Zelenskiy asirga olingan KXDR askari so‘roqqa tutilgan videoni e’lon qildi

Jahon 12:19 3982

20 yanvar, dushanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ukrainalik tergovchilarning Rossiyaning Kursk oblastida qo‘lga olingan shimoliy koreyalik harbiy xizmatchini so‘roq qilayotgani tasvirlangan videoni joylashtirdi.

«Asirga olingan Shimoliy Koreya askarlari va SBU tergovchilari o‘rtasidagi muloqot davom etmoqda. Bunday askarlarning Rossiya hududiga ko‘chib o‘tishi, ularning tayyorgarligi va to‘liq axborot izolyatsiyasi haqidagi razvedka ma’lumotlari asirlarning so‘zlari bilan tasdiqlanadi», — deyiladi post tagida.

Videoda ko‘rsatilgan yigit Ukraina razvedkasi xodimlari bilan tarjimon orqali muloqot qilib, koreys tilida gapiradi. Ushbu video qayerda va qachon yozib olingani ko‘rsatilmagan.

«Ba’zi Shimoliy Koreya askarlari Rossiyaning og‘ir qurollaridan foydalanishga o‘rgatilgan, biroq men o‘zim bunday tayyorgarlikdan o‘tmaganman», deydi u. Erkak razvedka batalonida xizmat qilganini aytadi. Tergovchining ularni Rossiyaga yetkazgan kemada qancha shimoliy koreyalik askarlar bo‘lgani haqidagi savoliga javob berar ekan, u shunday deydi: «Yuzdan ortiq». Uning so‘zlariga ko‘ra, gap harbiy kema haqida emas, balki Rossiya yuk kemasi haqida ketmoqda. Koreysning bayonotiga ko‘ra, u Rossiyaga kelganidan keyin vatandoshlari bilan poyezdda safarni davom ettirgan.

So‘roq qilingan shaxs Rossiyaga urushda qatnashish uchun ketayotganini bilmaganini aytdi. Qolaversa, u kimga qarshi kurashayotganini bilmagan. Yigitning so‘zlariga ko‘ra, u maktabdan so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri, 17 yoshida armiyaga qo‘shilgan va Shimoliy Koreyadan tashqaridagi dunyo haqida juda kam narsa bilgan.

ISW: Ukraina tez orada Kursk oblastida KXDR harbiylarini yo‘q qilib tashlaydi

Shimoliy Koreya aprel oyi o‘rtalariga qadar Kursk oblastida Rossiya tomonidagi janglarda butun harbiy kontingentini yo‘qotishi mumkin, deb xabar berdi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) 16 yanvar kuni Ukraina va Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga tayanib.

Janubiy Koreya va Pentagon razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan oktyabr oyida Kursk oblastiga 10-12 ming askar yuborgan va bir oy o‘tib ular Ukraina Qurolli kuchlari bilan ilk janglarini boshlagan. Yanvar oyi boshiga kelib, Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning 300 askari halok bo‘lgan, yana 2700 nafari yaralangan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bundan ham ko‘proq — 3800 askar halok bo‘lgani yoki yaralanganini bildirdi. Shunday qilib, ISW tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, shimoliy koreyaliklar kuniga 92 kishini yo‘qotishi mumkin. Bu butun guruh yana 12 haftaga yetishini anglatadi. Yaralangan Shimoliy Koreya askarlarining frontga qaytish-qaytmasligi noma’lum.

Ko‘proq yangiliklar: