G‘azoga qaytgan mahbuslar, katta va’dalar bilan lavozimga kirishgan Tramp va Ozarboyjonda xotirlangan «Qonli yanvar» - kun dayjesti

Jahon 13:16 1471

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil va HAMAS o‘rtasida tuzilgan tinchlik kelishuvi kuchga kirganidan buyon G‘azoga 634 ta yuk mashinasi kiritilgani ma’lum qilindi.

Falastin manbalariga ko‘ra, 310 ta yuk mashinasi G‘azoning shimoliga, qolgan 324 ta yuk mashinasi esa janubiy hududlarga yoqilg‘i, dori-darmon, oziq-ovqat va boshqa zarur tovarlar bilan yetib borgan.

Tinchlik kelishuvining shartlariga ko‘ra, har kuni 600 ta yuk mashinasi bilan G‘azoga gumanitar yordam yetkazish; tinchlikning yettinchi kuni Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat o‘tkazish punktlari ochilishi; uch bosqichli jarayonda asirlar almashinuvi, uzoq muddatli tinchlik va Isroil qo‘shinlarining G‘azodan chiqishi ko‘zda tutilgan.

Isroil dushanba tongda G‘arb sohilidagi Ofer harbiy qamoqxonasidan 90 nafar falastinlik mahkumni ozod etdi. Bu HAMAS bilan tuzilgan asirlar almashinuvi va o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida amalga oshirildi.

Ozod qilinganlar orasida 69 nafar ayol, 8 nafar yosh o‘spirin va 12 nafar erkak bor. Bundan avval HAMAS Qizil Xochga uch nafar isroillik ayol mahbusni topshirgan edi. Bu almashinuv jarayoni va o‘t ochishni to‘xtatishning boshlanishini belgilab berdi.

Donald Tramp lavozimga kirishdi

Donald Tramp 20 yanvar kuni AQSh Kongressida o‘tgan rasmiy tadbirda qasamyod qilib, AQShning 47-prezidenti sifatida o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatini boshladi.

Tramp 2024 yil 5 noyabrdagi saylovlarda raqibi Kamala Harrisni mag‘lub etib, Oq uyga qaytgan edi. Qasamyod marosimida AQSh Oliy sudi raisi Jon Robers qasamyod qabul qilishni boshqargan. Trampning qasamyod vaqtida rafiqasi tutib turgan Injilga qo‘l qo‘ymagani alohida diqqatga sazovor bo‘ldi.

Donald Tramp nimalarni va’da qildi?

Donald Tramp o‘zining lavozimga kirishuv nutqida hamda rasmiy press-relizida Amerika uchun ulkan o‘zgarishlar rejasini e’lon qildi. Prezidentlik faoliyati davomida quyidagi asosiy maqsadlar va vazifalarni amalga oshirishni va’da qildi:

  • Davlatning xalqaro nufuzini oshirish va Amerikani yanada ravnaq toptirish.
  • Hukumat byurokratiyasini tubdan isloh qilish va takomillashtirish.
  • Davlat senzurasini taqiqlash va AQShda so‘z erkinligini tiklash.
  • Sud tizimini adolatli va xolis tarzda qayta tiklash.
  • Kartellarni xalqaro terrorchi tashkilotlar sifatida tan olish.
  • Parij iqlim kelishuvidan chiqish.
  • AQShga Panama kanali nazoratini qaytarish.
  • Meksika ko‘rfazini «Amerika ko‘rfazi» deb qayta nomlash, Denali tog‘ini esa Mak-Kinli tog‘iga aylantirish.
  • AQShda rasman faqat erkak va ayol jinslarini tan olish.
  • Marsda AQSh bayrog‘ini o‘rnatish.

Tramp o‘z chiqishida noqonuniy migratsiya muammosiga alohida urg‘u berib, chegara nazoratini kuchaytirish, noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish hamda ularning mamlakatga kirishiga chek qo‘yish uchun 2019 yildagi qat’iy choralarni qayta joriy etish niyatini bildirgan.

Buning uchun Meksika chegarasida favqulodda holat rejimi joriy etiladi. Bayden ma’muriyatining migratsiyaga oid «ushla va qo‘yib yubor» siyosatiga chek qo‘yiladi, Meksika bilan chegarada devor qurilishi qayta boshlanadi hamda noqonuniy chegarani kesib o‘tgan migrantlarga boshpana berish to‘xtatiladi.

Tramp AQShning janubiy chegarasiga qo‘shinlarni joylashtirish rejasini ham ma’lum qildi.

Tramp migratsiyani «xavfli vaziyat» deb atab, jinoiy o‘tmishi bo‘lgan 500 mingdan ortiq noqonuniy migrantlarni yurtidan chiqarishini aytdi. Bu ko‘rsatkich 2013 yilda Obama ma’muriyati tomonidan qayd etilgan 430 minglik rekordni ortda qoldirishi kutilmoqda.

Putin Trampni tabrikladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Trampni AQSh prezidentligi lavozimiga kirishishi bilan tabriklab, Moskva «Ukraina mojarosi» bo‘yicha Vashington bilan muloqotga tayyor ekanligini bildirdi.

Putinning ta’kidlashicha, Rossiya hech qachon AQSh bilan muloqotdan bosh tortmagan va muloqot «teng huquqlilik va o‘zaro hurmat asosida» bo‘lishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv maqsadi qisqa muddatli sulh emas, balki barcha xalqlarning qonuniy manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan uzoq muddatli tinchlikka erishish bo‘lishi lozim.

Bu orada CNN telekanali Tramp o‘z yordamchilariga Putin bilan telefon muloqotini tashkil etishni buyurganini xabar qildi. Muloqotning maqsadi — Ukrainadagi urushni bartaraf etish uchun uchrashuv tayyorlash.

Zelenskiy ham Trampni tabrikladi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donald Trampning AQShning 47-prezidenti sifatida lavozimga kirishishi munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

Zelenskiy o‘z bayonotida Trampning qat’iyatli siyosatini alohida ta’kidlab, uning «kuch orqali tinchlik» siyosati Amerika yetakchiligini mustahkamlash va adolatli hamda barqaror tinchlikka erishish imkonini berishiga ishonch bildirgan.

«Bu kun — o‘zgarishlar va umid kuni. Prezident Tramp doimo qat’iyatli bo‘lib kelgan va uning «kuch orqali tinchlik» siyosati Amerika yetakchiligini yanada mustahkamlaydi hamda uzoq muddatli va adolatli tinchlikni ta’minlaydi. Bu davr ayni pallada shakllanmoqda va bizning mag‘lub bo‘lishimimizni istovchilar uchun emas, demokratiyalar uchun bu davr buyuk va muvaffaqiyatli bo‘lishini kafolatlash uchun barchamiz hamkorlik qilishimiz zarur. Prezident Tramp, sizga omad tilaymiz! Biz birgalikda kuchlimiz va xavfsizlik, barqarorlik hamda iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olamiz», — degan Zelenskiy.

Tramp va bitkoin

Donald Trampning inauguratsiyasi oldidan bitkoin narxi rekord darajaga yetib, 109 ming dollardan oshdi. Bu o‘sish bozorning Trampning kriptovalutalarni rivojlantirish bo‘yicha va’dalaridan kutgan umidlari bilan bog‘liq.

Bir paytlar bitkoinni «aldov sxemasi» deb atagan Tramp endi kriptovalutalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Saylovoldi kampaniyasida u AQShni «kriptovalutalar poytaxti»ga aylantirish va bu soha uchun yangi qoidalar yaratishni va’da qilgan.

Shanba kuni Tramp o‘zining $TRUMP kriptovalutasini ham ishga tushirdi. Bu tanga tezda milliardlab dollarlik kapitalizatsiyaga erishdi. Undan keyin uning rafiqasi Melaniya ham $MELANIA mem-tangasini taqdim qildi. Har ikkala kriptovaluta Solana blokcheynida ishlaydi.

$TRUMP kriptovalutasi narxi dastlab 70 dollargacha ko‘tarilib ketgan bo‘lsa, $MELANIA tangasi ishga tushirilgandan keyin uning narxi 40 dollargacha tushdi. Dushanba kuni $TRUMP tangasi qaytadan 60 dollargacha tiklandi, $MELANIA tangasi esa 12 dollardan sotilmoqda.

Tramp o‘z ma’muriyati davrida kriptovalutalarni tartibga solish uchun maslahat kengashi tuzish, shuningdek, bitkoinni strategik milliy aktiv sifatida rezervga olishni rejalashtirayotganini e’lon qildi. Kriptovalutalar sohasidagi siyosatni muvofiqlashtirish uchun Devid Saks nomli tadbirkor «kriptovaluta vaziri» etib tayinlandi.

Ozarboyjonda «Qonli yanvar» xotirlandi

1990 yil 20 yanvarda Boku shahrida ro‘y bergan qonli voqealarga 35 yil to‘ldi. Bu voqealar Ozarboyjon xalqining mustaqillik va hududiy yaxlitlik uchun olib borgan kurashining ramzi sifatida tarixga muhrlangan.

Sovet armiyasi qismlari 1990 yil 19 yanvardan 20 yanvarga o‘tar kechasi Boku va boshqa hududlarga kiritilgan edi. Natijada, 147 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 744 kishi yaralangan, 841 fuqaro asossiz ravishda hibsga olingan. Bu fojia Armanistonning hududiy da’volari va Sovet Ittifoqi rahbariyatining ularni qo‘llab-quvvatlashiga qarshi xalq ommaviy chiqishlari ortidan sodir bo‘lgan.

Ozarboyjon xalqi bu qonli kunlarni xotirasida saqlab qoldi va 20 yanvar Vatan uchun jonini fido qilganlarni yodga olish kuni sifatida nishonlanadi. Har yili bu kunda minglab odamlar Bokudagi Shahidlar xiyoboniga tashrif buyurib, mustaqillik va hududiy yaxlitlik yo‘lida qurbon bo‘lganlarni hurmat bilan yodga oladi.

Ko‘proq yangiliklar: