«Birinchidan, asosan, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi yoshlar mablag‘ tufayli grant (scholarship) qidirishadi. Lekin test topshirishga va tavakkal qilishga puli bo‘lmaydi. Endilikda IELTS, SAT, TOEFL, GMAT, GRE va yana 13 xildagi xalqaro imtihonlarda yuqori natija ko‘rsatgan yoshlarning imtihon xarajati bilan bog‘liq muammolari bo‘lmaydi. Uning oilasi, ota-onasi ham davlatning yordamini his qiladi.
Birgina IELTS xalqaro imtihonini O‘zbekistonda topshiruvchilar qayd etgan o‘rtacha natija – 5,7 ballni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 6,1 ballni tashkil etadi. Bu borada mamlakatimiz 34-o‘rinda turibdi. Yuqori natija ko‘rsatgan yoshlarning imtihon xarajatlari davlat tomonidan to‘lab berilar ekan, yoshlar yuqori natija uchun, ko‘proq bilim olish uchun harakat qilishlari talab etiladi.
Ikkinchidan, bizda chet elga o‘qish yoki ishlash uchun ketadigan aholining ziyoli qatlami asosan shu xalqaro test tizimlari orqali ketadi. Endilikda bizda bu ziyoli qatlamning bazasi shakllanadi. Bu — davlat uchun o‘ta muhim. Ya’ni iqtidorli va salohiyatli yoshlarning bazasi yaratiladi.
Uchinchidan, «El-yurt umidi» jamg‘armasi uchun yaxlit tizim. Aynan shu Xalqaro test tizimlarida yuqori ball olgan yoshlarni davlat saralab olib, xorijiy oliy ta’lim muassasalariga jo‘nata oladi.
2018-2020 yillarda «El-yurt umidi» jamg‘armasining stipendiyalari orqali xorijda ta’lim olish va stajirovka o‘tash dasturlarining viloyatlar kesimidagi statistikasiga ko‘ra, jamg‘armaning eng ko‘p stipendiati Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda — 695 nafar. Eng kam ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda — 2 nafar. Bundan keyingi o‘rinda Surxondaryo viloyati — 6 nafar. Bu ko‘rsatkichlar viloyatlar kesimida qaralganda juda ham kam. Markazda ko‘p, viloyatda esa kam. Bu tizim orqali barchaga teng imkon berilmoqda.
To‘rtinchidan, davlatning kadrlar siyosati uchun zaxira kadrlar tizimimiz yaratiladi. Albatta, til biladigan, xalqaro imtihonlardan yuqori natija ko‘rsatgan va xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan minglab kadrlarni yetishtiramiz.
Beshinchidan, bu mexanizm — bilimli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, chekka joydagi yoshlarning ham sifatli ta’lim olishiga, xorijning nufuzli ta’lim dargohlarida tahsil olishiga va albatta, davlatimiz uchun foydali kadr bo‘lib yetishishiga keng yo‘l ochadigan tizim bo‘ladi.
Yoshlardan talab qilinayotgan narsa — intilish, harakat va bilim olish. Davlat bugun siz yoshlarga imkoniyatlar eshiklarini ochar ekan, kun kelib, albatta, davlatimizni yanada yuksaltirishga o‘z hissangizni qo‘shishingiz lozim. Belni mahkam bog‘lang, yoshlar! Zamon sizniki, imkoniyatlar sizniki!» – deb yozadi Alisher Sa’dullayev.