

“Yoz faslida qishloqda ish ko‘p bo‘ladi. Qishda ish kamligida bog‘chada o‘t yoquvchi bo‘lib ishlayman. Turmush o‘rtog‘im og‘iroyoqligi uchun hozircha uyda o‘tiribdi. U hech qayerda ishlamaydi. 1-sinfda tahsil oladigan o‘g‘lim bor.

Qishning ayozli kunlaridan sog‘-omon chiqib olsak, to kech kuzgacha kunlik qurilishda ishlashda davom etaman. Asosan qishloqdagi xonadonlarda “beton” quyish ishlari bilan shug‘ullanaman.

Ayni kunlarda havo sovuqligi uchun 24 soatlab ishlayapmiz. Asosiysi xonalarda harorat tushib ketmasligi kerak. Ota-onalar o‘z farzandlarini bizga ishonib topshirib ketishadi. Bunday sovuqda ularning kasal bo‘lmasligi bizga bog‘liq.

Erta sahar soat 4:00 da pechkalarga ko‘mir solishni boshlaymiz. Olov o‘chib qolmasligi uchun doimiy nazorat qilib turamiz. Haftaning shanba va yakshanba kunlari uyga borib kelaman. Boshqa kunlari ishxonada qolishga majburman.

Orada qattiq sovuqlar bo‘ldi. Barcha qatori azob tortdik. Bolalar bog‘chaga kelmagan bo‘lsa-da quvurlar muzlab yorilib ketmasligi uchun pechlarga o‘t yoqib chiqishga to‘g‘ri keldi. Ayrim kunlari “kotyol”lar muzlab ham qoldi. Tuni bilan uxlamay muzni eritib chiqishga to‘g‘ri keldi.

Oylik maoshim 1 million so‘m. Keyingi oylikkacha do‘kondan qarz bo‘lib qolaman. Ro‘zg‘orni amallab tebratib kelyapmiz. Har uch-to‘rt kunda do‘kondan nasiyaga tovuq go‘shti va boshqa mahsulotlar olaman. Sotuvchi daftariga yozib qo‘yadi. Plastik kartamga oylik tushganida qarzimni berib kelaman.

Hayotdagi eng katta orzum o‘g‘limni oliy ma’lumotli qilish. U kelajakda menga o‘xshab qora changga botib ishlamasin deyman.

Olov yaxshi yonishi uchun pech ichini har gal titganimda, ko‘mirni aravaga yuklaganimda ust-boshim qora changga belanadi. Svet o‘chib qolganda ayniqsa qiyinchilik bo‘ladi. Lekin tirikchilik. Kimdir bu ishni qilishi kerak-ku...”– deydi Abdurazzoq Usmonov.

Ushbu hamyurtimizga yordam bermoqchi bo‘lganlar uchun karta ma’lumotlari:

Humo: 9860 2301 0477 4925 Abdurazzoq Usmonov nomida.

Sarvar Ziyayev,
Jahongir Aliboyev,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: