Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 1984 yildan tug‘ilgan A.Q. xotinining bosh qismiga bolta bilan og‘ir tan jarohati yetkazgan.
“21 noyabr kuni soat 16:30 atrofida Farg‘ona viloyati Buvayda tumani Turk mahallasida istiqomat qiluvchi 38 yoshli A.Q. oilaviy kelishmovchilik tufayli turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib, voyaga yetmagan farzandi ko‘z o‘ngida ayolning bosh sohasiga xo‘jalik boltasi bilan bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.
Ushbu holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan” deyiladi xabarda.
38 yoshli ayol N.Q. olgan og‘ir tan jarohati oqibatida shifoxonaga yotqizilgan.
Avvalroq, Jizzax viloyatida mast erkak xotinini do‘pposlagan va oqibatda ayol og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan edi.