O‘zbekiston hukumati Temu, Netflix va Booking.com kabi xorijiy platformalar oldiga o‘z talablarini qo‘ydi. Qog‘oz nusxasini ko‘tarib yurish shart bo‘lmaydigan hujjatlar soni 20 taga yetadi. Amaldorlar korrupsiyaga moyillik testidan o‘tishi mumkin. Poyezd chiptalari narxi 15 oy ichida to‘rtinchi marta oshirilmoqda. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
20 xil hujjatning qog‘oz shaklini olib yurishga hojat qolmaydi
Raqamlashtirish orqali byurokratiyani kamaytirish borasidagi ishlar 2025 yilda ham davom etadi. 1 iyuldan boshlab pasport, ID-karta va yana bir qator hujjatlarni ko‘tarib yurishga zarurat ancha kamayadigan bo‘ldi. Hukumat qaroriga asosan, fuqarolar jami 20 xil hujjatlarning raqamli shaklini doim o‘z yonida – telefonida olib yurishi mumkin bo‘ladi.
Hujjatlarning raqamli versiyalaridan davlat xizmatlari portalining myGov nomli mobil ilovasi orqali foydalaniladi. Hozir ilovada yashil va qizil pasportlar, ID-karta va haydovchilik guvohnomasining elektron shakli bor. Shular qatoriga yana 17 xil hujjat qo‘shiladi: tug‘ilganlik va nikoh haqidagi guvohnomalar, pensiya va nafaqa guvohnomasi, uy-joy kadastri, avtomobil boshqarish uchun ishonchnoma, texpasport, majburiy sug‘urta va boshqalar shular jumlasidan.
Elektron hujjatlar myGov'dan tashqari “Ijtimoiy karta” mobil ilovasida ham bo‘ladi. 1 iyuldan e’tiboran, bu ilovalardagi hujjatlarning raqamli shakli O‘zbekiston hududida qabul qilinishi majburiy bo‘ladi. Davlat idoralarida, bank va notarius xizmatlaridan foydalanishda, aeroportlarda ichki reyslar uchun ro‘yxatdan o‘tish va mahalliy yo‘nalishdagi poyezdlarga chiqishda, agar hujjatning elektron shakli taqdim etilsa, qog‘oz nusxasi talab qilinmaydi.
Bir yil ichida 50 ta ilmiy va ilmiy-ommabop kitob o‘zbekchaga o‘girildi
Yana bir yaxshi yangilik kitoblar bilan bog‘liq. “Ming kitob” loyihasi dastlabki 50 ta kitobning barchasi tarjima qilib bo‘linganini ma’lum qildi. Ayni paytga kelib tarjimalarga ekspert xulosalari olingan, 26 ta kitob tahrir bosqichidan ham o‘tgan, 19 tasini sahifalash ishlari yakuniga yetgan. Yaqin vaqtlarda kitoblarni chop etish uchun bosmaxonalar o‘rtasida ochiq tender o‘tkazilishi kutilmoqda.
Shu tariqa, ehtimol tarixda birinchi marta dunyo tan olgan ilmiy-ommabop asarlardan naq 50 tasi bir yil ichida o‘zbek tiliga o‘girildi. Prezident qarori asosida boshlangan loyihani Yoshlar ishlari agentligi qoshida tuzilgan loyiha ofisi amalga oshiryapti. Kitoblar ro‘yxatini atoqli olim va ziyolilardan iborat ekspertlar kengashi shakllantiradi. 2024 yilgi ro‘yxatga kirgan 50 ta kitob siyosatshunoslik, iqtisodiyot, tibbiyot, fizika, tarix va boshqa sohalarni qamrab olgan.
Ta’kidlash kerak, O‘zbekistonda dunyo darajasidagi ilmlarni o‘rganish uchun zamonaviy adabiyotlarning nihoyatda kamligi eng og‘riqli muammolardan biri. Shunday sharoitda, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi fan, ta’lim va o‘zbek tilini rivojlantirish sohalarida oxirgi yillarning eng katta voqealaridan biri bo‘ldi. Shunga qaramay, negadir loyiha uchun 2025 yilda ajratilgan mablag‘ salkam 2 barobarga kamaytirib yuborildi: o‘tgan yili 20 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, bu miqdor joriy yilda 12 mlrd so‘mga tushirilgan.
Korrupsiya. FVB boshlig‘i, IIB tezkor xodimi, prokuratura tergovchisi va hokim o‘rinbosarlari ushlandi
U yoki bu korrupsion jinoyat haqida eshitganda, uchiga chiqqan o‘g‘ri va muttahamlar qanday qilib davlat amaldoriga aylanib qoladi, degan savol ko‘pchilikning xayoliga kelgan bo‘lsa kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov bu yo‘nalishda yangi taklif bilan chiqdi. Uning fikricha, davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan va bu lavozimlar uchun zaxirada turgan kadrlarni korrupsiyaga moyillik testidan o‘tkazish kerak.
Bunday tartibning joriy etilishi – noqonuniy boylik orttirish maqsadida davlat ishiga kirganlarni aniqlash, davlat idoralariga halol kadrlarni tanlab olish imkonini beradi, deb hisoblamoqda Akmal Burhonov.
Yangidan yangi tashabbuslar e’lon qilinarkan, eskilari unutilib ketayotgandek taassurot ham yo‘q emas. Masalan, davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash 3 yil oldin boshlanishi, allaqachon korrupsionerlar reyestri tuzilib, bu reyestrdagi shaxslarga davlat ishida ishlash taqiqlanishi kerak edi. Albatta, bularning amalga oshmayotgani Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga bog‘liq emasligini ham aytib o‘tish o‘rinli bo‘ladi.
Ushbu fonda korrupsion jinoyatlar, pora olishlar davom etyapti. So‘nggi kunlarda Pop tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 160 ming dollar bilan qo‘lga olindi. Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tezkor xodimi esa 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. Ayni paytda, Romitan tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Aziz Boboyev firibgarlikda ayblanib sudlanyapti. Guliston shahri hokimining sobiq o‘rinbosari Qodir Dodoyev esa sud hukmi bilan 9 yilga qamaldi. Ma’lum bo‘lishicha, u xitoylik investorlarni 350 ming dollarga chuv tushirgan.
Yana bir holatda, Toshkent shahri Olmazor tumani prokuraturasi tergovchisi 20 ming dollar pora bilan qo‘lga olindi. U jinoyat ishiga jalb qilingan gumonlanuvchiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llamaslikni va’da qilib, buning evaziga 20 ming dollarni sobiq prokuratura xodimi orqali olgan vaqtida ushlangan.
Elektron tijorat sohasida regulyatsiya kuchaymoqda
Xitoyning Temu marketpleysi O‘zbekistonda ham ancha ommalashib borayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. O‘tgan oylarda Temu ichki bozordagi raqobatchilari bilan teng sharoitlarda ishlashi kerakligi haqida matbuotda chiqishlar ko‘zga tashlangan edi. Va mana, ko‘p o‘tmay, bu borada hukumat qarori ham e’lon qilindi. Qaror bilan, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan xorijiy elektron savdo platformalarining faoliyati taqiqlanyapti.
Hujjatga ko‘ra, xorijdagi marketpleyslar, buyurtma agregatorlari va raqamli striming xizmatlari O‘zbekiston bozorida ishlamoqchi bo‘lsa, O‘zbekistonga kelib, shu yerda yuridik shaxs tashkil etishi va mijozlarga o‘z xizmatlarini ana shu yuridik shaxs orqali taqdim etishi kerak.
Oddiyroq aytganda, bu yerda gap Temu, AliExpress, Amazon va Ozon kabi marketpleyslar, Netflix va Spotify kabi striming servislari, Booking.com va Airbnb kabi buyurtma agregatorlarini O‘zbekistonda soliq to‘lashga majburlash haqida ketmoqda. Albatta, rasmiylar gap faqat soliqda emasligini aytadi. Rasman olib qaraganda, shu yo‘l bilan iste’molchilar huquqlari himoya qilish, shaxsga doir ma’lumotlar, mualliflik huquqi, reklama qonunchiligi va boshqa sohalardagi qoidalarga rioya qilinishini ta’minlash maqsad qilingan.
2025 yil 1 iyuldan boshlab, elektron tijorat operatorlaridagi sotuvchilar uchun qo‘shimcha talablar kuchga kiradi. Unga ko‘ra, masalan, Uzum Market orqali mahsulot sotayotgan barcha sotuvchilar – yuridik shaxslardan tortib, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslargacha o‘z hisob-kitoblarini faqat alohida bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirishi kerak bo‘ladi.
Toshkentdan Samarqandga “Afrosiyob” chiptasi – salkam 300 ming so‘m
1 yanvardan bog‘cha puli va benzin narxi oshgan bo‘lsa, 1 fevraldan endi poyezd chiptalari qimmatlashadigan bo‘ldi. Temiryo‘lchilarga ko‘ra, chipta narxlari “Afrosiyob” poyezdlarida 20-25 foizga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” poyezdlarida 30 foizga oshadi. Xususan, Toshkentdan “Afrosiyob”ning ekonom klassiga o‘tirib Samarqandga yetib olish 294 mingga, Qarshigacha 406 mingga, Buxorogacha 484 ming so‘mga aylanadi. Sekin yuradigan oddiy (yotoqli) poyezdlar chiptasining tarif qismi esa 10,5 foizga ko‘tarilmoqda. Bu – temiryo‘l chiptalari narxining 15 oy ichida to‘rtinchi marta oshishi bo‘ladi.
1 fevraldan e’tiboran, shuningdek, Toshkent viloyatida issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oshishi e’lon qilindi. Dollar kursi esa bu hafta ilk marta 13 ming so‘mlik “marra”ni zabt etdi.
Maoshlar haqidagi yangiliklar esa ko‘p emas. Davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, mehnati samarali deb topilgan tibbiyot xodimlariga ustama to‘lash yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Tibbiyot xodimining samarali ishlagani qaysi mezonlar asosida aniqlanishi hozircha ma’lum emas. O‘tgan oyda prezident huzuridagi taqdimotda 2025 yilda tibbiyot xodimlari uchun nafaqat ustama joriy etilishi, balki ularning oylik lavozim maoshi oshirilishi ham ma’lum qilingandi. Ammo bu masala davlat dasturi loyihasiga kiritilmagan.
Ai-80dan voz kechishga navbatdagi urinish
2025 yilgi davlat dasturi loyihasi bilan, Ai-80 benzini sotuvini yil oxirigacha cheklash taklif etilyapti. Bu masala avvalgi yillarda ham bir necha marta ko‘tarilgan, o‘tgan yili sentabrda imzolangan qaror bilan bu boradagi topshiriq ijrosi 2028 yilga qoldirilgandi. Aftidan, atrof-muhitni asrash yilida bu masala yana kun tartibiga qaytgan.
Dastur loyihasida, respublikadagi barcha issiqlik markazlari va elektr stansiyalarida mazutdan foydalanishni shu yildan boshlab taqiqlash, istisno tariqasida mazutni faqat avariyaviy yoqilg‘i sifatida ishlatishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda. Sentyardagi qarorda bu taqiq 2030 yildan boshlab kuchga kirishi, faqat Toshkent shahri va uning atrofidagi stansiyalarga taalluqli bo‘lishi belgilangan edi.
Atmosfera havosini toza saqlash uchun boshqa choralar ham rejaga kiritilgan. Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida asbest va sement ishlab chiqarish, teri-ko‘nchilik va parrandachilik fabrikalari, metallurgiya kabi yo‘nalishlarda yangi zavodlar ochish taqiqlanishi mumkin. Ekologiya uchun koni zarar bo‘lgan plastik paketlarni 2027 yildan boshlab O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish, olib kirish va ulardan foydalanishni taqiqlash ham nazarda tutilgan.
2025 yilgi davlat dasturi loyihasiga kiritilgan yana bir taklif – piyoda yurishni rag‘batlantirish bilan bog‘liq. Taklifga ko‘ra, bir sutka davomida 10 ming qadam yurganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomi berilishi, ularga davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foizlik chegirma taqdim etilishi mumkin. Oilaning barcha voyaga yetgan a’zolari “Ekofaol fuqaro” maqomini olganda, bu oilaga “yashil oila” maqomini berish va har yili shunday oilalardan 14 tasiga lotereya orqali elektromobil berish reja qilingan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi. Davlat rahbarining matbuot xizmati dushanba kuni Shavkat Mirziyoyev mehnat ta’tiliga chiqqanini, juma oqshomida esa ta’tildan qaytganini xabar qildi. Shanba kuni prezident elektrotexnika va transport sohalari bo‘yicha taqdimotlar bilan tanishdi. Kun.uz manbalariga ko‘ra, yil boshida odatdagidek yana bir qator yuqori martabali davlat xizmatchilari ham ta’tilga chiqqan.
Amaldorlarga budjet pullarini tejab ishlatish topshirig‘i berildi. Ma’lum bo‘lishicha, 25 dekabrda imzolangan prezident qarori bilan, 2025 yilni tejamkorlik tamoyili asosida o‘tkazish belgilangan. Respublika ijro organlarida ishlovchi boshqaruv xodimlarining oyliklari yil oxirigacha oshirilmaydi. Hokimlarga esa yil oxirigacha mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan xizmat avtomobillari, qimmatbaho mebellar va ofis jihozlari sotib olish taqiqlangan.
G‘ayrat Do‘stov uchun yig‘ilgan xayriya pullari topshirildi. Ma’lum bo‘lishicha, metan-shoxobchadagi navbatdan shikoyat qilgani uchun qamalib chiqqan Damas haydovchisini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zbekistonliklar jami 101 mln 504 ming so‘m xayriya qilishgan. 6 yanvar kuni faollar Do‘stovni yo‘qlab borib, unga ushbu mablag‘larni topshirishdi.
Import qilingan avtomobillarni sinovdan o‘tkazish uchun navbat uzaymoqda. “Avtodeklarant” kanali 8 yanvar holatiga elektron navbat 12 kungacha cho‘zilganini ma’lum qildi. Kun.uz avvalroq xabar berganidek, Piskentdagi avtopoligonning quvvati sertifikatlanadigan import avtomobillar sonidan 3,5 barobarga kam. Biror chora ko‘rilmasa, navbatlar uzayib boraverishini kutish mumkin. Avtomobilni bojxona omborida saqlash muddatining uzayishi esa qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltiradi.
Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga doir jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda. Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning ma’lum qilishicha, harbiy suddagi mahkama “mutlaqo maxfiy” tarzda o‘tmoqda. “Sudlanuvchilar soni ko‘pligi, qo‘yilayotgan ayblov jiddiyligi va uning jamoatchilik uchun muhimligiga qaramay, yana mavhumlik hukm surmoqda”, deya yozdi Tashanov. Prokuratura va sud organlari hozircha bu haqda xabar bermadi.
Markaziy bank fuqarolar egalik qilishi mumkin bo‘lgan bank kartalarining maksimal miqdorini cheklab qo‘ydi. Endilikda odamlar bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda esa 20 tagacha kartaga ega bo‘lishi mumkin. Bu cheklov virtual va kobeyjing kartalarini ham qamrab oladi, chet el valutasidagi kartalar hisobga kiritilmaydi. Oxirgi 12 oy davomida hech qanday amaliyot bajarilmagan kartalar bloklanadi. Yil oxirigacha amal qilishi aytilayotgan vaqtinchalik tartib borasida Markaziy bank rasman xabar bermadi. Idora avvalroq firibgarlarga qarshi kurashish uchun shunday qilmoqchiligini bildirgandi.
Firibgarlar esa yangidan yangi aldovlarni o‘ylab topishda davom etyapti. Kun.uz'ning o‘rganishlariga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda internetda treding faoliyati yoki Masdar kompaniyasi niqobidagi moliyaviy piramidalar paydo bo‘lgan. Oflayn firibgarliklar bilan bog‘liq yangi holatlar esa doimgidek avtomobil va uy bilan bog‘liq: Toshkentda 200 kishidan ko‘p odamga salondan avtomobil chiqartirib berishini aytgan, lekin va’dasini bajarmagan “Umid avto” rahbari qo‘lga olindi. Navoiyda esa 167 ta xonadondan iborat ko‘p qavatli uyni 425 kishiga sotgan quruvchi qamoqqa olingan.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruzbek Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova